Oʻzbekiston OTMlari uchun “Akademik ustuvorlik” loyihasini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 4-aprel kuni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida oliy taʼlim konsalting kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari hamda E2 Consulting & Media kompaniyasi direktori Yegor Yablokov, Minerva loyihasi strategik hamkorliklar boʻyicha direktori Maykl Karuanalar ishtirok etishdi.
Uchrashuv avvalida E2 Consulting & Media kompaniyasi direktori Yegor Yablokov tomonidan Oʻzbekiston OTMlari uchun “Akademik ustuvorlik” loyihasini tatbiq etish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi. Shuningdek, u loyihani amalga oshirish rejasi va istiqboldagi rejalarga ham toʻxtalib oʻtdi.
«Soʻnggi yillarda hamkorlikda amalga oshirilgan ishlarimiz natijasida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari qator yoʻnalishlar boʻyicha sezilarli darajada oʻsishga erishdi.
Mazkur jarayonlarni yanada jadallashtirish uchun esa oldimizda yana qator vazifalar turibdi. Xususan, mamlakatingiz oliy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish hamda yetakchi universitetlarni rivojlantirish uchun davlat dasturini ishga tushirish va qoʻllab-quvvatlash zarur.
Bu jarayonda esa mazkur OTMlarning rivojlanish va bitiruvchilarning bandlik koʻrsatkichlarini monitoring qilish hamda oliy taʼlim muassasalarining milliy iqtisodiyot, ijtimoiy sohani rivojlantirishga qoʻshgan hissasini va xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokini baholashning tekshiriladigan tizimini yaratish muhim ahamiyatga ega.
Bunda albatta amalga oshiriladigan dastur arxitekturasini mukammal ishlab chiqish uchun kuchlarni oʻzaro birlashtirishimiz lozim», – dedi Yegor Yablokov.
Oʻz navbatida Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi E2 Consulting & Media kompaniyasi direktorining mulohazalarini maʼqullab, jarayon boʻyicha oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
«Davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga mamlakatimizdagi kamida 10 ta oliygohning nufuzli xalqaro reytinglarga kirishini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Oʻtgan yillar mobaynida Sizlar bilan Oʻzbekiston OTMlari milliy reyting tizimini yoʻlga qoʻyishda hamkorlik qilib, bir qator ijobiy natijalarga erishdik.
Biroq ushbu natijalar mamlakatimiz OTMlarining xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallashlari uchun yetarli emas. Bu jarayonlarni yanada takomillashtirish uchun oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud maʼlumot bazalarini nufuzli agentliklar va markazlardagi tizimlar bilan oʻzaro integratsiya qilishimiz lozim.
Shuningdek, bu jarayonlarda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining izchil davom ettirilishi juda muhim», – dedi Ulugʻbek Tashkenbayev.
Uchrashuv yakunida tomonlar koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olishdi.
Maʼlumot uchun, OTMlar uchun “Akademik ustuvorlik” loyihasi 1995-yildan shu kunga qadar Daniya, Finlyandiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Ispaniya, Fransiya kabi ilgʻor mamlakatlarida amalga oshirilgan boʻlib, ushbu loyiha orqali quyidagi maqsadlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Oliy taʼlim muassasalarining jadal rivojlanishini taʼminlash va ularning milliy iqtisodiyotga qoʻshayotgan hissasini maksimal darajada oshirish, shuningdek, innovatsion rivojlanish modeliga oʻtishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
universitetlarning yangi modellarini (tadqiqot universiteti, tadbirkorlik universiteti va boshqalar), shu jumladan universitetlarning moliyaviy-iqtisodiy modellarini, ilgʻor jahon tajribasidan foydalanishga asoslangan boshqaruv modellarini yaratish;
universitetlarni rivojlantirish va ixtisoslashtirish yoʻnalishlarini mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadlariga muvofiq yoʻnalishlar boʻyicha takomillashtirish;
oliy taʼlim muassasalarining xalqaro ilmiy va taʼlim makoniga integratsiyalashuvini ragʻbatlantirish;
taʼlim va tadqiqotlar nufuzini milliy va xalqaro miqyosda oshirish;
oliy taʼlim muassasalariga iqtidorli yoshlarni jalb etishning samarali tizimini yaratish.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring