Oʻzbekiston notariuslarining II milliy kongressi boʻlib oʻtdi

19:10 31 May 2025 Jamiyat
420 0

Namangan shahrida Oʻzbekiston notariuslarining II milliy kongressi oʻtkazildi.

Kongress “Koʻchmas mulk: Rasmiylashtirish. Muammolar. Takliflar” mavzusida oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi D.Ashurov moderatorlik qildi.

Tadbirda 10 ga tashkilot va muassasalardan 300 dan ortiq ishtirokchilar ishtirok etishdi. Jumladan, Adliya vazirligi, sud, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yuristlar malakasini oshirish instituti, Kadastr agentligi va notariat sohasidan milliy ekspertlar, shuningdek Oʻzbekistonning barcha hududlaridan notariuslar qatnashishdi.

Shu bilan birga, tadbirda Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon davlatlaridan xorijiy ekspertlar ham ishtirok etishdi. Kongressda koʻchmas mulkni tasarruf etish bilan bogʻliq dolzarb muammoli masalalar koʻrib chiqildi.

Xususan, Adliya vazirligi boshqarmasi boshligʻi M.Xatamov “Koʻchmas mulkni roʻyxatga olishning oʻziga xos xususiyatlari” mavzusida, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori A.Saidov “Mulk huquqlarini roʻyxatga olishda inson huquqlarini taʼminlash” mavzusidagi maʼruzalar qilishdi.

Ishtirokchilar ayniqsa, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidovning maʼruzasini katta qiziqish bilan tingladilar.

Notiq oʻz nutqida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 65-moddasida Fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanishi, xususiy mulkning daxlsizligi, mulkdor oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi mustahkamlab qoʻyilganini taʼkidladi hamda Oʻzbekistonda koʻchmas mulkning konstitutsiyaviy asoslari yaratilganligini aytib oʻtdi.

Shu bilan birga Kongress ishtirokchilari diqqatini uchta dolzarb muammoga qaratdi. Bular yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning barqaror emasligi, mulkdor oʻz mulkidan erkin foydalanishni cheklaydigan holatlarning mavjudligi, mulkdorga yetkazilgan zarar rasman tan olinsa-da uni undirish jarayonining murakkabligidir.

“Bu muammolarni hal qilish – Inson huquqlarini taʼminlashdir. Notarial harakatlarning maqsadi ham inson huquqlarini taʼminlashdan iborat. Inson huquqlari madaniyatini shakllantirish juda dolzarb. Notarial palata bilan Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz oʻrtasida bugun imzolanadigan memorandum ana shu maqsadlarga qaratilgan. Shu bilan birgalikda Notarial palata huzurida Axborot-resurs markazi tashkil etishni rejalashtirganmiz. Bu markazlar viloyatlar markazlarida ham boʻladi va aholining dolzarb savollariga huquqiy maslahatlar beriladigan markazlar boʻladi. Shu bilan birga notariuslar malakalarini oshirish, ilmiy ishlar qilish boʻyicha rejalar qilingan”, — dedi Akmal Saidov oʻz soʻzida.

Davlat kadastrlari palatasi Bino va inshootlar davlat kadastrini yuritish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ahad Nasritdinov oʻz maʼruzasida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish borasidagi yangiliklar va mavjud muammolar masalasiga toʻxtalib oʻtdi.

Kongress doirasida Oʻzbekiston Notarial palatasi hamda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Tadbirda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi notarius Oʻ.Muxtorovning “Koʻchmas mulkni roʻyxatga olish borasidagi muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi maʼruzasi tinglandi. Notarius oʻz amaliyotlarida uchrab turadigan muammolar va ularning yechimlari boʻyicha konkret takliflarni ilgari surdi.

Ishtirokchilar notarial tasdiqlangan bitimlardan kelib chiqqan nizolarni hal etish bilan bogʻliq sud amaliyoti haqida Namangan viloyat sudining fuqarolik ishlari boʻyicha sudyasi N.Ahadovaning maʼruzasini qiziqish bilan tingladilar.

Shuningdek, xorijlik mehmonlar koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish borasida oʻzlarining tajribalari haqida oʻrtoqlashdilar.

Kongress yakunlari boʻyicha koʻchmas mulk bilan ishlashda zamonaviy usullarni yanada rivojlantirish va joriy etish istiqbollari belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер