Oʻzbekiston Prezidenti BAA bilan yirik energetika loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi

19:39 14 Yanvar 2025 Siyosat
210 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy, “TAQA” rahbari Jasim Husayn Tabet, “TAQA Water Solutions” rahbari Ahmad al-Shamsiy va “Etihad Water & Electricity” rahbari Yusuf al-Ali ham ishtirok etdi.

Mazkur kompaniyalar energiya va suv taʼminoti, tozalash tizimlarini boshqarish sohasida jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchi va operatorlar hisoblanadi.

Mamlakatimizda “yashil” energetika, kommunal xizmat koʻrsatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari energetika sohasidagi strategik sheriklik ikki tomonlama hamkorlikning lokomotivi boʻlib xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Bu borada umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik 5 ta loyiha birgalikda ishga tushirildi. Dekabr oyida Navoiy viloyatida quvvati 500 megavatt boʻlgan shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi, yana bir qator obyektlar qurilishi faol bosqichga kirgan.

Oʻzbekiston Prezidenti kompaniyalarning mamlakatimiz hududlarida mavjud issiqlik elektr stansiyalari quvvatlarini kengaytirish, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, yangi GESlar, elektr energiyasini saqlash tizimlari, yirik quyosh va shamol stansiyalari qurilishini jadallashtirish borasidagi rejalarini qoʻllab-quvvatladi.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida suv taʼminoti tarmoqlarini rivojlantirish va yangi tozalash inshootlarini barpo etish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер