Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi

15:35 16 Mart 2022 Jamiyat
1397 0

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Joriy yilning 16-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Fuqarolar yigʻinlari raislarining vakolat muddati tugashi munosabati bilan Senat Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 105 moddasi hamda “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi qonunlarning tegishli moddalariga muvofiq fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ning navbatdagi saylovini shu yilning may oyida oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Majlis jarayonida mazkur qaror asosida Senat Raisi boshchiligida Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasi tuzildi. Shuningdek, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ning saylovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tadbirlar rejasi hamda saylov byulleteni namunasi tasdiqlandi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, hududlarda saylovni tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar tuzish, saylovni tashkil etish hamda oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga har tomonlama koʻmaklashish, saylovni oʻtkazishda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, saylov oʻtkaziladigan joylarda tibbiy xizmat koʻrsatilishini samarali tashkil etish, sanitariya-gigiyena talablari va karantin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, shuningdek, saylov jarayonini keng yoritish boʻyicha alohida vazifalar belgilab olindi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Shu kunning oʻzida Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasining birinchi yigʻilishi ham tashkillashtirildi. Unda boʻlajak saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq qator masalalar muhokama qilindi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

— Mahalla jamiyat jipslashuvida muhim boʻgʻin hisoblanadi, demak mahalla raislari yelkasida oʻta masʼuliyatli vazifa turibdi, — dedi Respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva, — Bu yilgi saylovlarda 9 300 dan ziyod fuqarolar yigʻinlari raislari saylanishi kutilmoqda. Bu galgi saylovlar mamlakatimiz rivojlanishining butunlay yangi bosqichida, jumladan, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch omiliga aylantirish Taraqqiyot strategiyamizning ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan tarixiy pallada boʻlib oʻtadi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Fuqarolarning saylovda ishtirok etishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, saylov jarayoniga yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb etish, saylov ishtirokchilari qonun talablariga, shu jumladan, oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi tamoyillariga soʻzsiz rioya etishlarini taʼminlash boʻlajak saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi eng muhim vazifalar hisoblanadi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?