O‘zbekiston temir yo‘llari: yuksalish va taraqqiyot yo‘li

15:06 07 Noyabr 2024 Jamiyat
343 0

Foto: Sirojiddin Vohidov, Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Po‘lat izlar xalq xo‘jaligining strategik tarmoqlaridan hisoblanadi. Shu bois, ular iqtisodiyotning qon tomirlari bilan qiyoslanadi.

O‘zbekiston hududida temir yo‘llarning rivojlanish tarixi 1874 yilda boshlangan. XIX asr 80-yillarining birinchi yarmida temir yo‘l Kaspiy dengizidan boshlab, Qizil Arvat va Ashxobodga, keyinchalik Chorjo‘ygacha, 1888 yilda esa Samarqandga kirib kelgan.

1906 yilda Orenburg-Toshkent yo‘nalishida temir yo‘l qurilib foydalanishga topshirilgan.

1994 yil 7 noyabr — O‘zbekiston temir yo‘lchilari uchun g‘oyatda muhim bo‘lgan tarixiy hujjat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga imzo chekildi. O‘sha yildan boshlab, mamlakat transport tizimida yangi sahifa ochilib, tarmoqda qurilish, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish bo‘yicha turli xil yirik loyihalarni amalga oshirish boshlandi.

2002 yil Uzunligi 341,6 kmni tashkil qiluvchi “Navoiy—Uchquduq—Sulton Uvaystog‘—Nukus” yangi temir yo‘l liniyasi;

2003 yil Uzunligi 681 metrlik Amudaryo ustidan o‘tuvchi temir yo‘l va avtomobil qo‘shma ko‘prigi;

2007 yil Uzunligi 223 kilometr bo‘lgan “Toshg‘uzor—Boysun—Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l liniyasi;

2010 yil Uzunligi 75 kilometrlik “Hayraton—Naybobod—Mozori Sharif” temir yo‘li;

2016 yil Mamlakat temir yo‘li tarixidagi ulkan loyiha, Qamchiq dovoni bo‘ylab, uzunligi 123,1 km bo‘lgan “Angren—Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘li hamda uzunligi 19,2 kmni tashkil qilgan “Qamchiq” temir yo‘l tunneli qurildi.

Ushbu magistral Farg‘ona vodiysi viloyatlarini mamlakatimizning qolgan hududlari bilan bog‘lab, yurtimizda yagona milliy temir yo‘l tizimini yaratish borasidagi rejalarni to‘liq amalga oshirishga zamin yaratdi. Mazkur temir yo‘l kelajakda,“Xitoy—Markaziy Osiyo—Yevropa” yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.

Xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi yangi loyihalar, mamlakat iqtisodiyoti rivojiga impuls beradigan sanoat korxonalari, temiryo‘l infratuzilmasining yangi qiyofa kasb etishi, bir so‘z bilan aytganda 2016 yildan boshlab, temir yo‘l transporti o‘zining yangi rivojlanish davriga qadam qo‘ydi.

O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan lokomotivlar parkini modernizatsiyalash, yangilash bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi. O‘tgan 30 yil davomida 20 ga yaqin teplovoz, 120 ta zamonaviy elektrovoz xarid qilinib, tarmoq lokomotiv parkidagi teplovoz hamda elektrovozlar soni jami 500 taga yetkazildi. Bundan tashqari, 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari yurtimizga keltirilib, bugungi kunda xalqimizning uzog‘ini yaqin qilmoqda.

Yo‘l xo‘jaligining tajribali mutaxassislari, 2017 yilda uzunligi 355 kilometr bo‘lgan “Buxoro-Miskin” yangi temir yo‘l liniyasini qurib foydalanishga topshirdilar. Ilgari Toshkentdan Urganchga boradigan poyezdlar, “Navoiy—Uchquduq—Miskin” magistrali bo‘ylab 1064 km yo‘l bosib harakatlangan bo‘lsa, yangi temir yo‘l yo‘nalishi bu masofani 100 kmga qisqartirdi.

O‘tgan davr mobaynida 2 ming km yangi temir yo‘l qurilib, 3 ming km dan ziyod po‘lat izlar ta’mirlandi. Hozirgi kunda kelib, mamlakatimiz temir yo‘llarining umumiy uzunligi qariyb 7500 km ga yetkazildi.

O‘tgan 30 yil mobaynida tarmoqda elektrlashtirish borasida ham salmoqli ishlar bajarilib, 15 ga yaqin loyihalar amalga oshirilishi natijasida, uzunligi 2161 km temir yo‘l elektrlashtirilib, bunday po‘lat izlarning uzunligi qariyb 3329 kmga yetkazildi. (1994 yil 1168 km — 2024 yil 3329 km)

Mamlakatimiz temir yo‘l transporti kun sayin rivojlanib, qatnovlar soni ko‘payishi natijasida, yo‘lovchi vagonlarga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Shuni inobatga olgan holda, “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi”da bugungi kunda 20 turga yaqin yangi yo‘lovchi hamda texnik vagonlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

2001-2024 yillarda korxonada kooperatsiya orqali ehtiyot qismlarning 70 foizi mahalliylashtirilib, 400 taga yaqin yangi yo‘lovchi vagoni qurildi va 12500 ta yo‘lovchi vagoni ta’mirlandi hamda 116 ta metropoliten vagonlari modernizatsiya qilinib, xizmat muddati uzaytirildi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan soha xodimlari tomonidan Markaziy Osiyoda yagona Toshkent yer usti metropoliteniga asos solindi.

Bugungi kunda umumiy uzunligi 23,7 kilometr bo‘lgan 14 bekatdan iborat bo‘lgan yer usti halqa metro liniyasi poytaxt aholisi va mehmonlariga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.

2024 yil Davlat rahbari tashabbusi bilan boshlangan, Qoraqalpog‘iston Respublikasini Xorazm viloyati bilan bog‘laydigan, uzunligi 85 km bo‘lgan Shovot—Qorauzak yangi temir yo‘l liniyasi, shuningdek, Amudaryo ustidan o‘tuvchi 423 metrli temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi qurib foydalanishga topshirildi.

Bu yo‘nalishdagi masofani 156 kmga, poyezdlarning harakat vaqtini esa 2 yarim soatga qisqartirish imkonini bergan ushbu ko‘prikdan, kuniga o‘rtacha 12 mingta avtomobil va 24 juft poyezd harakatini amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, loyihaga muvofiq barcha qulayliklarga ega Gurlan va Mang‘it vokzallari ham barpo etildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining zamonaviy axborot texnologiyalarini rivojlantirish va raqamli transformatsiya qilish maqsadida IT-markazi tashkil etildi. Ushbu markazda qisqa vaqt mobaynida 10 dan ziyod dasturiy ta’minot ishlab chiqarilib foydalanishga topshirildi.

— Elektron chipta sotish tizimi joriy etildi va ayni paytda chiptalarning 72 foizi elektron shaklda sotilmoqda.

— Yagona dispetcherlik markazida raqamli “Situasion markaz” tashkil etildi. Ushbu markaz orqali temir yo‘l transporti haqidagi axborotlarni geoaxborot ko‘rinishida tasvirlash, aniqlash, nazorat qilish va tahlil etish ishlari amalga oshiriladi.

— Yuk tashuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Yagona darcha” milliy axborot tizimi yaratildi. Hozirda mahalliy yuklarning 99 foizi ushbu qulay tizim orqali rasmiylashtirilmoqda.

— Raqamlashtirish natijasida asosiy temir yo‘l uchastkalarining o‘tkazuvchanligi 30 foizga, yo‘lovchi tashish hajmi 15 foizga oshdi, ekspluatatsiya xarajatlari esa 7 foizga qisqardi.

— Yuk qabul qiluvchi va jo‘natuvchilar uchun bojxona hujjatlarini qisqa vaqt ichida rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.

— Temir yo‘l tizimi sanoat korxonalarida yuk va yo‘lovchi vagonlarni ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar shaxsan Prezidentimiz e’tiborida bo‘lmoqda.

Joriy yilda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Koreyaning “Hyundai-Rotem” kompaniyasi bilan 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektro poyezdlarini xarid qilish bo‘yicha o‘zaro shartnoma imzoladi. Ushbu zamonaviy elektro poyezdlar dastlab “Toshkent—Buxoro—Xiva”, keyinchalik esa, “Toshkent—Buxoro—Nukus” yo‘nalishida harakatlanadi.

Mintaqamizdagi iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan “Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish borasida muhim hujjat imzolandi. Bu esa kelajakda mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshiradi hamda Xitoyni mamlakatimiz bilan bog‘lovchi quruqlikdagi eng qisqa yo‘lga aylanadi.

Temir yo‘l sohasida zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalarga ega yosh mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jamiyat tasarrufidagi talim muassasalari hamda Toshkent davlat transport universitetini har yili 3 ming nafarga yaqin mutaxassis bitirib, temir yol transportining turli korxona va tashkilotlarida ish bilan taminlanmoqda. Bundan tashqari, oxirgi 8 yilda Rossiya, Germaniya, Avstriya, Koreya va boshqa davlatlarning temir yol sohasidagi nufuzli oliy oquv yurtlarida tahsil olib kelgan 700 nafarga yaqin yosh mutaxassislarning barchasi toliq ish bilan taminlandi.

Bugungi kunda barcha sohalar qatori temir yo‘l tizimi oldida ham o‘ta dolzarb vazifalar turibdi.

Ko‘p millatli va hamjihat “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati jamoasi o‘zining fidokorona mehnati, boy tajribasi va bunyodkorlik salohiyati evaziga oldinga qo‘yilgan ushbu vazifalarni vijdonan va o‘z muddatida bajaradi.

Foto: Sirojiddin Vohidov, Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер