Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga bayram tabrigi yoʻlladi

14:22 08 Noyabr 2025 Siyosat
215 0

Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash sohasi xodimlariga

Hurmatli sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari!

Ushbu qutlugʻ ayyomda xalq salomatligining posbonlari boʻlgan siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hammamizga ayonki, sihat-salomatlik har bir inson, butun jamiyat uchun bebaho boylik, ulugʻ neʼmatdir. Faqat sogʻlom inson va sogʻlom xalq mislsiz ishlarga qodir ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Shu maʼnoda, Mir Alisher Navoiy bobomizning “Davron elining jismida ham jon boʻlgʻil, Ham jonlarigʻa moyai darmon boʻlgʻil”, degan hikmatli daʼvati aynan sizlar kabi jonkuyar va fidoyi insonlarga bagʻishlangan, desak, adashmagan boʻlamiz.

Biz sizlarning Yangi Oʻzbekistonda yangi tibbiyot tizimini rivojlantirish yoʻlidagi samarali faoliyatingizni yuksak qadrlaymiz hamda sharafli va masʼuliyatli mehnatingiz uchun el-yurtimiz nomidan samimiy tashakkur bildiramiz.

Aziz shifokorlar!

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlarini amalda taʼminlashga qaratilgan davlat siyosatida aholi salomatligini mustahkamlash ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida belgilangani sizlarga yaxshi maʼlum, albatta.

Bu haqda soʻz yuritganda, keyingi yillarda davlat byudjetidan tibbiyot sohasi uchun yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar hajmi 6 karra oshirilgani, sogʻliqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati tubdan yaxshilanganini taʼkidlash lozim. Tibbiy xizmatlar aholiga yanada yaqinlashtirilib, sifatli tibbiy xizmatlar mahallagacha tushirilmoqda. Eng muhimi, bunday oʻzgarishlar natijasini har bir yurtdoshimiz oʻz hayotida his etmoqda. Masalan, ilgari faqat poytaxtda koʻrsatilgan 400 dan ziyod yuqori texnologik tibbiy xizmatlar hozirgi vaqtda viloyat va tumanlarning oʻzida ham amalga oshirilmoqda.

Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami boʻyicha xalqaro tajribaga asoslangan yangi model joriy etilmoqda. Qisqa muddatda hududlarimizda 490 ta muassasa qayta tashkil etilib, yuridik maqomga ega boʻlgan 350 ta mustaqil oilaviy poliklinika faoliyati yoʻlga qoʻyilgani bu boradagi ishlarimizning natijasidir.

Yurtimizda 2017-yildan buyon onalar oʻlimi koʻrsatkichi 21 promilledan 11 promillega, goʻdaklar oʻlimi esa 11,5 promilledan 7,8 promillega kamaygani ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarimizning samarasidir.

Joriy yil birinchi marta davlat tibbiyot muassasalariga robot texnologiyalari kirib keldi. Oʻtayotgan yilda tibbiyotni raqamlashtirish ishlari butunlay yangi bosqichga koʻtarildi.
Sohada DMED yagona elektron axborot platformasi ishga tushirilib, unga 36 million nafardan ziyod aholining tibbiy maʼlumotlari kiritildi. Vazirlik tizimida “Raqamli sogʻliqni saqlash” markazi ochildi.

Sunʼiy intellekt asosida bajarilayotgan tibbiy tekshiruv va muolajaning turlari 43 taga yetdi.

Tez tibbiy yordam xizmatida chaqiriqlarni elektron boshqarish tizimi oʻrnatilgani ham muhim yangilik boʻldi. Davlat tibbiy sugʻurta mexanizmlarini joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Tibbiyotda xususiy sektor ulushi ortib bormoqda. Oʻtgan sakkiz yilda yurtimizda xususiy klinikalarning soni 3,5 mingtadan 9 mingtaga, ular tomonidan koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat turlari esa 50 tadan qariyb 130 taga yetgani buning yaqqol tasdigʻidir.

Mamlakatimiz farmatsevtika bozorida milliy mahsulotlarning hajmi koʻpayib, 2017-yildan buyon ishlab chiqarish 1,4 trillion soʻmdan 6,3 trillion soʻmga, eksport miqdori esa 6,3 million dollardan 250 million dollarga oʻsdi.

Soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida mavjud uchta oliy oʻquv yurti negizida Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Urganch davlat tibbiyot instituti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti nufuzli xalqaro “Times Higher Edusation” (THE) reytingidan joy oldi. Xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining soni 8 tani tashkil etmoqda.

Bu yil 300 nafarga yaqin mutaxassislarimiz oʻnlab rivojlangan xorijiy mamlakatlarda oʻz bilim va malakasini oshirib keldi.

Yurtimiz aholisining turmush sharoitlari yaxshilanib, oʻrtacha umr koʻrish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzayganida siz, oʻz kasbi va xizmat vazifasiga sodiq, zahmatkash soha xodimlarining munosib hissangiz bor, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Hurmatli shifokorlar!

Bugungi kunda biz oʻz oldimizga qoʻygan ulkan marralarga erishishda xalqimizning tinchligi va sogʻligʻini asrash hal qiluvchi ahamiyatga ega. Chunki tinchlik va sogʻliqni mustahkamlab, oʻz kuch hamda imkoniyatlariga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va millat ezgu maqsadlariga albatta erishadi.

Siz, azizlar bundan buyon ham boy bilim va tajribangiz, malaka va mahoratingiz bilan soha rivojini yangi bosqichga koʻtarish, Oʻzbekiston tibbiyotining shonli anʼanalarini izchil davom ettirish, jahon tibbiyotining ilgʻor yutuqlarini oʻzlashtirish uchun yanada katta kuch-gʻayrat bilan mehnat qilasiz deb ishonaman.

Oʻz navbatida, soha xodimlarining xizmatlarini munosib qadrlash, ular uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratib berish masalalari bundan buyon ham davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibor markazida boʻlib qoladi.

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, ish faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va fayzu baraka tilayman.

Hamisha sogʻ-omon boʻling, qoʻlingiz dard koʻrmasin, aziz shifokorlar!

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер