Oʻzbekiston Prezidentining AI-80 rusumli avtobenzin mahsulotini aksiz soligʻidan ozod qilishga oid qarori qabul qilindi

20:00 12 Dekabr 2022 Hujjatlar
2176 0

Kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarning avtobenzin mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini oʻz vaqtida taʼminlash, ularning narxlarini barqarorlashtirish hamda aholining ortiqcha sarf-xarajatlarini qisqartirish maqsadida:

1. Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining 2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy isteʼmolchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz soligʻini “nol” stavkada qoʻllash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. 2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-aprelga qadar Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi tomonidan, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishmasdan tadbirkorlik subyektlarini ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga aralashmagan holda energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari boʻyicha tekshirishga ruxsat berilsin.

Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi oʻtkaziladigan tekshiruvlar natijalari boʻyicha avtobenzin mahsulotlarining ortiqcha yoʻqotishlariga va talon-torojliklarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan jazochoralarini qoʻllash, shuningdek, ularning faoliyatiga huquqiy baho berish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnomalar kiritib borsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5031-son qarori 1-bandining “v” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.T.Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti   Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2022-yil 12-dekabr

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?