Oʻzbekiston kritik minerallar sohasida global sahnaga chiqmoqda

11:25 11 Iyun 2025 Jamiyat
43 0

Toshkent xalqaro investitsiya forumi — Markaziy Osiyodagi eng yirik va nufuzli investitsion maydonlardan biri boʻlib, u Oʻzbekistonning barqaror iqtisodiy oʻsishi, modernizatsiya jarayonlari hamda sarmoyaviy salohiyatini dunyo auditoriyasiga keng namoyish etmoqda. Forum doirasida xalqaro kompaniyalar, moliyaviy institutlar ishtirok etmoqda.

Forumning asosiy ishtirokchilaridan biri — Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) boʻlib, u mamlakatning kritik minerallar sohasidagi strategik salohiyatini xalqaro investorlarga taqdim etmoqda.

TMK oʻzining geologik resurslari, zamonaviy qayta ishlash infratuzilmasi hamda toʻliq qiymat zanjiriga asoslangan yondashuvini forum mehmonlariga namoyish qilmoqda. AQSH, Yevropa, Osiyo davlatlarining yirik investor va moliyaviy institutlari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, Oʻzbekistonning kritik minerallar boʻyicha konseptual strategiyasi va istiqbolli loyihalari muhokama qilinmoqda.

Bugungi kunda TMK 25dan ortiq turdagi muhim minerallarni oʻz ichiga olgan 70 dan ziyod investitsion loyihani amalga oshirish ustida ishlamoqda. Ularning umumiy qiymati 1,6 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

TMK xorijiy investorlar uchun ochiq, uzoq muddatli va barqaror hamkorlik modelini taklif qilmoqda. Kompaniya hozirda AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Daniya kabi davlatlarning moliyaviy va texnologik institutlari bilan bevosita hamkorlik oʻrnatgan.

“TMKning asosiy maqsadi – muhim xomashyolarni global miqyosda ishonchli yetkazib berishdir. Biz qazib olishdan tortib, qayta ishlash va tayyor mahsulotgacha boʻlgan toʻliq qiymat zanjirini yaratmoqdamiz. Maxsus iqtisodiy zonalarda texnoparklar tashkil etish orqali yirik kompaniyalar uchun bir joyda ishlab chiqarish, sarmoya kiritish va mahsulot yaratish imkoniyatini taqdim etyapmiz,” — deydi Han Ilhan, TMK boshqaruv raisining maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер