Oʻzbekiston-Qatar: Toshkentda Hukumatlararo komissiyasining 1-yigʻilishi va keng koʻlamli biznes-forum boʻlib oʻtadi

15:56 15 Mart 2023 Siyosat
583 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yilning 14-mart kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qatar Davlatining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Hasan Hamza Hashem bilan uchrashdi. Suhbat chogʻida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakovning joriy yil fevral oyida Dohaga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar ijrosi koʻrib chiqildi. Gap mart oyida ikki davlat oʻrtasida Savdo-iqtisodiy va texnik hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning 1-yigʻilishi hamda Toshkentda ikki davlatning qoʻshma biznes-forumini oʻtkazish haqida ketmoqda.

Muzokaralar chogʻida ikki davlat oʻrtasida amalda boʻlgan barcha kelishuvlarning samarali va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash, ikki tomonlama hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilash, biznes tuzilmalari oʻrtasida sheriklik munosabatlarini oʻrnatish, toʻsiqlik qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgan yechim topish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha qator qoʻshma loyihalarni, jumladan Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida bugʻ-gaz elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, sayyohlik oqimi va oʻzaro savdo hajmini oshirish maqsadida Qatar Airways tomonidan ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni tashkil etish boʻyicha tashabbuslarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirishga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?