Oʻzbekiston sharoitida uyni tekin va oʻchmaydigan «svet» bilan taʼminlash qanchaga tushadi?

21:21 17 Oktyabr 2021 Jamiyat
254 0

Energetika vazirligining maʼlum qilishicha, quyosh panellarini sotib olayotganda, fuqarolar uy yoki xonadondagi binolarning kattaligini (xonalar soni, oshxona, balkon, yoʻlak va h.k.) hisobga olgan holda, ularni imkoniyatlariga qarab tanlashi mumkin. Oʻz navbatida, qurilmaning tanlangan quvvati uning narxiga taʼsir qiladi. Mutaxassislarning fikriga koʻra, eng arzon quyosh panellari 150 Vt quvvatga ega, bu esa ulardan foydalanib, uyning 5-6 ta xonasini yoritish va bitta televizorni ishlatish imkonini beradi. Agar uydagi xonalarni yoritish uchun ikkita televizor, bitta muzlatgichni elektr energiyasi bilan taʼminlash zarur boʻlsa, unda kamida 2 kVt quvvatga ega quyosh panellari kerak boʻladi. Agar oila konditsioner ham ishlatsa, 3 kVt quvvatli panellar zarur boʻladi.

Quyosh panellari kabi innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar import komponentlaridan foydalanadilar, yaʼni ular xorijiy yetkazib beruvchilar narxiga bogʻliq. Bugungi kunda 2 kVt blok narxi 18 — 30 mln. soʻmga baholanmoqda, oʻrnatish xarajatlarini hisobga olsak, 3 kVt quvvatga ega agregatni oʻrnatish 20 — 45 mln. soʻmga toʻgʻri keladi. Narxlardagi farq mahalliy mahsulotlarning markasiga bogʻliq.

Shu bilan birga, jismoniy shaxslarga fotoelektr stansiyalari, quyosh suv isitgichlarini sotib olish xarajatlarining bir qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Bunday kompensatsiyalarni berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom Vazirlar Mahkamasining 217-sonli qarori bilan tasdiqlangan.

Quyosh suv isitgichlari biroz arzonroq. 2-3 kishilik uy uchun kuniga oʻrtacha 100 litr suvni isitadigan qurilma oʻrnatish xarajatlarini hisobga olgan holda taxminan 3 mln. soʻmga tushadi. Shunga koʻra, katta hajmdagi suvni isitish uchun moʻljallangan yuqori quvvatli quyosh suv isitgichlarining narxi yuqori. Zamonaviy quyosh kollektorlari quyosh botgandan keyin ham suvni isitib turishga imkon beradi, chunki oldingi avlod qurilmalaridan farqli oʻlaroq, ularning tashqi qismi termos prinsipi asosida ishlaydigan qurilma bilan himoyalangan. Natijada, 70-80 gradusgacha qizdirilgan suv quyosh botgandan keyin 7-8 daraja harorat pasayadi xolos.

Shuningdek, Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan qurilmalardan foydalanilganlik uchun katta miqdorda ragʻbatlantirish mavjud. Shuningdek, oʻz uylarini elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlash uchun bir xil quyosh panellarini oʻrnatganlar uchun bir qator imtiyoz preferensiyalar taqdim etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?