Oʻzbekiston — SHHT: tinchlik va taraqqiyot yoʻlidagi samarali hamkorlik
Maʼlumki, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi zamonning eng dolzarb muammolarini samarali hal qilishda, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda katta hissa qoʻshib kelayotgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.
1996-1997-yillari “Shanxay beshligi” nomi bilan tashkil etilgan hamda 2001-yili Oʻzbekistonning aʼzo boʻlib kirishi bilan “Shanxay hamkorligi tashkiloti” nomini olgan mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Mintaqaviy xavfsizlikni kafolatli taʼminlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va giyohvand moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.
Oʻtgan 20 yil mobaynida mintaqaviy va xalqaro vaziyatda keskin oʻzgarishlar roʻy berayotgan bir sharoitda SHHT oʻzini koʻp tomonlama hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Qisqa davrda tashkilot salmoqli shartnomaviy-huquqiy bazaga ega boʻldi, institutsional jihatdan toʻlaqonli tuzilma sifatida shakllandi, qator tarkibiy organlari tashkil qilinib, ularning barqaror faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Taʼkidlash joiz, tashkilot “Shanxay ruhi” negizida tashkil qilingan boʻlib, ushbu tamoyil oʻzaro ishonch, manfaat, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish, umumiy taraqqiyotga intilish kabi asoskor qoidalarni oʻzida muajassam etadi. “Shanxay ruhi” tashkilotga aʼzo davlatlarning siyosiy, harbiy va iqtisodiy qudrati har xil oʻlchamda boʻlishiga qaramay, ularning barchasi teng va hamjihatligini bildiradi.
Chunonchi, SHHT doirasida barcha qarorlarning konsensus asosida qabul qilinishi tamoyili ham “Shanxay ruhi”ning mazmun-mohiyatini va uning mukammal tuzilma sifatida namoyon etadi. Ushbu tamoyil tashkilotning “oʻrta” va “kichik” salohiyatli aʼzolariga jahonning qudratli kuch markazlari hisoblangan Xitoy va Rossiya bilan bir qatorda, SHHT ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda faol va teng huquqli ishtirok etish imkonini beradi.
Agar SHHTni boshqa mintaqaviy va transmintaqaviy xalqaro tashkilotlar bilan solishtiradigan boʻlsak, u naqadar katta kuch va salohiyatga ega ekanini koʻramiz. SHHTga aʼzo davlatlarning ikkitasi, yaʼni Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari hisoblanadi. Dunyo aholisining deyarli yarmi SHHTga aʼzo mamlakatlarda istiqomat qiladi.
Tashkilotning umumiy makoni Yevrosiyo hududining 60 foizini egallaydi. SHHTga aʼzo davlatlarning yalpi ichki mahsuloti jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 23 foizini tashkil qiladi.
Oʻzbekiston ana shunday nufuzli tashkilotning teng huquqli aʼzosi sifatida u bilan oʻzaro aloqalarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratib kelmoqda. “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti bilan aloqalarning rivojlanishi Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qoladi”, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yil yanvar oyida Oliy Majlisga Murojaatnomasida.
Mamlakatimizning soʻnggi yillarda SHHT doirasidagi faoliyatini tashabbuskorlik va pragmatizm tamoyillari ustuvor boʻlib borayotgani bilan ifodalash mumkin. SHHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlariga toʻliq mos keladi.
Chunonchi, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston SHHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi: Prezident farmoni bilan Toshkentdagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi, Tashkilotga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yoʻlga qoʻyildi, Samarqanddagi Ipak yoʻli xalqaro turizm instituti barpo etildi. Bu poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qoʻshimcha tuzilmalar sifatida Oʻzbekistonning ahamiyatini yanada kuchaytiradi.
Umuman olganda, oʻtgan 5 yil mobaynida Oʻzbekiston tomoni 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu ancha jiddiy va katta koʻrsatkich hisoblanadi. Eng muhimi, Oʻzbekiston tashkilot doirasida oʻz tashabbuslari shunchaki eʼlon qilmasdan, balki ularni amaliy chora-tadbirlar orqali hayotga faol joriy etayotgani bilan ajralib turadi.
SHHT Davlat rahbarlari kengashining 2020-yil oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasi raisligida boʻlib oʻtgan navbatdagi cammitida davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida “Shanxay ruhi”ni mustahkamlashning muhimligiga katta eʼtibor qaratib, global xatar va tahdidlarni yaxshi qoʻshnichilik, teng huquqlilik, oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish yoʻli bilan yengish mumkinligini taʼkidladi. “Har birimiz kuchli boʻlgan taqdirdagina, SHHT ham kuchli boʻladi, – deb alohida taʼkidladi Prezidentimiz. – Buning uchun bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashimiz, kun tartibimizdagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlashimiz, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega”.
Mamlakatimiz SHHT faoliyatini yangi mazmun bilan toʻldirish, mintaqalararo transport va tranzit yoʻlaklarini yaratish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalarini izlash, iqlim va ekologik tahdidlarga qarshi kurashda aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarni birlashtirish kabi istiqbolli yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratmoqda.
Oʻzbekiston SHHTning amaliy ahamiyatini va xalqaro obroʻsini oshirish uchun uning yangi kun tartibini shakllantirishga oʻz konstruktiv hissasini qoʻshishga tayyorligini namoyon etmoqda.
SHHTning 16-17-sentyabr kunlari Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan yubiley sammitida SHHTning 20 yillik faoliyatining asosiy natijalari, tashkilot doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilinishi kutilmoqda. Bu Tojikiston oʻz istiqlolining 30 yillik tantanalarini keng nishonlayotgan ushbu bayram kunlariga ulanib ketayotganida katta ramziy maʼno bor va Dushanbeda sammitga nihoyatda katta tayyorgarlik koʻrilganini eʼtirof etish lozim.
Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashadilar, koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan misli koʻrilmagan global inqiroz oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha SHHT doirasida qoʻshma qadamlarni koʻrib chiqadilar.
Dushanbedagi SHHT sammiti yakunlari boʻyicha SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Eron Islom Respublikasini SHHTga aʼzo davlat sifatida qabul qilish jarayoniga start berish toʻgʻrisidagi qarorini qabul qilish kutilmoqda. Bundan tashqari, Misr Arab Respublikasi, Qatar davlati va Saudiya Arabistoni Podshohligi bilan “muloqot boʻyicha sherik” maqomini berish rejalashtirilmoqda. Aytish kerakki, soʻnggi yillarda muloqot boʻyicha sheriklik yoʻnalishiga katta urgʻu berilmoqda. Hozirgacha Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya, Shri-Lanka kabi davlatlar bunday maqomga egadir.
Sammitda shuningdek, SHHTning yangi Bosh kotibi va SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi direktori toʻgʻrisida qarorlar hamda SHHT madhiyasining qabul qilinishi kutilmoqda. Yangi madhiya Sammit yakunida birinchi marta yangraydi. Tarixiy SHHT sammiti natijasida SHHTning 20 yilligiga bagʻishlangan Dushanbe deklaratsiyasi va oʻttizga yaqin qaror qabul qilinadi.
Kun tartibidan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik dasturi, xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash masalasi boʻyicha harakatlar rejasi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy salbiy oqibatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi, yashil belbogʻ dasturi, sayyohlik va madaniyat poytaxtlari haqidagi nizom, shuningdek boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik boʻyicha anglashuv memorandumlarini tasdiqlash oʻrin olgan.
Umuman, Sammit yakuni va uning doirasida qabul qilinishi kutilayotgan barcha muhim hujjatlar “Shanxay ruhi”ni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Afgʻonistondagi murakkab vaziyatni keng muhokama etishlari kutilmoqda. Chunki ushbu davlatda tinchlikni oʻrnatish SHHTning barcha aʼzolari uchun strategik masaladir.
Sammit – ushbu muammoni muhokama qilish uchun juda qulay diplomatik “maydon” hisoblanadi. Xususan, Afgʻoniston bilan oʻzaro munosabatlar, jafokash afgʻon xalqiga har tomonlama yordam va koʻmak berishni kuchaytirish bilan bogʻliq barcha masalalar atroflicha muhokama qilinishi kutilmoqda.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratib, kelgusida Afgʻonistonga ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatishning aniq dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda. Hozirda mamlakatimiz gumanitar inqirozga yoʻl qoʻymaslik uchun bu davlatga zaruriy oziq-ovqat, neft va elektr energiyasini yetkazib berishda davom etmoqda.
Chunki hozirgi murakkab bir paytda bu davlatni yakkalab qoʻyish mavjud vaziyat va taranglikni yanada kuchaytiradi xolos. Shu sababli, avvalo qoʻshni davlatlar bunday sharoitda yakdillik va bir-biri bilan muvofiqlashtirilgan harakatlarni olib borishi ahamiyati keskin oshadi.
Oʻzbekiston mazkur obroʻli tuzilma doirasida doimo yangi xavf va xatarlarga qarshi kurash, savdo va iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha qoʻshma salohiyatlarni oshirishga, aholi farovonligini koʻtarishga, sanoat kooperatsiya jarayonlariga, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga, transport-kommunikatsiya aloqalarini mustahkamlashga jiddiy ahamiyat qaratib keladi.
Dushanbe Sammiti nihoyasida mamlakatimiz uchun oʻta muhim voqea yuz berishi kutilmoqda: Oʻzbekiston va 2021-2022-yillarda SHHTga raislikni qabul qilib oladi. Bu juda masʼuliyatli va sharafli missiya boʻlib, tobora ortib borayotgan Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi va taʼsirini yanada kuchaytirish uchun juda muhim imkoniyatdir. Qolaversa, hozirgi vaqtda butun dunyoda va mintaqada kechayotgan fundamental oʻzgarish va tendensiyalarni inobatga olsak, Oʻzbekiston SHHT orqali bu jarayonlarga bevosita taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ham ega boʻladi.
Xulosa sifatida shuni taʼkidlash lozimki, oʻtgan davrda SHHT oʻzini samarali mexanizm sifatida namoyon etib, siyosat va xavfsizlikdan iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlikkacha boʻlgan keng qamrovli masalalarni oʻz ichiga olgan mintaqaviy muammolarning butun bir majmuini hal etishga qodir xalqaro forum sifatida jahon siyosat sahnasidan mustahkam oʻrin egalladi. Dunyo boʻylab keng tarqalgan pandemiya esa SHHTga boʻlgan obyektiv hayotiy zaruratni yanada oshirmoqda.
Qodir JOʻRAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi
raisi oʻrinbosari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Irodani qanday mustahkamlash mumkin?
- “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo yosh yetakchilar konferensiyasi: Barqaror suv harakati paradigmasini oʻzgartirish” mavzusida Toshkent shahrida oʻtkaziladi
- Jizzax archazorlari sayyohlarni maftun etmoqda
- Demirsad olmasining xaridorgirligi siri nimada?
- Eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan “Oltin to‘p” Rodriga nasib qildi
- Oʻzbekiston qonunchiligida 1-noyabrdan nimalar oʻzgaradi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring