Oʻzbekiston Prezidenti Amerika biznesi bilan strategik sheriklikning yangi yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi

02:36 07 Noyabr 2025 Siyosat
165 0

Vashington shahriga amaliy tashrifning ishbilarmonlik dasturi yakunida davlatimiz rahbari AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tadbirda AQSH savdo vaziri Xovard Latnik, Prezidentning maxsus yordamchisi Rikki Gil, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Stiven Vaden, shuningdek, Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi rahbarlari, “Traxys”, “FLSmidth”, “McKinsey”, “Meta”, “Google”, “Amazon”, “Boeing”, “Air Products”, “Axiom Space”, “Cove Capital”, “Freeport-McMoRan”, “Orion CMC”, “Cargill Cotton”, “John Deere”, “Honeywell”, “Valmont Industries”, “Flowserve Corporation” kabi yirik korporatsiya va kompaniyalarning yuqori darajadagi menejerlari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston yetakchisi soʻnggi 8-yil ichida AQSH bilan tovar ayirboshlash hajmi 4 barobar oshgani, mamlakatimizda AQSHning 300 dan ortiq kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini taʼkidladi.

Prezidentimiz hamkorlikning bugungi darajasi birgalikdagi ishlarga keng istiqbol ochadigan yangi bosqichning boshlanishi ekanini alohida taʼkidladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan boʻlajak uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikning aniq yoʻnalishlari va yangi qoʻshma tashabbuslar muhokama qilinishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikning ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi.

2030-yilga borib Oʻzbekistonda 18-20 gigavattlik qayta tiklanuvchi quvvatlarga ega yangi energetika tizimi yaratiladi, elektr energiyasining yarmidan koʻpi quyosh va shamol energiyasi hisobidan ishlab chiqariladi.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston va AQSH uran, mis, volfram, molibden va grafit qazib olish hamda chuqur qayta ishlashni rivojlantiradi. Ishonchli yetkazib berish zanjirlarini yaratish va AQSHning ilgʻor qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, avtomobil va temir yoʻllar, terminallar va aeroportlarni modernizatsiya qilish boʻyicha keng koʻlamli dastur amalga oshirilmoqda. 2030-yilgacha transport infratuzilmasini rivojlantirishga 12 milliard dollardan ziyod mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan.

AQSHning “Google”, “Meta”, “NVIDIA” kompaniyalari bilan raqamli hamkorlik kengaymoqda. Apple Pay va Google Pay toʻlov tizimlarini joriy etish, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmogʻini yaratish shular jumlasidan.

Bunday loyihalarni ilgari surish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun DFC korporatsiyasi hamda AQSH Eksimbanki jalb qilinishi aytildi.

Yakunda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH kompaniyalarining investitsiya tashabbuslarini shaxsan qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, Oʻzbekiston xorijiy investorlar uchun ishonchli hamkor va muvaffaqiyat kafolati boʻlib qolishini taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер