Oʻzbekiston prokuraturasi tarixi muzeyi ochildi

19:12 20 Yanvar 2022 Jamiyat
473 0

Donishmandlar qayd etganidek, tarix ulugʻ murabbiydir. Insonni komillikka, oʻzlikni anglashga oʻrgatadigan tarix saboqlariga teng keladigan boshqa biron-bir dars yoʻq. Shu maʼnoda, oʻz tarixini, oʻtmishini unutgan, unga ehtirom va eʼzoz hissini yoʻqotgan millatning kelajagi boʻlmasligi inkor qilib boʻlmaydigan haqiqatdir.

Mamlakatimizda taraqqiyotimizning yangi bosqichida koʻp ming yillik tarixga ega boʻlgan yurtimiz hamda xalqimizning oʻtmishiga xolis nazar tashlanib, Oʻzbekistonning eng qadimgi tarixidan boshlab, to bugunga qadar yuz bergan eng muhim voqealar, hodisalar odilona va boricha talqin etilyapti.

Tariximizning barcha bosqichini yaxlit holda qabul qilib, har tomonlama chuqur oʻrganishga kirishildi. Albatta, bu yoʻldagi ezgu maqsadlar roʻyobi uchun yuz minglab nodir eksponatlarni oʻz ichiga olgan muzeylar alohida ahamiyatga, bemisl qimmatga ega.

Quvonarlisi, tarixdan soʻzlovchi bunday muzeylar soni yana bittaga koʻpaydi — poytaxtimizda Oʻzbekiston prokuraturasi tarixi muzeyi ochildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda prokuratura organlari, sud-huquq idoralari, tegishli vazirlik va tashkilotlar rahbar-xodimlari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Marosimda dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N. Yoʻldoshev soʻzga chiqib, muzey ochilishi bilan barcha qatnashchilarni samimiy qutladi.

— Mamlakatimiz prokuraturasi organlarining tarixini, bugungi hayotini aks ettiruvchi mazkur muzey 2 mingdan ortiq eksponatlarni oʻzida mujassam etgan, — deydi Bosh prokuror N. Yoʻldoshev. — Zero, ilk marotaba mustaqil davlatning prokuraturasi sifatida eʼtirof etilgan hamda bu maqomi qonuniy tarzda mustahkamlanganiga 30 yil boʻlayotgan tizimimiz milliy davlatchiligimizning olis tarixi bilan ham chambarchas bogʻliq. Prezidentimiz tashabbusi, tizimga boʻlgan eʼtibori tufayli prokuratura organlarining butun qiyofasi keyingi yillarda tubdan oʻzgardi. Tizimimiz xalq sari yuz tutdi, uni tashvishga solayotgan muammolarni hal qilishga koʻmaklashadigan, “Inson qadri uchun”, degan tamoyilni roʻyobga chiqarishga kamarbasta boʻladigan ishonchli tuzilma sifatida yangi davrga qadam qoʻydi. Binobarin, bu davrning yaqin istiqbolda beradigan samaralariga oid noyob eksponatlar ham muzeydan munosib oʻrin oladi. Zero, oxirgi besh yilda prokuratura bosib oʻtgan shonli yoʻlning oʻzi bir tarixdir.

Aytish joizki, muzey ekspozitsiyasi orqali prokuratura tizimining ana shunday uzoq yillik faoliyati, shakllanishi, rivojlanish jarayonlari — yorqin sahifalar va mashaqqatli davrlardan iborat boʻlgan tarixi yoritilgan. Oʻzbek davlatchiligi va huquqining uzoq taraqqiyot yoʻli, Vatanimiz hududida mavjud boʻlgan davlatlardagi boshqaruv, huquq-tartibot tuzilmalarining tarixiy ildizlari va rivojlanish bosqichlari ham dalillar asosida koʻrsatib berilgan.

Ekspozitsiyaning asosiy gʻoyasi prokuratura organlari erishgan yutuqlarni, boy madaniy hamda tarixiy merosini, soha xodimlarining ibratli hayoti va faoliyatini aks ettirish, targʻib qilish orqali muzeyga tashrif buyuruvchilarda Vatanga muhabbat, kasb hamda xizmat burchiga sadoqat hissini yuksaltirish, fuqarolarning prokuratura organlari, pirovardida, davlatga ishonch va hurmatini oshirishdan iborat.

Shubhasiz, qisqa muddatlarda 700 kvadrat metr maydonda bunyod etilgan mazkur muzey kelgusida yanada kengayadi, uning eksponatlari soni ham oshib, boyib boraveradi.

Rahim SHERQULOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер