Oʻzbekiston U-20 qizlari 45 ming aholiga ega mamlakat termasiga qarshi oʻynadi
Kelgusi yil Tailand mezbonligida 20 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati musobaqasi boʻlib oʻtadi. Kecha, 8-avgust kuni qitʼa boʻylab turnirning 2-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi.
Musobaqaning “G” guruhi oʻyinlariga Oʻzbekiston mezbonlik qilmoqda. Kecha Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Doʻstlik” stadionida saralash bahslari davom ettirildi.
Kunning birinchi bahsida Iordaniya yoshlar terma jamoasi Bahrayn vakillarini 6:0 hisobi bilan magʻlub etdi.
Turning ikkinchi uchrashuvida esa Vladimir Panov boshchiligidagi Oʻzbekiston U-20 qizlar terma jamoasi Shimoliy Marian orollari termasi bilan kuch sinashdi.
Maʼlumot uchun, ushbu mamlakat 45 ming aholiga ega. Solishtirish uchun Toshkent shahridagi eng kichik tuman — Yakkasaroy tumanida ham 130 mingdan ortiq aholi yashaydi. Bu mamlakat FIFAga aʼzo emas. Shuning uchun, faqat OFK bayrogʻi ostida oʻtadigan musobaqalarda ishtirok etadi.
Oʻyinga toʻxtalsak, bahs vakillarimizning 8:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Taʼkidlash kerakki, oʻyin oʻsmirlarimizning toʻliq ustunligi ostida oʻtdi. Umumiy zarbalar boʻyicha 41:0, aniq zarbalar soni boʻyicha 21:0 holati qayd etildi. Toʻp nazorati boʻyicha Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi qizlari 94 foizlik ustunlikka erishdi.
Gollarga Nilufar Nurmuhammadova (2 ta), Mehribon Egamberdiyeva (2 ta), Dilnura Mamaqulova, Diyora Baxtiyorova, Asalxon Aminjonova va Shahnoza Dekanboyeva mualliflik qildi.
Ushbu oʻyindan soʻng Oʻzbekiston U-20 terma jamoasining qator futbolchilari «Xalq soʻzi» uchun maxsus intervyu berdi:
Xususan, oʻyinda dublga erishgan Mehribon Egamberdiyeva ushbu gʻalabani quyidagicha izohladi:
“Biz juda muhim 3 ta oʻyindan 2 tasini oʻtkazdik. Gʻalaba qozonganimizdan xursandman. Nasib etsa uchinchi raqibni ham magʻlub etib Osiyo chempionatiga chiqamiz. Bugun 2 ta gol urdim. Jamoaga yordam bera olganimdan xursandman. Doimo, jamoam uchun, Vatanim uchun borimni berishga harakat qilaman”.
Asalxon Aminjonova (uchrashuvdagi 3-gol muallifi):
“Oʻzbekiston xalqini gʻalaba bilan tabriklayman. Yaxshi oʻyin koʻrsatdik deb oʻylayman. Nasib etsa, keyingi oʻyinda ham yutib Osiyo chempionatiga yoʻl olamiz. Gol urgan holatimda toʻp menga juda qulay holatda keldi va bundan unumli foydalandim. Bundan xursandman. Iordaniya terma jamoasining ikkala oʻyinini ham oʻrganib chiqdik. Nasib etsa, xalqimizning duolari bilan ushbu jamoani ham magʻlub etamiz”.
Terma jamoa yetakchilaridan biri — Shahnoza Dekanboyeva:
“Murabbiymiz bergan barcha koʻrsatmalarni maydonda bajara olganimiz sabab oʻyin ancha yaxshi boʻldi. Gollar borasida ham Iordaniyadan oʻtib oldik. Bundan xursandman. Shimoliy Marian orollari va Bahrayn jamoalariga qarshi oʻynadik. Ulardan Bahrayn nisbatan kuchliroq ekani koʻrildi. Iordaniya termasini oʻrganib chiqmoqdamiz. Ular 4 ta himoyachi bilan tartibli oʻynashmoqda. Kalit paslar juda yaxshi. Individual jihatdan ham kuchli futbolchilari bor. Nasib etsa ushbu jamoani ham magʻlub etamiz”.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston U-20 qizlar terma jamoasi saralashdagi keyingi oʻyinini 10-avgust kuni Iordaniya termasiga qarshi oʻtkazadi. Ushbu oʻyinda qoʻlga kiritilajak gʻalaba yoki durang terma jamoani Osiyo chempionatining final bosqichiga olib chiqadi.
Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring