Oʻzbekiston suv inqirozi ostonasidami?

14:20 22 Fevral 2026 Jamiyat
65 0

Bugungi kunga kelib global iqlim oʻzgarishi dunyo hamjamiyati uchun asosiy muammolardan biriga aylanib ulgurdi. Xalqaro tahlilchilar iqlim oʻzgarishining eng xavfli nuqtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari turganini taʼkidlashmoqda. Gap shundaki, Markaziy Osiyoda harorat global oʻrtacha koʻrsatkichdan 2 baravar tezroq koʻtarilib, muzliklarning shiddat bilan erishiga sabab boʻlyapti.

Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi yarim asrda Tyan-Shan va Pomir togʻlaridagi muzliklarning 30 foizi erib ketgan. Bu shunchaki muz emas, balki daryolarimizni yil boʻyi suv bilan taʼminlab turadigan “tabiiy omborlarimiz” kamayib borayotganidan dalolatdir. Hozirgi vaqtda muzliklar erigani hisobiga daryolarda suv koʻpdek tuyulishi mumkin, lekin bu vaqtinchalik boʻlib, muzliklar erib tugagach, daryo oqimlari keskin kamayadi.

Oʻzbekiston suv borasida chegaradosh qoʻshni davlatlarga bogʻliq boʻlib, mamlakatimiz boʻylab sarflanayotgan umumiy suvning 80 foizi tashqi manbalardan, qolgan 20 foizi esa yogʻingarchiliklar, yer-osti suvlari hamda Respublikamiz hududidagi togʻ muzliklarining erishi hisobiga shakllanadi.

Soʻnggi tadqiqot natijalari kishini jiddiy mushohadaga chorlaydi: 2030-yilga borib mamlakatimizda suv taqchilligi 7 milliard kub metrga, 2050-yilga kelib esa naq 13 milliard kub metrga yetishi bashorat qilinmoqda. Bu shunchaki raqamlar emas, balki kelajak avlod oldidagi masʼuliyatimiz haqidagi bongdir. Afsuski, bunday xavotirli tahlillarga qaramay, suvga boʻlgan bepisand munosabatimiz hamon oʻzgarishsiz qolmoqda. Eng ogʻriqli nuqtamiz eskirgan sugʻorish tizimlaridir. Bugun qishloq xoʻjaligi uchun ajratilayotgan har 10 litr suvning 4 litri eskirgan ariq va kanallar sabab dalaga yetib bormay, yoʻlda isrof boʻlmoqda. Bu mehnatning, boylikning va hayot manbaining behudaga yerga singib ketishidir.

Oʻzbekistondagi suv tanqisligining ildizlari faqatgina iqlim oʻzgarishi bilan cheklanmay, tizimli ichki muammolar bilan ham chambarchas bogʻliqdir. Soʻnggi tadqiqotlarga koʻra, mintaqamizda harorat global oʻrtacha koʻrsatkichdan qariyb 3 baravar tezroq koʻtarilmoqda. Hozirda mamlakatimizda foydalaniladigan jami suv resurslarining qariyb 90 foizi qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltiriladi, biroq bu resursdan foydalanish samaradorligi hamon past darajada qolmoqda.

Respublika boʻyicha mavjud sugʻorish tarmoqlarining qariyb 66-70 foizini hanuz tuproq oʻzanli kanallar tashkil qiladi. Bu esa har yili oʻrtacha 13-14 milliard kub metr suvning dalaga yetib bormasdan yerga singib ketishiga olib keladi. Hukumatimiz ushbu yoʻqotishlarni kamaytirish uchun 13 ming kilometrdan ortiq magistral kanallarni betonlashtirishni maqsad qilgan boʻlsada, isrofgarchilikning iqtisodiy zarari yiliga milliardlab dollarni tashkil etmoqda.

Vaziyatni yanada murakkablashtiruvchi yana bir omil bu shiddatli demografik oʻsishdir. 2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekiston aholisi 38,2 milliondan oshdi. Prognozlarga koʻra, 2030-yilga borib aholi soni 41 milliondan ortishi mumkin. Doimiy aholi sonining oʻsishi nafaqat ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojni, balki oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish uchun zarur boʻlgan suv miqdorini ham karrasiga oshiradi.

Hisob-kitoblar soʻnggi yillarda jon boshiga toʻgʻri keladigan yillik suv miqdori 1 500 kub metrdan pastlab ketganini koʻrsatmoqda. Agar suvdan foydalanish madaniyati oʻzgarmasa, 2050-yilga borib bu koʻrsatkich 1000 kub metrdan pastga tushadi. Bu xalqaro meʼyorlarga koʻra oʻta xavfli “suv stressi” chegarasidir.

Bundan tashqari, sanoatlashish jarayoni va shaharlarning kengayishi suvga boʻlgan raqobatni kuchaytirmoqda. Masalan, Toshkent shahrida bir kishi kuniga oʻrtacha 230-270 litr suv sarflamoqda, bu esa jahon meʼyorlaridan qariyb 2 baravar koʻpdir. Yer osti suvlaridan nazoratsiz foydalanish oqibatida koʻplab hududlarda suv sathi keskin pasayib ketgan. Bu zanjirli reaksiya natijasida nafaqat iqtisodiyot, balki butun ekotizim barqarorligi xavf ostida qolmoqda.

Oʻzbekistonning suv xavfsizligi masalasi faqat ichki tejamkorlik bilan hal boʻlmaydi, chunki asosiy suv manbalarimiz transchegaraviy xarakterga ega. Amudaryo va Sirdaryo havzasidagi beshta davlat manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash yildan yilga murakkablashib bormoqda. Yuqori oqimdagi Tojikiston va Qirgʻizistonning energetik ehtiyojlari hamda quyi oqimdagi Oʻzbekiston va Turkmanistonning sugʻorish talablari oʻrtasidagi ziddiyat iqlim oʻzgarishi sababli yanada keskinlashishi mumkin.

Vaziyatni tubdan oʻzgartirayotgan yana bir jiddiy tashqi omil Afgʻoniston shimolida qurilayotgan Qoʻshtepa kanalidir. 2026-yil boshiga kelib, kanalning birinchi va ikkinchi bosqichlari qurilishida sezilarli siljishlar kuzatildi. Uzunligi 285 kilometr, kengligi esa 100 metrni tashkil etuvchi ushbu inshoot Amudaryo suvidan foydalanish boʻyicha mintaqadagi koʻp yillik tartibni butunlay oʻzgartirib yubormoqda. Soʻnggi hisob-kitoblarga koʻra, kanal toʻliq ishga tushgach, Amudaryo oqimining qariyb 20-25 foizi (yiliga 10-15 milliard kub metr) hajmi Afgʻonistonga harakatlanishi mumkin.

Mazkur koʻrsatkich, ayniqsa, suv tanqisligi choʻqqiga chiqqan “kam suvli” yillarda Oʻzbekistonning quyi oqim hududlari Xorazm, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasi uchun halokatli boʻlishi mumkin. Muammoning huquqiy tomoni shundaki, Afgʻoniston mintaqaviy suv taqsimoti boʻyicha xalqaro kelishuvlarga aʼzo emas. Bu esa Oʻzbekiston uchun yangi va murakkab diplomatik maydonni vujudga keltirdi. Bundan tashqari, kanalning muhandislik darajasi mutaxassislarda xavotir uygʻotmoqda. Jumladan, agar kanal oʻzani sifatli betonlashtirilmasa, suvning katta qismi shunchaki qumga singib, besamar isrof boʻlishi mumkin.

Ushbu geosiyosiy vaziyat Oʻzbekistondan faqat ichki tejamkorlikni emas, balki faol va konstruktiv “suv diplomatiyasi”ni talab qilmoqda. 2026-yilga kelib, mintaqa davlatlari umumiy daryo havzalarini boshqarishda yagona raqamli monitoring tizimini oʻrnatishi va Afgʻonistonni ham ushbu muloqot stoliga jalb qilishi hamda adolatli kvotalar ishlab chiqishi hayotiy zaruratga aylandi. Aks holda, suv resurslari ustidagi raqobat kelajakda mintaqaviy barqarorlikka raxna soluvchi asosiy omil boʻlib qolishi mumkin.

Oʻzbekiston duch kelayotgan suv tanqisligi shunchaki ekologik muammo emas, balki davlatdan tub islohotlarni talab qiladigan iqtisodiy va ijtimoiy chorlovdir. Mavjud vaziyatdan chiqishning yagona yoʻli suvni boshqarishning eskirgan modelidan voz kechib, yuqori samaradorlikka asoslangan intensiv modelga oʻtishdir.

Birinchi navbatda, qishloq xoʻjaligida tub burilish yasash shart. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish suv sarfini 50 foizgacha kamaytiradi va hosildorlikni 20-30 foizga oshiradi. 2026-yil holatiga koʻra, Oʻzbekistonda sugʻoriladigan yerlarning qamrovi kengayib borayotgan boʻlsada, yaqin yillarda bu texnologiyani kamida 60 foiz maydonga joriy etish strategik vazifa boʻlib qolmoqda. Bu nafaqat suvni tejash, balki oziq-ovqat xavfsizligini kafolatlashning yagona yoʻlidir.

Ikkinchi muhim qadam irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishdir. Mamlakatdagi yirik kanallarni betonlashtirish boʻyicha boshlangan “zarbdor loyihalar” orqali qumga singib ketayotgan milliardlab kub metr suvni asrab qolish mumkin. Bu borada “Raqamli suv xoʻjaligi” tizimini joriy etish, yaʼni suv taqsimotini inson omilisiz, masofadan boshqariladigan “Aqlli suv” datchiklari orqali nazorat qilish isrofgarchilikka chek qoʻyadi. Bunday tizimlar har bir tomchi suvning qayerga va qancha miqdorda sarflanganini soniyalar ichida aniq hisoblab beradi.

Shuningdek, iqtisodiyotni suv tejamkorligiga moslashtirish, yaʼni “suv sigʻimi” past boʻlgan ekin turlari va sanoat texnologiyalariga sarmoya kiritish lozim. Gʻoʻza va sholi kabi koʻp suv talab qiladigan ekinlar maydonini optimallashtirish, ularning oʻrniga eksportbop bogʻdorchilik va dukkakli ekinlarni kengaytirish zarur. Shu bilan birga, oqova suvlarni tozalash va ulardan takroran foydalanish koeffitsiyentini hozirgi darajadan kamida 30-40 foizga koʻtarish shaharlarning suv taʼminoti barqarorligini taʼminlaydi. Zero, suv resurslarini boshqarishda texnologiya va intizom birlashmas ekan, kelajakdagi suv tanqisligini yengib boʻlmaydi.

Jahongir Salaydinov,

Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish,

choʻllanishga qarshi kurashish agentligi bosh mutaxassisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер