Oʻzbekiston Prezidentining 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bir qator muassasalarga tashrifi jarayonlaridan “Xalq soʻzi” muxbiri fotoreportaji

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”
Joriy yilning 13-yanvar kuni Mudofaani boshqarish milliy markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, Qurolli Kuchlarimizning qoʻmondonlik tarkibi, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilishda mamlakatimiz mudofaasi va xavfsizligini mustahkamlash boʻyicha 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Undan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-yanvar kuni Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitalini borib koʻrdi.

Ilgari bu shifoxonaning binolari ham, ish uslubi ham eski edi. Davlatimiz rahbari 2018-yilda bu yerga kelib, uni rekonstruksiya qilish va zamonaviy jihozlash boʻyicha topshiriqlar bergan edi. Shu asosida katta hajmdagi qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Tibbiy uskuna va jihozlar yangilandi. Boshqaruvda klinik menejment joriy etildi.

Gospital jami 700 oʻringa moʻljallangan boʻlib, bu yerda harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, soha faxriylari bepul davolanadi. Shuningdek, boshqa bemorlarga ham pullik xizmat koʻrsatiladi. Buning uchun 286 xil diagnostik tekshiruv, 600 dan ortiq amaliyotlar yoʻlga qoʻyilgan, 30 ga yaqin ixtisoslashgan boʻlimlar tashkil etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12-yanvardagi farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlarining bir guruh xodimlari harbiy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Tashrif davomida Prezident Administratsiyasida ushbu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev barcha harbiy xizmatchilarni va soha faxriylarini mazkur shonli sana bilan tabrikladi.

Bu yilgi tantanali tadbir yana jihati bilan esda qolarli boʻldi. Maʼlumki, Amir Temur bobomiz bironta jangda yengilmagan, Sohibqironning bayrogʻi hamisha baland hilpirab turgan. U bugungi avlodlar uchun qatʼiyat, harbiy mahorat, gʻurur va iftixor timsolidir.

Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan armiya tizimida “Amir Temur jangovar bayrogʻi” mukofoti taʼsis etildi. Bu borada oʻtkazilgan tanlovda Markaziy harbiy okrug gʻolib boʻldi.

Marosimda ushbu okrug qoʻmondoniga ilk bor “Amir Temur jangovar bayrogʻi” tantanali ravishda topshirildi.

Mukofotlanganlar nomidan soʻzga chiqqanlar yuksak ishonch va eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring