Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni, koʻpmillatli butun xalqimizni, xorijdagi vatandoshlarimizni Oʻzbekiston mustaqilligining oʻttiz toʻrt yillik shonli sanasi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Istiqlol bayrami barchamizga muborak boʻlsin!
Hurmatli doʻstlar!
Bugun, mana shu ulugʻ ayyom kunlarida hammamiz bir hayotiy haqiqatni chuqur his etmoqdamiz. Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi asosida boshlagan ulkan islohotlarimiz tufayli mustaqillik bergan huquq va erkinliklarni har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida chuqur his qilib, bu imkoniyatlardan keng foydalanmoqda.
Aynan ana shu ulugʻvor gʻoya asosida biz uch ming yillik boy tarix va madaniyatimizni qaytadan idrok etdik. Yurtimiz zaminidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans anʼanalarini rivojlantirib, Uchinchi Renessans sari dadil amaliy qadamlar qoʻymoqdamiz.
Ishonchim komil, bu yoʻlda Yangi Oʻzbekiston davlati, Yangi Oʻzbekiston jamiyati buyuk tariximizni yangi – yanada yuksak Uygʻonish davri bilan bogʻlaydigan mustahkam koʻprik boʻlib xizmat qiladi.
Mir Alisher Navoiy bobomizning “Bu olamni yaratishdan maqsad – inson edi, uni baxtli koʻrish edi”, degan fikrlarida chuqur maʼno mujassam. Xalqimiz asrlar davomida orzu qilib, kurashib oʻtgan inson qadrini ulugʻlash, uni baxtli qilish – barcha islohotlarimizning maʼno-mazmunini tashkil qilmoqda.
“Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu tamoyilga asoslangan Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi amalda qudratli harakatga aylandi.
Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, iqtisodiyotimiz 6 foizdan yuqori surʼatlarda barqaror oʻsayotgani xalqimiz oʻz tanlab olgan yoʻlidan dadil borayotganini koʻrsatmoqda.
Yurtimiz aholisi yiliga oʻrtacha 700-800 ming kishiga koʻpaymoqda. Mehnat bozoriga har yili 500-600 ming nafar yoshlar kirib kelmoqda. Buncha odamni oʻqitish, kasb-hunarli qilish, ularga ish topib berish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Buning uchun muntazam ishlaydigan tizim, kafolatli investitsiya va infratuzilma kerak.
Shuni oldindan chuqur oʻylab, biz bu yoʻnalishda aniq dasturlarni qabul qildik. Biz mahallagacha tushib, oʻzini oʻzi band qilgan tadbirkordan tortib yirik biznesgacha – barchasini alohida yondashuv asosida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizim barpo etdik.
Toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, Yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlik iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi, oldinga boshlovchi katta kuchga aylandi.
Raqamlarga eʼtibor beraylik: keyingi sakkiz yilda yalpi ichki mahsulotimiz 2 karra oshib, oʻtgan yili 115 milliard dollarga, eksport hajmi 26 milliard dollarga yetdi. Yil yakuni bilan yalpi ichki mahsulotimiz 130 milliard dollar boʻladi. Oltin-valyuta zaxiralarimiz tariximizda ilk bor 48 milliard dollardan oshdi, oʻtgan sakkiz yilda yurtimizga qariyb 130 milliard dollar xorijiy investitsiyalar kirib keldi.
Bularning barchasi islohotlarimiz samarasi, taraqqiyotimizning mustahkam kafolati, nufuzli moliya institutlari va xorijiy kompaniyalarning yuksak ishonchi emasmi?
Xalqimizning koʻz oʻngida minglab zamonaviy korxonalar, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilma obyektlari qad rostlamoqda. Eʼtibor bering, bu yil jami 35 milliard dollar investitsiya evaziga 9 mingga yaqin yangi korxona, xizmat koʻrsatish majmualari barpo etiladi. Eng ulugʻ bayramimiz arafasida 4 milliard dollarlik 79 ta yirik obyekt ishga tushirildi.
Oʻtgan davrda birgina kichik va oʻrta tadbirkorlar soni 2 karra koʻpaydi. Bugun ushbu tarmoqda 10 milliondan ortiq aholimiz mehnat qilib, daromad topmoqda.
Biz yil boshida 5,5 million aholi bandligini taʼminlash boʻyicha katta marra olgan edik. Sakkiz oydayoq 5 millionlik rejani uddaladik.
Eng muhimi, islohotlarimizga ishonib, shu yilning oʻzida chetda ishlayotgan 700 ming fuqaromiz yurtimizga, oʻz oilasi bagʻriga qaytdi.
Anʼanamizga koʻra, oʻtgan haftada tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazib, biznes vakillari qanday masalani koʻtargan boʻlsa, hammasiga yechim topib berdik. Ular uchun 50 trillion soʻmdan ortiq yangi resurs, imtiyoz va yengilliklar yaratishga kelishib, qarorini ham chiqardik. Biz bu ishlarni qatʼiy davom ettiramiz.
Oʻzbekiston dunyoga keng ochilganidan soʻng xorijiy sayyohlar soni oʻtgan yili 10 million kishidan, turizm xizmatlari eksporti esa 3 milliard dollardan oshdi.
Tariximiz, milliy oʻzligimizni tiklash maqsadida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy ziyoratgohi kabi ulkan va noyob majmualarda qurilish va obodonlashtirish ishlari yakuniga yetmoqda.
Ishonchim komil, xalqimizning maʼnaviy salohiyatiga har tomonlama munosib boʻlgan bunday betakror obidalar aholimiz va jahon jamoatchiligi uchun yangi va jozibador maskanlarga aylanadi. Bu majmualar tadbirkorlarimizga sayyohlarni yanada koʻproq jalb qilishda qoʻshimcha imkoniyatlar eshigini ochadi.
Yana bir maqsadimiz – halol ishlagan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga imkoniyatlarni koʻpaytirishdan iborat.
Shu sababli “Halol mehnat – xotirjam hayot va farovon jamiyat garovi” degan shior asosida “yashirin” iqtisodiyotni jilovlash boʻyicha muhim chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz. Bu jarayonda fuqarolik institutlari, jamoatchilik nazorati cubyektlari, ommaviy axborot vositalari, parlament va mahalliy kengashlar yanada faol ishtirok etadi.
Qadrli yurtdoshlar!
Iqtisodiyotimiz rivojlanishi, aholimiz koʻpayishi bilan xavfsiz va barqaror energiya resurslariga talab ortib bormoqda.
Oʻtgan sakkiz yilda abonentlar soni 25 foizga, yaʼni, qoʻshimcha 1 million 600 mingtaga, isteʼmol hajmi esa 54 foizga yoki qoʻshimcha 25 milliard kilovatt soatga oshdi. Shuning uchun biz kelgusi taraqqiyotimizni “yashil” iqtisodiyot rivojida koʻrmoqdamiz.
Avvalo, “yashil” energiya ulushini oshirish boʻyicha misli koʻrilmagan qadamlar qoʻydik. Natijada elektr ishlab chiqarish quvvatlari 2016-yildagi 59 milliard kilovatt soatdan 85 milliard kilovatt soatga yetdi, kelgusi yilda bu 97 milliard kilovatt soatdan ziyodni tashkil etadi.
Shu yilning oʻzida 6,5 milliard kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqarildi. Eng muhimi, jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 30 foizga yetdi.
Biz 2030-yilgacha yana 35 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya hisobidan “yashil” energiya ulushini 54 foizga olib chiqamiz.
Tabiatga mehrli munosabat orqali kelajak avlodlarga unumdor yer, zilol suv, musaffo havoga ega boʻlgan goʻzal Vatanni meros qilib qoldirishni muqaddas burchimiz, deb bilamiz.
Shu maqsadda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarimizni yanada kengaytiramiz. Bu borada “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirayotgan katta dasturlarimiz muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi sakkiz yilda yurtimizda 31 million kvadrat metrdan ortiq yoki qariyb 12 mingta koʻpqavatli uy-joy barpo etilgani tarixiy qadam boʻldi. Shu yilning oʻzida “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda yana 130 ming xonadonli zamonaviy uy-joylar qurilib, aholiga topshiriladi.
2030-yilgacha butun dunyoda qoʻllanayotgan “yashil shahar” standartlari asosida barcha shaharlarimizda yashillik darajasini 30 foizga yetkazamiz.
Natijada mamlakatimiz barqaror energiya bilan taʼminlanadi, ekologiyaga, odamlarimiz salomatligiga zararli taʼsirlar keskin kamayadi.
Shu bilan birga, master rejalar asosida har bir qishloq va mahallaga shahardagi qulayliklarni olib kiramiz. Kichik shaharlarni zamonaviy infratuzilma asosida rivojlantirib, ularni yangi bosqichga koʻtaramiz.
Aziz vatandoshlar!
Biz yurtimizda ijtimoiy himoya siyosatining butunlay yangi modelini yaratdik. Bu tizim xonadonlargacha kirib borgani, ehtiyojmand aholi bilan individual ishlashni yoʻlga qoʻyganimiz, “Inson” markazlarini tashkil etganimiz – barcha uchun teng imkoniyat yaratilgan inklyuziv jamiyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Hammamiz bir haqiqatni tushunib olishimiz kerak: yurtimizda begona odam ham, begona bola ham yoʻq. Barchamiz yagona yurt farzandlarimiz, yagona Vatan ravnaqiga xizmat qilamiz.
Shu maʼnoda, bitta boʻlsa ham qiyin ahvolga tushib qolgan hamyurtimiz taqdiri barchamizni birdek tashvishga solishi kerak.
Chunki, xalqimizning eng katta qudrati – mehr-oqibat, saxovat va birdamlikdadir.
Shu borada “Hamrohlik dasturi”ga muvofiq ota-ona mehridan mahrum boʻlgan 11 ming nafar bolani taʼlim, kasb-hunar, sport tizimiga qamrab olganimiz muhim natija boʻldi. Ehtiyojmand oilalarning 2,5 milliondan ziyod aʼzolariga 110 turdagi yordam va xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Umuman, bu yilning oʻzida yordamga muhtoj aholini ijtimoiy himoya qilishga 19 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiryapmiz.
Bularning barchasi oʻz samarasini berib, yurtimizda kambagʻallik darajasini 6,8 foizga tushirishga erishdik. Xalqaro tashkilotlar 5-6-yil oldin ushbu raqamni 35 foiz atrofida baholaganini hisobga olsak, qisqa davrda bu borada qanday katta yoʻlni bosib oʻtganimiz yaqqol ayon boʻladi.
Biz tadbirkorlikni rivojlantirish, keksalar, xotin-qizlar, yoshlar, ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ishlarimizga yangi shiddat beramiz.
Xalqimiz uchun munosib sharoitlar yaratish borasidagi islohotlarimiz bir daqiqa ham toʻxtamaydi.
Muhtaram doʻstlar!
Sifatli taʼlim-tarbiya, aholimiz salomatligi – kelgusi taraqqiyotimizni hal qiladigan eng muhim masala.
Soʻnggi sakkiz yilda xususiy sektor bilan birga bogʻchalardagi oʻrinlarni 2,5 millionga, qamrovni 78 foizga yetkazdik. Yangi maktablar qurganimiz, borlarini kengaytirganimiz hisobiga qoʻshimcha 1 millionta oʻquvchi oʻrni yaratildi.
Zamonaviy darsliklar, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida maktab taʼlimiga yangi mazmun, yangi sifat kirib kelmoqda.
Shu davrda oliy taʼlimda ham keskin burilish yasab, qamrovni 9 foizdan 42 foizga yetkazdik. Ayniqsa, talabalarning 53 foizini xotin-qizlarimiz tashkil etayotgani alohida eʼtiborga sazovor.
Hozirgi vaqtda dunyodagi top oliygohlarda 2 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Ulardan 750 nafari “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali davlat hisobidan oʻqimoqda.
Oʻtgan yili yurtimiz yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egallagani barchamizni albatta quvontiradi.
Ayniqsa, farzandlari dunyodagi eng nufuzli universitetlarda taʼlim olayotgan ota-onalarning xursandchiligini soʻz bilan ifoda qilib boʻlmaydi.
Shu oʻrinda bu yildan boshlab maktablarimizda katta bir ijobiy holat koʻzga tashlanayotganini alohida taʼkidlab aytmoqchiman. Yaʼni, yurtimizdagi 3 ta maktab oliygohlarga kirish boʻyicha 100 foizlik natijaga erishdi. Bular – Qorakoʻl tumanidagi maktab-internat, Navoiy shahridagi 1-sonli ixtisoslashgan maktab-internat, Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi.
Bu, albatta, “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu gʻoyamizning amaldagi ifodasidir. Ishonaman, bunday natijalardan yurtimizdagi boshqa maktablar ham albatta oʻrnak oladi. Barcha taʼlim dargohlariga Uchinchi Renessans nafasi yanada kuchliroq kirib boradi.
Soʻnggi yillarda tibbiyot uchun mablagʻlarni 6 karra oshirdik, sifatli tibbiy xizmatlarni mahallagacha tushirdik.
Odamlarimiz yuqori texnologik tibbiy xizmatlar uchun oldin faqat poytaxtga kelardi. Hozir bunday amaliyotlarning 400 dan ortigʻi viloyat va tumanlarning oʻzida bajarilmoqda.
Kasalliklarni profilaktika qilish, aholi oʻrtasida sogʻlom hayot tarzini qaror toptirishga katta ahamiyat qaratyapmiz.
Aholining turmush sharoitlari yaxshilanib borayotgani natijasida oʻrtacha umr koʻrish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaydi.
Biz taʼlim-tarbiya uchun, aholi salomatligi uchun, muallim va shifokorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun qancha kuch va qancha mablagʻ kerak boʻlsa, barchasini safarbar etamiz!
Qadrli yurtdoshlar!
Bugungi yoshlarimizning ovozi, gʻoya va tashabbuslari, kuch-gʻayrati barcha soha va tarmoqlarga chuqur kirib bormoqda. Ular xalqimizning necha yillik orzu-armonlarini real haqiqatga aylantirmoqda.
Yoshlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, ona tili bilan birga chet tillarini puxta oʻrganishlari uchun imkoniyatlar tobora kengayib bormoqda.
Bugun davramizda sanoat, servis, qishloq xoʻjaligi, IT, ilm-fan, madaniyat va sportda katta yutuqlarga erishayotgan oʻgʻil-qizlarimizni koʻrib turganimdan xursandman.
Mana, futbol boʻyicha milliy terma jamoamiz mamlakatimiz tarixida ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritib, koʻp yillik orzu-umidimizni roʻyobga chiqardi.
Talaba yoshlarimiz esa Xalqaro yozgi universiada oʻyinlarida 116 ta davlat orasida ilk bor top-15 talikka kirdi, Markaziy Osiyoda birinchi oʻrinni egalladi.
Ushbu bayram arafasida 19 va 22 yoshli bokschilarimiz Osiyo chempioni degan yuksak unvonga sazovor boʻlib, oʻzbek boks maktabining shuhratini dunyoga yana bir bor namoyon etdi.
Sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, Oʻzbekistonni chinakam sport mamlakatiga aylantirish maqsadida istiqbolli oʻgʻil-qizlarimizga atab Toshkentda ulkan Olimpiya shaharchasini barpo etdik.
Mamlakatimiz tarixida birinchi marta zamonaviy taʼlim va bilim beradigan Futbol akademiyasi qad koʻtardi.
Ishonchim komil, zamonaviy sport arxitekturasining noyob durdonasi boʻlgan ushbu majmualar minglab boʻlgʻusi chempionlarimiz uchun yuksak parvoz maydoniga aylanadi.
Shu yilning oʻzida yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 2 ta oltin, 8 ta kumush, 5 ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Biz Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari oʻrtasida kimyodan – ikkinchi, matematika va iqtisodiyotda – uchinchi, IT va geografiya boʻyicha toʻrtinchi oʻrinni egallagan oʻgʻil-qizlarimiz timsolida boʻlgʻusi xorazmiylar, beruniylar, ibn sinolarni koʻramiz.
Saflari tobora kengayib borayotgan bunday intiluvchan, isteʼdodli yoshlar – Yangi Oʻzbekistonning oltin avlodi, gʻururimiz timsolidir.
Bugungi unutilmas damlarda men butun Oʻzbekiston yoshlariga qarata aytmoqchiman.
Aziz farzandlarim, doimo yodda tuting:
baxt – intilganniki, gʻalaba – kurashganniki!
Kelajakni mardlar, tarixni gʻoliblar yaratadi.
Hamisha oldinga qarab intiling, bahodir oʻgʻlonlarim, oqila qizlarim!
Sizlarning ezgu ishlaringizda Vatan, xalq, Prezident barchangizga hamisha ishonchli tayanch va suyanch boʻladi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Yangi Oʻzbekiston inson qadri ustuvor boʻlgan huquqiy davlat va shunday boʻlib qoladi.
Biz odil sudlovga erishish uchun sud ishlarini toʻliq raqamlashtirish, inson omilini kamaytirib, sunʼiy intellektdan keng foydalanish borasida faol ish olib bormoqdamiz. Iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha sud binosiga borib oʻtirishga hojat qolmaydi – taraflar sudda onlayn ishtirok etadi, sudlarda ochiqlik, oshkoralik taʼminlanadi. Qisqacha aytganda, mamlakatimiz “raqamlashgan va adolatli sud davri” ostonasida turibdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Oxirgi uch yilda sudlangan shaxslarning 70 foiziga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlandi. Uch mingga yaqin fuqaroga esa oqlov hukmi chiqarildi. Jazo muddatini oʻtayotgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy kirgan uch mingdan ziyod yurtdoshimiz afv etildi.
Kuni kecha yana ana shunday 523 nafar hamyurtimizni oʻz oilasi bagʻriga qaytarish boʻyicha farmonni imzoladim.
Bunday tarixiy qadamlar vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosati darajasidagi uzluksiz jarayondir. Biz “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu gʻoya asosida bu ishlarimizni yangi, yuksak bosqichga olib chiqamiz.
Xalqimiz farovonligiga salbiy taʼsir qilayotgan korrupsiya, monopoliya, byurokratiya, dabdababozlik, maʼnaviy tahdidlarga qarshi kurashni keskin davom ettiramiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Jahonda geosiyosiy vaziyat oʻta keskin tus olayotganini barchamiz koʻrib turibmiz. Bunday tahlikali davrda Oʻzbekistonning siyosiy yoʻli qanday boʻlishi kerak? Shiddat bilan oʻzgarayotgan xalqaro maydonda oʻzimizga munosib oʻrinni egallash uchun nima qilishimiz zarur? Bu savollar har bir yurtdoshimizni oʻylantiradi, albatta.
Hozirgi murakkab sharoitni hisobga olib, mustaqilligimizni, yurtimizdagi tinchlik, millatlar va dinlar oʻrtasida hamjihatlikni mustahkamlash uchun kelgusida ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Bugun Oʻzbekistonning ovozi mintaqaviy va xalqaro maydonda tobora baland yangramoqda. Yurtimiz jahondagi koʻplab nufuzli sammitlar, xalqaro forumlar oʻtadigan siyosiy markazlardan biriga aylandi. Bu anjumanlar Oʻzbekistonning dunyo ahlini tinchlik va hamkorlikka chorlaydigan ezgu daʼvati sifatida namoyon boʻlmoqda.
Shu oʻrinda tashqi siyosat borasidagi pozitsiyamizni yana bir bor taʼkidlamoqchiman.
Eng avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqamiz.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bilan anʼanaviy, keng qamrovli va strategik sheriklik aloqalarini yanada kengaytiramiz.
AQSH, Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlar bilan savdo-iqtisodiy, moliyaviy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni rivojlantirish, keng koʻlamli sheriklik va amaliy aloqalarni mustahkamlaymiz.
Janubiy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq, Afrika mintaqasidagi mamlakatlar bilan yangi va istiqbolli yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun transport-logistika yoʻlaklarini yaratishga alohida eʼtibor qaratamiz.
Afgʻoniston mintaqaviy va global xavfsizlikning muhim omili ekanidan kelib chiqib, ushbu mamlakatning hukumati bilan konstruktiv va amaliy hamkorlik olib borish zarur, deb bilamiz.
Biz Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, yaʼni, oʻzining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qatʼiy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz.
El-yurtimiz urush va ofatlar vaqtida ogʻir vaziyatga tushib qolgan begunoh insonlarga doimo begʻaraz yordam koʻrsatib kelgan.
Biz insonparvarlik anʼanalarimizga sodiq qolib, Oʻzbekistonga olib kelingan Falastin fuqarolariga mehmonlarimiz sifatida zarur ijtimoiy, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish boʻyicha maxsus farmon qabul qildik.
Bagʻrikeng, mehr-oqibatli xalqimiz ushbu farmonda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etadi, deb ishonaman.
Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan yaqin hamkorlik doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.
Shu kunlarda Xitoyda yana bir yirik anjuman – Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida, uning doirasida koʻplab uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etamiz.
Shu sababli Mustaqillik bayramini bugun siz, azizlar bilan, xalqimiz bilan birgalikda nishonlab, el-yurtimizdan duo olib, ertaga yoʻlga chiqishni reja qilganmiz. Hech shubhasiz, ana shu sammit natijalari ham Yangi Oʻzbekistonning dunyodagi oʻrni va mavqeyini yuksaltirishga, koʻp vektorli tashqi siyosat boʻyicha strategik maqsadlarimizni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, tantanamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga samarali hamkorlik uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Muhtaram doʻstlar!
Oldimizda qanday sinov va mashaqqatlar paydo boʻlmasin, biz demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, milliy birlik va hamjihatlikni mustahkamlash, xalqimizni rozi qilish yoʻlidan aslo ortga qaytmaymiz. Boshlagan buyuk ishlarimizni albatta oxiriga yetkazamiz.
Hech qachon unutmaylik: biz barchamiz bitta xalq, bitta mamlakat, bitta oilamiz!
Hammamizning taqdirimiz, kelajagimiz, baxtimiz va yutugʻimiz ham yagona va mushtarak.
Har bir vatandoshimning yutugʻi – bu mening yutugʻim, tashvishi – mening tashvishim, degan fikr bilan yashasak, yutugʻimiz koʻpayib, tashvishimiz albatta kamayib boradi.
Afsuski, dunyoda turli tahdid va xatarlar koʻp. Ammo ularga qarshi birgalikda, bir tanu bir jon boʻlib kurashsak, albatta yengamiz.
Ezgu maqsad sari qoʻlni qoʻlga berib, astoydil harakat qilsak, albatta yutamiz.
Har bir yurtdoshimiz hayotning oʻzi oldimizga qoʻyayotgan mana shunday oʻtkir talablarni chuqur anglab, jonajon Vatanimiz ravnaqi yoʻlida sidqidildan xizmat qiladi, deb ishonaman.
Bu ulugʻ ayyomda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek olijanob ishga munosib hissa qoʻshayotgan barcha insonlarga, mehnatkash, bagʻrikeng xalqimizga minnatdorlik bildirib, chin qalbimdan taʼzim qilaman.
Muhtaram vatandoshlarim!
Barchangizni Mustaqillik kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, yuragimdagi eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Olloh taolo aziz yurtimizni oʻz panohida asrasin!
Har bir inson, har bir oilaga tinchlik va xotirjamlik, qut-baraka, baxt-saodat hamisha yor boʻlsin!
Yashasin Oʻzbekiston davlati!
Yashasin Oʻzbekiston xalqi!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring