Oʻzbekiston — Qozogʻiston: buyuk shoirlar ijodini oʻrganish xalqlarni yaqinlashtiradi

18:28 03 Noyabr 2020 Siyosat
299 0

2020-yil 3-noyabr kuni buyuk shoir va olim Alisher Navoiyning “Xamsa” asarini qozoq tilida va buyuk qozoq mutafakkiri Abay asarlarini oʻzbek tilida nashr etishga bagʻishlangan xalqaro onlayn-konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya Qozogʻiston Respublikasida oʻzbek tili kunini nishonlash doirasida tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Narbayeva, Qozogʻiston Respublikasi Parlamenti Senatining Raisi Maulen Ashimbayev, ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari aʼzolari, xorijiy mamlakatlar elchilari, taniqli adabiyotshunos olimlari, tarjimonlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston va Qozogʻistonni azaldan qardoshlik va doʻstlik rishtalari bogʻlab turishini taʼkidladilar. Ikki xalq bir hududda, bir xil tarixiy sharoitda shakllangan va kamol topgan. Bugungi kunda mamlakatlarimiz rahbarlari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Kasim-Jomart Tokayevning shaxsiy saʼy-harakatlari, shuningdek, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar rivojlanishi tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarildi.

Turli zamonlarda yashab, faoliyat yuritgan Navoiy va Abayning ijodini umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat, insonparvarlik va ezgulik ruhi birlashtirganligi taʼkidlandi. Bugun ushbu buyuk shoirlar, faylasuflar va jamoat arboblarining bebaho merosini birgalikda oʻrganish mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlash imkoniyatini bermoqda. Jumladan, buyuk shoir va olim Alisher Navoiyning “Xamsa” kitobining qozoq tilida va buyuk qozoq mutafakkiri Abay asarlarining oʻzbek tilida nashr etilishi ikki qardosh xalqni yana-da yaqinlashtirish yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻldi.

Tadbir davomida Oʻzbekistonning Xalqaro Turkiy Akademiyaga qoʻshilish imkoniyatlariga alohida urgʻu berildi. Shu munosabat bilan Qozogʻiston tomoni ushbu nufuzli xalqaro akademiya 40 ga yaqin ilmiy tadqiqot institutlari, turkologiya markazlari bilan aloqalar oʻrnatganini taʼkidladi. Hozirda Akademiya 100 ga yaqin xorijiy turkshunos olimlar ishtirokida loyiha amalga oshirmoqda. Mazkur muloqot ham shu yoʻlda qoʻyilgan muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.

Qozogʻiston parlamenti vakillari qozoq xalqi Navoiy ijodi bilan yaxshi tanishligini taʼkidladilar. Zero, quyosh barcha uchun umumiy boʻlganidek, shoir va yozuvchilarning asarlari ham butun insoniyatning umumiy merosidir.

Tadbir yakunida buyuk shoir va olim Alisher Navoiyning qozoq tilidagi “Xamsa” kitobi va buyuk qozoq mutafakkiri Abay asarlarining oʻzbek tilidagi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?