Oʻzbekiston — Tojikiston: madaniy-gumanitar hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari

12:33 01 Iyun 2021 Siyosat
564 0

Oʻzbek va tojik xalqi asrlar davomida oʻzaro ahil-inoq, bir daryodan suv ichib yashab keladi. Maʼlum vaqt ushbu aloqalarda turgʻunlik, oʻzaro munosabatlarda tanaffus kuzatilgani ham ayni haqiqat. Soʻnggi besh yildan boshlab esa oʻrtadagi qardoshlik rishtalari qayta tiklandi, chegaralar ochildi, “muzlar eridi”. Oʻtgan qisqa davrda ikki davlat oʻrtasidagi yaqin doʻstlik va ishonchga asoslangan aloqalar mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Buni ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Muxbirimiz ushbu mavzu yuzasidan Markaziy Osiyo halqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Ulugʻbek Xalmuminov bilan suhbatlashdi.

— Ikki davlatning oʻzaro madaniy anʼanalari va tarixiy manbalari oʻrtasida qanday umumiylik mavjud deb oʻylaysiz?

— Dastavval taʼkidlash joizki, joriy yilning iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrifi kutilmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Dushanbe shahriga tashrifi doirasida tegishli vazirliklar va idoralar vakillari qatorida, oʻzbek ekspertlari guruhi tomonidan savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va suv energetika sohasidagi oʻzaro aloqalar, shuningdek, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari ishlab chiqiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikistonga tashrifi yakunlari boʻyicha Toshkent va Dushanbe oʻrtasida iqtisodiyot, transport, energetika, savdo-sotiq, qishloq xoʻjaligi, madaniyat, taʼlim kabi qator masalalar boʻyicha bitimlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

Ahamiyatli tomoni shundaki, ikki tomonlama aloqalar Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi mintaqaviy munosabatlarda muhim omil sanaladi.

Barchamizga maʼlumki, qadimdan oʻzbek-tojik xalqlari yagona tarixiy davrni bosib oʻtib, asrlar mobaynida oʻzining umrboqiy moddiy-maʼnaviy qadriyatlari va anʼanalari bilan bir-biriga chambarchas bogʻlangan. Azal-azaldan xalqlarimiz bir daryoning ikki irmogʻidan suv ichib, qoʻshnichilik anʼanalarini yaqin qarindoshlik aloqalari bilan bogʻlagan holda oʻxshash madaniyat, urf-odatlar, yagona din, oʻlmas qadriyatlarga boy millatlar sifatida tilga olinadi. Shu boisdan boʻlsa kerak, bizga ikki tilda gaplashuvchi yagona xalq deya taʼrif berishadi. Shu munosabat bilan bugungi kunda ikki davlat oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va ishonch ruhidagi yaqin munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Shuni taʼkidlash joizki, bu kabi mustahkam aloqalar kecha yoki bugun vujudga kelib qolmadi, balki ming yillar davomida xalqlarimizning qon-qoniga singib, ularning maʼnaviy olamida hamda madaniy hayoti davomida shakllanib, sayqallanib kelmoqda. Kelgusida qardosh ikki xalq oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik singari anʼanalarni, tarixiy-madaniy qadriyatlarni saqlab qolish yoʻlida mustahkam poydevor yaratilmoqda.

Taʼkidlash joizki, xalqlarimizni nafaqat umumiy tarixiy yashash muhiti, oʻxshash anʼanalar, kuy-qoʻshiqlar va marosimlar, balki butunjahon eʼtiboriga molik maʼnaviy meros ham birlashtirib turadi. Ushbu xalqlar yagona mintaqada hayot kechirgani bois ikki millat vakillari oʻrtasida doimiy muloqot paydo boʻlishi tabiiy hol. Barchamizga maʼlumki, qadimdan ajdodlarimiz ikki tilda shoh asarlar va sheʼriy dostonlar, gʻazallar va qasidalar bitib, madrasayu rasadxonalar bunyod etgani ham fikrimizning yorqin dalilidir. Shular qatorida, har ikki davlat yosh avlodi vakillari ham ikki mamlakat oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan mazkur madaniy muloqot namunalari bilan haqli ravishda faxrlanadi va ularni asrab-avaylab izchil davom ettirishga doim intilmoqda.

— Sizningcha zamonaviy Tojikistonda jahon madaniyatining qanday durdonalari saqlanmoqda?

— Tojikiston koʻhna va qadimiy madaniyat oʻchogʻi sifatida, mamlakatda oʻziga xos sanʼat, shaharsozlik bobida yuksak did va mahorat, shuningdek, betakror meʼmoriy obidalari bilan butun dunyoga maʼlum va mashhurdir. Tojikiston mustaqillikning ilk yillaridayoq murakkab iqtisodiy va siyosiy qiyinchiliklarga qaramay, oʻz yoʻnalishini, yaʼni, tarixiy-madaniy obidalarni asrab-avaylash, qayta tiklash va dunyoga namoyon etishdek aniq maqsad va vazifalarini belgilab oldi.

Mutaxassislarning maʼlumotlariga koʻra, hozirgi kunda Tojikistonda 3000 dan ziyod qadimiy va madaniy obidalar, 6 ta davlat majmuasi va tarixiy-madaniy qoʻriqxonalar, turli tarixiy-etnografik muzeylar va koʻplab arxeologik inshootlar mavjud.

Shunisi eʼtiborliki, aynan Tojikiston 1993-yilda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan boʻlib YUNESKO tarkibiga kiritilgan boʻlsa, buning samarasi oʻlaroq butunjahon xalqlari uning koʻhna va ulugʻvor noyob yodgorliklari va oʻtmish durdonalari toʻgʻrisida xabardor boʻldi. Sarazm, Xisor, Koʻlob, Xoʻjand, Xoʻja Mashhad madrasasi, Muhammad Bashoro, Xoʻja Naqshron, Mir Said Ali Xamadoniy, fors tilidagi qadimiy bitiklarni, Muqaddas Qurʼonning kotiblari, qoya suratlari, Budda haykallari, Yamchun qalʼasi, Zonga ibodatxonasi, Karon meʼmorchilik obidasi va “Amudaryo xazinasi”ning aniqlanishi kabi qator noyob manbalarni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Hozirgi kunda mamlakatning ikkita qadimiy inshooti YUNESKO butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan: madaniy ahamiyatga ega boʻlgan qadimiy Sarazm shahri (miloddan avvalgi IV-II asrlar) va tabiiy ahamiyatga ega boʻlgan “Pomir togʻlari” milliy bogʻi.

— Mamlakatlarimizning tarixiy-madaniy merosini oʻrganishda qanday qoʻshma loyihalarni amalga oshirish kerak?

— Hozirgi kunda ikki davlat oʻrtasida madaniy masalalar boʻyicha mintaqaviy Hukumatlararo tashkilot tuzish toʻgʻrisida muzokaralar olib borilayotgan boʻlib, ushbu tashkilotning zimmasiga turli madaniy tadbirlar, jumladan, olimlarning uchrashuvlari, mumtoz musiqiy kechalar va spektakllar, adabiy va ilmiy nashrlar hamda boshqa turdagi tashabbuslarni tashkillashtirish, nazorat qilish vazifasi yuklatiladi.

Rudakiy, Forobiy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Navoiy, Jomiy singari koʻplab buyuk ajdodlarimizning ilm-fan, meʼmorchilik, sheʼriyat va musiqa sohalarida yaratgan, jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotgan madaniy boyliklarni qayta tiklash yoʻlida yakdil harakat qilmogʻimiz darkor. Ming yillar mobaynida, ota-bobolarimiz tomonidan yaratilgan ilm-fan, sheʼriyat, meʼmorchilik, tasviriy sanʼat, dunyoshunoslik, kosmologiya, astronomiya va qator sohalardagi jamlangan maʼnaviy meroslari orqali butun jahon madaniyatini boyitishga hissa qoʻshildi. Aynan madaniy integratsiya bizga maʼnaviy, aqliy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan qayta tiklanishga yordam beradi. 

Binobarin, 2017-yili Oʻzbekistonda Tojikiston va Tojikistonda Oʻzbekiston madaniyat kunlari keng koʻlamda nishonlandi. Ikki qardosh mamlakatning sanʼat dargʻalari oʻrtasida “Doʻstlik kechasi” nomi ostida musiqiy dasturlar namoyishi boʻlib oʻtdi.

— Oʻzbekiston va Tojikiston madaniy-gumanitar sohaning qaysi yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik qilishi mumkin?

— Shuni taʼkidlashni istardimki, umumiy madaniyat va qadriyatlarga ega davlatlar sifatida, ikki xalq oʻrtasida madaniy aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqlarimiz orasidagi keng koʻlamli madaniy-gumanitar aloqalarning ravnaq topishi davlatlararo munosabatlarni mahkam tutib turilishida maʼnaviy poydevor vazifasini oʻtaydi.

Hozirga qadar ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, birgalikda turli tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Ayni paytda oʻzbek va tojik tillarini oʻrganish va oʻrgatish, taʼlim, badiiy, davriy va ilmiy adabiyotlarni oʻzaro almashish, mumtoz va zamonaviy yozuvchilarning asarlarini tarjima qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

2020-yilning avgust oyida Fargʻona viloyatining Rishton tumanida Oʻzbek-tojik doʻstlik uyining ochilishi ushbu sohada erishilgan muhim yutuqlardan biri hisoblanadi. Yaqin kelajakda ushbu muassasada madaniyat kechalari, sheʼriy mutolaalar va ilmiy davra suhbatlar oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Qoʻshni mamlakat bilan madaniy merosni asrab avaylash va bu borada Oʻzbekistonning boy tajribasini keng tatbiq etish boʻyicha oʻzaro aloqalarni mustahkamlash lozim. Samarqand va Panjikent shaharlari oʻrtasida joylashgan tarixiy obidalarni tadqiq qilishda qoʻshma hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, Samarqanddagi Afrosiyob yodgorligini konservatsiya va restavratsiya qilishda Tojikistondagi Sarazm yodgorligini qayta tiklash masalasida oʻzaro tajriba almashish zarur deb oʻylayman.

— Taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlik salohiyatlari qanchalik yuqori deb oʻylaysiz?

— Bugungi kunda Tojikiston maktablarida oʻzbek tilida taʼlim beruvchi sinflar soni 5 mingga, oʻzbek tilida tahsil oluvchilar soni esa 100 ming nafarga yaqinlashdi. Oʻzbekiston Tojikistoning Soʻgʻd viloyatiga 630 oʻrinli maktab qurib topshirdi. Akademik B. Gʻofurov nomidagi Xoʻjand davlat universitetida oʻzbek filologiyasi boʻyicha kadrlar tayyorlovchi yirik maktab tashkil etilgan. Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiyga atab qoʻyilgan yodgorlik ikkala mamlakat tomonidan iliq kutib olindi.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasining xalq taʼlimi tizimida tojik tilida taʼlim beruvchi maktablar soni qariyb 255 tani tashkil etsa, shundan 90 tasida faqat tojik tilida taʼlim beriladi.

Bir necha oliy taʼlim dargohlarida, jumladan, Samarqand, Termiz, Fargʻona davlat universitetlarida tojik tilida mashgʻulotlar olib borilmoqda. Oʻzbekistonning 5 ta oliy taʼlim muassasasida tojik tilida taʼlim beruvchi maktablar uchun bakalavriatning “Filologiya va til oʻrganish: Tojik tili”, “Tojik tili va adabiyoti” hamda «Boshlangʻich taʼlim (tojik tili)» yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi. 2019-2020 oʻquv yilida “Filologiya va til oʻrganish: Tojik tili” yoʻnalishi boʻyicha 110 nafar bitiruvchi taʼlimni yakunladi.

Ayni paytda Tojikistonda oʻzbek tilida faoliyat olib borayotgan 10 dan ortiq nashrlar mavjud boʻlib, Dushanbe shahrida oʻzbeklar jamiyati tomonidan «Xalq soʻz» gazetasi chop etiladi. Xoʻjand shahrida “Oʻzbek milliy maʼnaviyat va maʼrifat markazi” tomonidan “Maʼnaviyat” gazetasi va «Sharqnoma» jurnali oʻzbek tilida chop etiladi. Shuningdek, bir haftada bir marta OAVda jumladan, televideniye va radioda oʻzbek tilida dastur va eshittirishlar olib boriladi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?