Oʻzbekiston Prezidenti Yevropa Kengashi rahbari bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi

19:25 23 Yanvar 2025 Siyosat
200 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-yanvar kuni Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotida ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Antoniu Koshta Yevropa Kengashi rahbari lavozimiga saylangani bilan samimiy tabriklab, unga katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilgani va barcha ustuvor yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Turli darajalarda faol muloqot va almashinuvlar olib borilmoqda. 2024-yilda Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard yevrodan oshdi, Yevropa kompaniyalari bilan loyihalar portfeli 30 milliard yevroga yetdi.

Oʻtgan yili oʻta muhim mineral resurslar sohasida strategik sheriklik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Transport va raqamli oʻzaro bogʻliqlik, “yashil” iqtisodiyot, madaniyat va boshqa yoʻnalishlarda samarali hamkorlik olib borilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning tez fursatda imzolanishi oʻzaro munosabatlarning butun majmuini rivojlantirishga jiddiy turtki boʻlishiga ishonch bildirildi.

Oʻzbekiston yetakchisi va Yevrokengash rahbari xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha qoʻshma rejalar muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?