Oʻzbekiston «Qarabtep» xalq oʻyini sport federatsiyasi tashkil etiladi

15:10 07 Iyun 2021 Sport
1014 0

Turizm va sport vazirligida oʻtkazilgan davra suhbati esa mamlakatimiz boʻylab «Qarabtep» xalq oʻyini musobaqalarining tashkil etilishiga bagʻishlandi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-maydagi yigʻilish bayoni bilan 2021-yilning iyun-iyul oylarida mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizdan boʻlgan «Qarabtep» xalq oʻyini musobaqalarini oʻtkazish belgilab qoʻyilgan.

Tadbirda soʻz olgan Turizm va sport vazirining oʻrinbosari Avazjon Karimov «Qarabtep» xalq oʻyinining inson salomatligini mustahkamlashdagi oʻrni va ahamiyatiga toʻxtalib, xuddi shu koʻrinishdagi jismoniy harakatlar xorijiy davlatlar, jumladan Xitoyda juda keng ommalashgani, shu sababli ularda aholining salomatlik darajasi ancha yuqori ekanligini alohida eʼtirof etdi. Oʻz navbatida Hukumatimizning «Qarabtep» xalq oʻyinini aholining turli qatlamlari, ayniqsa yoshlar orasida ommalashtirish borasidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Davra suhbatiga raislik qilgan Oʻzbekiston Polvonlar Milliy markazi raisi Norquli Yusupov iyun-iyul oylarida mamlakatimiz boʻylab «Qarabtep» xalq oʻyini musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etishda hamkor tashkilotlarni amaliy yordam koʻrsatishga chaqirdi.

Shuningdek, davra suhbatida bir qancha shakllardagi «Qarabtep» xalq oʻyinining asosiy ish quroli – “Tepki”lar ham namoyish etildi. Unda soha mutaxassislari mahalliy aholi tomonidan yaratilgan “tepki”ga yuqori baho berib, uni keng ommalashtirish va “oʻzbek brendi” sifatida dunyoga keng targʻib qilish borasida oʻz tavsiyalarini bildirdi.

Davra suhbatida Oʻzbekiston «Qarabtep» xalq oʻyini sport federatsiyasini tashkil etishga qaror qilindi. Bundan koʻzlangan maqsad, «Qarabtep»ni oddiy xalq oʻyini emas, balki sport turi sifatida yana-da ommalashtirish va albatta yaqin kelajakda jahonga olib chiqishdan iborat.

Darvoqe, tadbirda iyun-iyul oylarida mamlakatimiz boʻylab tashkil etilayotgan «Qarabtep» xalq oʻyini musobaqalariga respublikamizning kamida 5 million kishilik aholisi qamrab olinishi rejalashtirilayotganligi ham maʼlum qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?