Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

14:19 04 Iyul 2024 Siyosat
347 0

Hurmatli rais!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti barcha ishtirokchilarini qutlashdan mamnunman. Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga samimiy qabul va bugungi uchrashuvimiz yuksak darajada tashkil etilayotgani uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Belarusning SHHTga qoʻshilish jarayoni yakuniga yetgani bilan tabriklayman. Bu, hech shubhasiz, sheriklikning qoʻshimcha imkoniyatlarini ochadi. Ushbu voqea munosabati bilan hurmatli Aleksandr Grigoryevich Lukashenkoni samimiy qutlayman.

Biz Qozogʻistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga faol va samarali raisligi yakunlarini yuksak baholaymiz, bugungi majlisimiz kun tartibiga kiritilgan masalalar va qarorlar loyihalarini qoʻllab-quvvatlaymiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Ushbu sammit xalqaro vaziyat keskinlashayotgan bir sharoitda oʻtmoqda. Yangi vayronkor mojarolar paydo boʻlmoqda, global va mintaqaviy xavfsizlikka xavf va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bu davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch kamayayotgan, qarama-qarshilik va ziddiyatlar ortishi natijasida geosiyosiy keskinlik tobora oʻsayotgan vaziyatda kechmoqda.

Xalqaro huquq meʼyorlari va tamoyillari tez-tez buzilmoqda. Tobora kuchayib borayotgan inqiroz va muammolarni hal qilish boʻyicha jahon hamjamiyatida mavjud boʻlgan vositalar, afsuski, oʻzining samaradorligini yoʻqotdi.

Bunday murakkab vaziyatda SHHTning asosi boʻlgan tamoyillarga sodiqligimizni saqlash va yanada mustahkamlash favqulodda muhimdir. Ana shu tamoyillar tufayli Tashkilot bugungi yutuqlarga erishdi, xalqaro masalalarda yuksak nufuz va barqarorlashtiruvchi oʻringa ega boʻldi.

Kelgusida ham “Shanxay ruhi”ning mustahkam zamini boʻlgan tamoyillar – oʻzaro ishonch va manfaat, tenglik, madaniyatlar rang-barangligiga hurmat va umumiy taraqqiyotga intilish, qarorlar qabul qilishda konsensus tamoyilining oʻzgarmasligi va Tashkilotning bloklardan xoli maqomini saqlab qolish, uning ochiqligi, uchinchi mamlakatlarga qarshi qaratilmagani, iqtisodiy, harbiy va siyosiy salohiyatidan qatʼiy nazar barcha ishtirokchilarning teng huquqliligi va suverenitetini hurmat qilishga qatʼiy rioya etish muhim, deb hisoblaymiz.

Hozirgi kunda SHHT hamjihatligi zaiflashishiga yoʻl qoʻymaslik muhimdir. Biz “SHHT oilasi” jipsligini kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish tamoyilini hayotga izchil tatbiq etib, ochilayotgan yangi imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanishimiz zarur.

Buning uchun bizda barcha shart-sharoitlar mavjud. Jahon aholisining 40 foizdan ortigʻi, global yalpi ichki mahsulotning chorak qismidan koʻprogʻi mamlakatlarimiz hissasiga toʻgʻri keladi. Hech shubhasiz, ushbu beqiyos salohiyatni roʻyobga chiqarish bizdan iqtisodiy sheriklikning yangi modellarini shakllantirishni va SHHT doirasida barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqishni talab etadi.

Shuni taʼkidlashni istardimki, Oʻzbekiston 2030-yilga borib milliy iqtisodiyot hajmini ikki barobar oshirishga qaratilgan chuqur oʻzgarishlarni davom ettirmoqda. Bunga, avvalo, innovatsion va yuqori texnologiyali tarmoqlarni shakllantirish, “yashil” va raqamli texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energetika ulushini tubdan oshirish hisobidan erishishga intilyapmiz.

Hurmatli hamkasblar!

Bizning nuqtayi nazarimiz boʻyicha SHHT oldida turgan eng dolzarb vazifalar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtishga ijozat bergaysiz.

Birinchi. Global darajada ishonch taqchilligi misli koʻrilmagan darajaga chiqqan sharoitda umumiy xavfsizligimizni taʼminlashda yangi yondashuvlarni izlash zarurati oʻsib bormoqda.

Shu bois, hozirgi paytda umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yoʻlidagi hamjihatlik boʻyicha biz ilgari surgan Samarqand tashabbusining ahamiyati har qachongidan ham dolzarbdir.

SHHTning Yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksi qabul qilinishi hozirgi yangi sharoitda muloqotni mustahkamlash va koʻp tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish imkonini beradi, deb hisoblaymiz.

Ikkinchi. Iqtisodiy sohada hamkorlik boʻyicha strategik yuksalishga erishish.

Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo davlatlar bilan savdo aylanmasi oʻtgan yil yakunlari boʻyicha 20 foiz, joriy yil boshidan buyon esa yana 15 foizga oʻsdi.

SHHT doirasida savdo jarayonlarini soddalashtirish boʻyicha bitimni ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz. Hujjatga savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish, texnik reglamentlar va sertifikatlash, fitosanitariya va veterinariya nazorati tizimlarini yaqinlashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni kiritish mumkin.

Bundan tashqari, transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish boʻyicha jahondagi tendensiyalarni hisobga olgan holda, ushbu sohada amaldagi raqamli savdo platformalari integratsiyasini koʻzda tutuvchi hamkorlik dasturini tayyorlashni taklif etamiz.

Uchinchi. Sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qoʻllab-quvvatlash.

Eng avvalo, infratuzilma, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlari va xizmat koʻrsatish sohalarida oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif etamiz. Bunda ushbu loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini puxta oʻylab koʻrish, SHHT Jamgʻarmasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish masalasini koʻrib chiqishga qaytish muhim.

Toʻrtinchi. “Sharq–Gʻarb” va “Shimol–Janub” yoʻnalishlari boʻyicha inklyuziv transport tizimlarini shakllantirish mamlakatlarimiz iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirish imkonini beradi.

Alohida taʼkidlab aytaman: transport yoʻlaklari koʻp variantli boʻlishi – bu butun mintaqamiz barqaror rivojlanishining eng muhim shartidir.

Shuningdek, Logistika jarayonlarini raqamlashtirish rejasini ishlab chiqish, shu jumladan, mamlakatlarimiz chegaralari orqali oʻtadigan mahsulotlar haqidagi maʼlumotlarning elektron almashuvini tashkil etishni taklif qilamiz.

Beshinchi. SHHT makonida zamonaviy va ishonchli energetika infratuzilmalarini kengaytirish.

Biz Oʻzbekistonda “yashil” energetikani jadal rivojlantirish boʻyicha katta dasturni qabul qildik. Yiliga ikki gigavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirmoqdamiz. Sanoat darajasida “yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi ustida ish boshlandi.

Qayta tiklanadigan energetikaga investitsiya va texnologiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish boʻyicha hamkorlikning kompleks rejasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Oltinchi. Jadallashtirilgan raqamli transformatsiya.

Bizning fikrimizcha, raqamli iqtisodiyotga oʻtish, “sunʼiy intellekt”ni, ilgʻor IT qarorlarni joriy etish mamlakatlarimiz raqobatbardoshligida hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Shu borada bilimlar, tajriba va eng yaxshi amaliyotlar almashuvi, IT parklarning tizimli hamkorligini rivojlantirish maqsadida “SHHT kelajak texnologiyalari” dasturini ishlab chiqish tarafdorimiz.

Yettinchi. Ijtimoiy rivojlanish va himoya sohasida SHHT mamlakatlari hamkorligi boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif etamiz.

Ishonchim komilki, aholi hayot darajasini yuksaltirish va hududlarni, birinchi navbatda, qishloq joylarni rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalarni amalga oshirish 2030-yilgacha moʻljallangan eng muhim maqsadlarga erishish yoʻlida umumiy hissa boʻladi.

Sakkizinchi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni yetkazib berish imkoniyatlari nomma-nom aks ettirilgan mamlakatlarimizning agrosanoat sohasidagi salohiyati haqidagi maʼlumotlarni birlashtiradigan “SHHT oziq-ovqat xavfsizligi atlasi” qoʻshma elektron platformasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!

Xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda mamlakatlarimiz vakolatli organlari faoliyatini yaqindan muvofiqlashtirishni, shu jumladan, SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi yoʻnalishida davom ettirish zarur.

Markaziy Osiyoning ajralmas qismi boʻlgan va mintaqaviy barqarorlikka bevosita taʼsir koʻrsatadigan qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyat haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman.

Afgʻonistonning hozirgi maʼmuriyati bilan munosabatlarni oʻrnatish borasidagi yondashuvlar turli ekani maʼlum. Aminmanki, Kobul bilan muloqotlarni saqlash butun mintaqaning xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot borasidagi manfaatlariga mos keladi. Tobora koʻproq davlatlar buni tushunib yetmoqda.

Shu munosabat bilan, “SHHT–Afgʻoniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklif hamon dolzarb boʻlib qolmoqda.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sammitimiz SHHTning doimiy faoliyat yurituvchi organlari – Pekin shahridagi Kotibiyat va Toshkent shahridagi Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi tashkil etilganiga 20-yil toʻlgan yilda oʻtmoqda. Qisqa davrda ular sheriklikning samarali mexanizmi sifatida mustahkam qaror topdi va koʻp tomonlama institutlar oʻrtasida munosib oʻrin egalladi.

Biz SHHTni yanada rivojlantirish jarayonlari tarafdorimiz va Tashkilotimizning faoliyatini takomillashtirish haqidagi taklifni qabul qilishga tayyormiz.

Soʻzimning yakunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni Xitoy Xalq Respublikasi qabul qilib olayotgani munosabati bilan hurmatli Si Szinpin Janobi Oliylariga bildirilgan tabrik soʻzlariga qoʻshilaman.

Oʻzbekiston SHHT doirasida koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirishga sodiq ekanini yana bir bor tasdiqlayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?