O‘zbekiston Prezidenti yangi formatdagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi

13:18 16 Noyabr 2025 Siyosat
208 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda ustuvor sohalarda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

 Sammit avvalida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilganini mamnuniyat bilan e’lon qildi. O‘zbekiston yetakchisi ta’kidlaganidek, bu qaror mushtarak tarix, qardoshlik rishtalari, ma’naviy va madaniy yaqinlik bilan uzviy bog‘langan xalqlarimiz manfaatlariga to‘liq javob beradi.

Shuningdek, ushbu strategik qadam Maslahat uchrashuvlariga kuchli shiddat berishiga, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish, barqaror taraqqiyot masalalari bo‘yicha hamjihatlikda qarorlar ishlab chiqish uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdi.

– Mohiyatan biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etmoqdamiz, hamkorlikning yagona makonini shakllantirishga yo‘l ochmoqdamiz. Bu ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi va barqarorligini kuchaytirishi shubhasiz, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

So‘ng O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda mintaqada amalga oshirilayotgan integratsiya jarayonlarini qisqacha tahlil qildi. Ochiq muloqot va birgalikdagi faol sa’y-harakatlar tufayli mintaqa uchun dolzarb bo‘lgan qator muammolarga samarali yechimlar topilgani ta’kidlandi.

Hududiy masalalar uzil-kesil hal etildi, chegara punktlari ochildi, suv-energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, transport aloqalari qayta tiklandi, faol savdo-investitsiyaviy va gumanitar aloqalar uchun qulay sharoitlar yaratildi.

– Bugungi kunda Markaziy Osiyo – barqaror o‘sish va farovonlik uchun oldimizda yangi imkoniyatlar ochayotgan jadal taraqqiyot va samarali hamkorlik makonidir, – dedi davlatimiz rahbari.

Mintaqa jahon iqtisodiyotiga faol integratsiyalashmoqda: investitsiyaviy jozibadorlik oshmoqda, uchinchi bozorlarga eksport qilish imkoniyatlari kengaymoqda, tranzit salohiyati o‘smoqda. O‘tgan yili mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard dollarga yetdi, Markaziy Osiyoga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 17 foizga ko‘paydi.

Xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, terrorizm va ekstremizm, transchegaraviy jinoyatchilik tahdidlariga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.

Mintaqaning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi mavqeyi mustahkamlanib, global masalalardagi roli ortib bormoqda, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi munosabatlar kuchaymoqda, mintaqa nufuzli xalqaro maydonlarda yagona pozitsiya bilan maydonga chiqmoqda.

Formatga Ozarbayjonning qo‘shilishi bilan mintaqaning jahon hamjamiyatidagi ovozi yanada salmoqli bo‘lishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston raisligi davrida 20 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazilgani ta’kidlandi. Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Hududlararo hamkorlik forumi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, ilk bor mudofaa idoralari, maxsus xizmatlar rahbarlari, shuningdek, geologiya, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va madaniyat vazirlarining yig‘ilishlari o‘tkazildi. Kuni kecha Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollarining muloqoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Ushbu tadbirlarning barchasi mintaqaviy sheriklikning institutsional asoslari va mexanizmlari tizimli ravishda mustahkamlanib borayotganidan yaqqol dalolat ekani ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro siyosiy jarayonlar sharoitida mintaqa mamlakatlarining hamjihatligi va bir-birini qo‘llab-quvvatlashini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Ishonchim komilki, bugun biz mintaqamizning Yangi Markaziy Osiyo sifatidagi tarixiy uyg‘onish davri ostonasida turibmiz. Biz hamkorligimizning institutsional asoslarini yanada mustahkamlash, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga nisbatan tahdidlarga o‘zaro muvofiqlashtirilgan javobni ishlab chiqishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz. Biz uchun hozirning o‘zida mintaqamizni bundan 10-20 yildan keyin qanday ko‘rishni xohlashimiz bo‘yicha aniq tushunchaga ega bo‘lish muhimdir, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, bugungi uchrashuvlarni mintaqaviy muloqotning maslahatlashuv shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirish taklif qilindi. Maslahat uchrashuvlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish, navbatma-navbat ishlaydigan Kotibiyatni ta’sis etish, milliy muvofiqlashtiruvchilar maqomini Prezidentlarning maxsus vakillari darajasiga ko‘tarish bu boradagi dastlabki qadamlar bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Prezidentimiz boy hayotiy tajribaga ega, obro‘-e’tiborli jamoat arboblaridan iborat Oqsoqollar kengashini tuzish tashabbusini ilgari surdi, bu avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek, umummintaqaviy hamjihatlik va o‘ziga xoslikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston yetakchisi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqish vazifasi ustuvor ekani, bu o‘rta muddatli istiqbolda o‘zaro savdo va umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmini 1,5-2 barobar oshirish imkonini berishini ko‘rsatib o‘tdi.

Ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, soliq va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridan birgalikda foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

– Bizning nuqtayi nazarimizda, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha masalalarni qamrab oladigan, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dasturni ishlab chiqish va qabul qilish savdo hajmlarini sezilarli darajada oshirish uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari, mintaqada yagona investitsiya muhitini shakllantirish uchun Umumiy investitsiya makoni to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qilish zarurligi qayd etildi. Sohadagi yondashuvlarni uyg‘unlashtirish, virtual savdo maydonchalari va ishonchli raqamli to‘lov tizimlarini yaratishga qaratilgan Elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Mintaqaning yuqori texnologik infratuzilmasi va transport-logistika salohiyatini birgalikda rivojlantirish mintaqa kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.

– Elektr stansiyalari va uzatish tarmoqlari, avtomobil va temir yo‘llar, chegara orqali o‘tkazish punktlari, “yashil yo‘laklar”, optik-tolali liniyalar va boshqa obyektlarni qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik ahamiyatga ega bo‘lgan umummintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirishni taklif etamiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li va Transafg‘on transport yo‘lagi qurilishi mintaqalararo transport bog‘liqligining ustuvor loyihalari sifatida qayd etildi. Hududni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan Transkaspiy yo‘nalishlari katta imkoniyatlarga ega ekaniga e’tibor qaratildi.

Ushbu yo‘nalishlardagi ishlarni muvofiqlashtirish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida Infratuzilmani rivojlantirish kengashini tuzish taklif qilindi.

Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash nuqtayi nazaridan sammitda qabul qilinayotgan hujjatlar – Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik konsepsiyasi hamda Tahdidlar va xatarlar katalogi yuqori baholandi.

Afg‘onistondagi vaziyatning xavfsizlikka ta’sirini hisobga olgan holda va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun ushbu mamlakatni mintaqaviy infratuzilma, energetika hamda transport loyihalariga integratsiya qilish muhimligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari yaqinda o‘tkazilgan “Farg‘ona tinchlik forumi”ni an’anaviy xalqaro forumga aylantirish zarurligini bildirdi.

Mintaqa mamlakatlari uchun ekologiya, iqlim va suv resurslari taqchilligi masalalari tobora dolzarb bo‘lib borayotgani sharoitida Markaziy Osiyoning “yashil” taraqqiyot konsepsiyasini tez fursatda qabul qilish muhimligi qayd etildi.

Mintaqada suv tanqisligi ortib borayotganini hisobga olib, 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” deb e’lon qilish taklif etildi.

Qo‘shni Afg‘onistonni Amudaryo havzasi suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga faol jalb qilish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Suv xo‘jaligi sohasida kadrlarni professional tayyorlashga sarmoya kiritish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti negizida Suv xo‘jaligi sohasidagi mintaqaviy vakolatlar markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari kelgusi yili yurtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, Islom sivilizatsiyasi markazi yoshlar, ularning ilmiy va ma’naviy ma’rifati uchun jozibador maskanga aylanishiga umid bildirildi.

Shuningdek, sammit arafasida poytaxtimizda ilk bor o‘tkazilgan Ma’naviy meros va ma’rifat masalalari bo‘yicha xalqaro kongressni muntazam o‘tkazib borish taklif etildi.

Ushbu mavzuni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti mintaqamizning atoqli olim va mutafakkirlarining global ma’rifat rivojiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Ilmiy-ta’lim kooperatsiyasi doirasida davlatlararo loyihalarni moliyalashtirish, akademik hamjamiyatni rag‘batlantirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish imkoniyatlarini kengaytirish uchun Ilmiy tadqiqotlar fondini tashkil etish taklif qilindi.

O‘zbekiston yetakchisi so‘zining yakunida bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va ilgari surilayotgan tashabbuslarda barqaror, xavfsiz va farovon Markaziy Osiyoni barpo etishdek umumiy maqsad mujassam ekanini ta’kidladi.

– Alohida ta’kidlamoqchiman: bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda. Faqat hamjihat bo‘lib, o‘zaro hurmat, birdamlik va strategik yondashuvlarga tayanib, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, Turkmaniston Prezidentini 2026-yilda davlat rahbarlarining “Markaziy Osiyo va Ozarbayjon” yangi formatida bo‘lib o‘tadigan Maslahat uchrashuviga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi.

So‘ng Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon yetakchilari so‘zga chiqdi. BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning murojaatini o‘qib eshittirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?