Oʻzbekiston Prezidenti BAA bilan sunʼiy intellekt sohasidagi sheriklikni rivojlantirishni taklif etdi

18:08 14 Yanvar 2025 Siyosat
216 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni Abu-Dabi shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Birlashgan Arab Amirliklari sunʼiy intellekt vaziri Umar bin Sulton al-Olama bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda “Presight” kompaniyasi rahbari Tomas Pramotedam, “AIQ” kompaniyasi rahbari Magjan Kenesbay va “Khazna” kompaniyasi rahbari Hasan al-Naqbi, Muhammad bin Zoid nomidagi Sunʼiy intellekt universiteti prezidenti Erik Sing ham ishtirok etdi.

“Presight”, “AIQ” va “Khazna” kompaniyalari katta maʼlumotlar tahlili va sunʼiy intellekt sohasida yetakchi kompaniyalar qatoriga kiradi. Muhammad bin Zoid universiteti sunʼiy intellekt sohasidagi tadqiqotlarga ixtisoslashgan dunyodagi birinchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Uchrashuvda Amirlik kompaniyalari bilan ilgʻor texnologiyalarni rivojlantirish va ularni turli sohalarga muvaffaqiyatli joriy etishga qaratilgan strategik sheriklikni kengaytirish yoʻllari koʻrib chiqildi.

Generativ sunʼiy intellektni ishlab chiqish, shu jumladan energetika sohasida “katta til modellari”ni qoʻllash, Toshkentda yirik maʼlumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Muhammad bin Zoid nomidagi Sunʼiy intellekt universiteti bilan almashinuvlarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz talabalarni oʻqitish dasturini ishga tushirib, bu sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishni taklif etdi.

Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini birgalikda ishga tushirish, texnologik klasterlar tashkil etish va kontaktsiz toʻlov operatsiyalari uchun innovatsion yechimlarni joriy etish rejalari muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?