Oʻzbekiston Prezidenti Yevropa ishbilarmonlarini oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi

14:33 24 Oktyabr 2025 Siyosat
188 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati oʻtkazdi.

Uchrashuvda “Vandewiele”, “Linde”, “Rhenus Logistics”, “Ahlers Logistics”, “Lasselsberger Group”, “Pietro Fiorentini”, “NextChem”, “Meridiam”, “SUEZ”, “FMO”, “European Investment Bank”, “Commerzbank”, “KfW”, “Textima”, “Chimcomplex”, “Metso” hamda boshqa kompaniya va korporatsiyalarning rahbariyati ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani yuksak oʻzaro ishonch va uzoq muddatli sheriklikka intilishning ifodasi ekanini alohida taʼkidladi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning imzolanishi Oʻzbekiston va YI oʻrtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.

Keyingi yetti yilda tovar ayirboshlash ikki barobar koʻpaydi, Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qoʻshma korxonalar soni mingdan oshdi. Bu koʻrsatkichlar investorlarning Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Yevropalik hamkorlar Oʻzbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va tubdan isloh qilish, ilgʻor texnologiyalar, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish hamda innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishga koʻmaklashayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Yoshlarning oliy taʼlim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Yangi oliy oʻquv yurtlari tashkil etildi, xorijiy universitetlarning filiallari ochildi, yevropalik hamkorlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning toʻrtta muhim yoʻnalishini koʻrsatib oʻtdi.

Oʻzbekiston strategik xomashyo va minerallarni oʻzlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor.

“Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yoʻnalishlardir. Mamlakatimiz qayta tiklanadigan energetikani faol joriy etmoqda, energetika tizimini modernizatsiya qilmoqda. Yevropalik hamkorlarga “yashil” energetika, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida ishtirok etish taklif qilindi.

Infratuzilma va logistikani rivojlantirish ham ustuvor ahamiyatga ega ekani koʻrsatib oʻtildi. Oʻzbekiston avtomobil yoʻllari, temir yoʻllar va aeroportlarni oʻz ichiga olgan transport tarmogʻini modernizatsiya qilmoqda. Mamlakatimiz tranzit yoʻnalishlarini rivojlantirish, Yevropa va Osiyoni bogʻlaydigan zamonaviy logistika markazlarini barpo etish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyor.

Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston IT-Parklar va startap inkubatorlarini rivojlantirmoqda hamda Yevropa kompaniyalari bilan sunʼiy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlik qilishga tayyor.

Davra suhbati ishtirokchilari, oʻz navbatida, mamlakatimizda investitsiyalar uchun yaratilgan shaffof va barqaror sharoitlarni yuqori baholadilar hamda yurtimizda yangi qoʻshma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?