Oʻzbekiston Prezidenti va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish muhimligini taʼkidladilar
Foto: president.uz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi va Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida yetakchilar Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi bilan bir-birlarini dildan qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar. Xalq Maslahati Raisi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning ham samimiy tabriklarini yetkazdi.
Oʻtgan yillarda Oʻzbekiston-Turkmaniston munosabatlari doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchdek ezgu anʼanalarga tayangan holda jadal rivojlanib borgani va bugungi kunda strategik sheriklikdek yuksak darajaga koʻtarilgani alohida qayd etildi.
Ushbu qutlugʻ kunda azaldan yaqin qardoshlik rishtalaridan kelib chiqib va oʻzaro hurmat belgisi sifatida mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstona yordam almashildi – Turkmanistondan yurtimizga suyultirilgan gaz partiyasi yetkazildi, oʻz navbatida Oʻzbekistondan qoʻshni mamlakatga zamonaviy tez yordam mashinalari joʻnatildi.
Bundan tashqari, kuni kecha mamlakatlarimiz poytaxtlarida keng jamoatchilik, milliy diasporalar va diplomatik korpus vakillari ishtirokida tantanali tadbir va konsertlar boʻlib oʻtdi.
Tovar ayirboshlashning oʻsayotgani hamda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini barpo etish boʻyicha birgalikdagi ishlar boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Transport, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish sohasida, shu jumladan qoʻshma suv xoʻjaligi komissiyasi doirasida samarali hamkorlik davom etmoqda.
Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida, shu jumladan hududlar darajasida taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari faol roʻyobga chiqarilmoqda.
Oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va mintaqaviy ahamiyatga ega strategik loyihalarni birgalikda ilgari surish uchun imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
Xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Telefon orqali muloqot har doimgidek samimiy, ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring