Oʻzbekiston koronavirusga qarshi ommaviy emlashda Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalardan foydalanadi

11:34 26 Fevral 2021 Jamiyat
7113 0

Oʻzbekiston aholisini ommaviy emlash maqsadida dunyoning 12 ta farmatsevtika kompaniyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan COVID-19 ga qarshi vaksinalarni tezkor yetkazib berish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda innovatsion rivojlanish vazirining birinchi oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, koronavirusga qarshi emlashning xalqimiz uchun eng samarali va tezkor yoʻllari izlanmoqda.

«Jumladan, ommaviy emlashga tayyorgarlik doirasida oʻzbekistonlik bir guruh mutaxassislar «Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga xizmat safariga yuborildi. Safar davomida «Sputnik V” vaksinasini Oʻzbekistonga yetkazib berish hamda yurtimiz fuqarolarini mazkur vaksina bilan emlagan holda Rossiya Federatsiyada ishlashiga ruxsat berish masalalari ham muhokama qilindi.

Mamlakatimizga taqdim etilgan yuz doza miqdoridagi «Sputnik V” vaksinasining laboratoriya tekshiruvlari hamda Rossiyada oʻtkazilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasida sertifikatlangan holda ommaviy qoʻllashga ruxsat etildi. Hozir Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya fondi bilan bir million doza «Sputnik V” vaksinasini xarid qilish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.

Mamlakatimizga koronavirusga qarshi vaksina keltirish borasida barcha imkoniyat va vositalardan foydalanishga harakat qilinyapti. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi GAVI (Vaksinalar va immunizatsiya boʻyicha global alyans) tashkilotining COVAX (koronavirusga qarshi emlash mexanizmi) fondiga aʼzo davlatlar qatoriga kiritilgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur fond hisobidan yurtimiz aholisining yigirma foizini koronavirusga qarshi emlash boʻyicha yetarli miqdorda vaksina keltirish boʻyicha buyurtma tayyorlanib, GAVI tashkilotiga taqdim etilgan. COVAX fondi dunyo boʻylab vaksinalarni ishlab chiqarish imkoniyatidan kelib chiqqan holda, shu yilning yarmigacha mamlakatimizga 2,64 million doza AstraZeneca vaksinasi bosqichma-bosqich yetkazib berilishini maʼlum qildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi chogʻida Innovatsion rivojlanish vazirligi (Oʻzbekiston) Fan va texnika vazirligi (Xitoy) oʻrtasida Ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha quyi qoʻmita faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi. Mazkur qoʻmita tomonidan koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqishda hamkorlik oʻrnatish boʻyicha amaliy choralar koʻrildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti va ushbu mamlakatning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi hamkorligida koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksinasi boʻyicha tadqiqotlar olib borildi.

Hamkorlik doirasida Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida uch tomonlama shartnoma asosida koronavirusga qarshi “ZF 2001» vaksinasi boʻyicha klinik tadqiqotlar oʻtkazish yuzasidan bitim imzolandi.

Vaksinalar yaratilishi boʻyicha toʻrt xil xususiyatga ega boʻladi. Birinchisi, kuchsizlantirilgan SARS-CoV-2 vaksinasi boʻlib, organizmga yuborilganda virus qayta faollashishi hamda koronavirus infeksiyasini keltirib chiqarishi mumkin.

Ikkinchisi, m-RNK turdagi vaksina himoya qobigʻiga oʻralgan koronavirus genomi fragmenti asosida yaratiladi. Bu yangi texnologiya boʻlib, oldin qoʻllanmagan. Inson salomatligiga taʼsiri nomaʼlum. -70°S yoki -80°S sharoitda saqlash lozim. Biroq bunday imkoniyat faqat maxsus laboratoriyalarda mavjud.

Uchinchisi — adenovirus vektorli vaksinalar adenovirus asosida sunʼiy yaratilgan virus va koronavirus oqsilini kodlovchi gen boʻlagidan tashkil topgan. Odam organizmiga koronavirus DNK boʻlagi kirgach, koronavirusning tuzilish oqsili sintezlanadi. Yot DNK boʻlagining odam genomiga integratsiyalashish ehtimoli mavjud.

Toʻrtinchisi, rekombinant oqsil vaksinalari koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlanib olinadi. Organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil boʻladi. Boshqa turdagi vaksinalar bilan solishtirganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga ega. Soʻnggi oʻn yilda keng qoʻllangan vaksina turi hisoblanadi. Gepatit, papilloma, pnevmoniya, meningakokk va boshqa xastaliklarga qarshi immunitet hosil qilish uchun qoʻllangan. Saqlash sharoiti ham mavjud imkoniyatlarga mos: +2°S dan +8°S gacha muhitda saqlash mumkin.

“ZF 2001» vaksinasi rekombinant oqsil vaksinalari turkumiga mansubligi hamda nojoʻya taʼsirlar yuzaga kelishi boshqa turdagi vaksinalarga nisbatan kamligi inobatga olinib, uning klinik tadqiqotlarini hamkorlikda oʻtkazishga qaror qilindi. Mazkur vaksinaning bir va ikki bosqichli klinik sinovlari natijalariga koʻra nojoʻya taʼsiri 0,3-0,5 foizdan kam boʻlgan.

Rekombinant oqsilli “ZF 2001» vaksinasi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tomonidan belgilangan tartibda barcha xavfsizlik koʻrsatkichlari sinovidan oʻtkazildi. Uning ijobiy natijalari asosida aholi orasida uchinchi bosqich klinik sinovlarga ruxsat berildi.

Ushbu tadqiqotlar hamkorlikda oʻtgan yilning noyabr oyidan buyon Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasining sakkiz nafar ilmiy xodimi va mamlakatimizdan oʻttiz nafar olim hamda 112 nafar tibbiyot xodimi ishtirokida yurtimizda oʻtkazilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga koʻra, “ZF 2001» vaksinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari dastlabki bosqichi tibbiyot xodimlari tomonidan klinik sinovda qatnashuvchi shaxslarning tibbiy nazoratini tizimli tashkil etish uchun Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya koʻngilli xizmatchilarida oʻtkazilishi belgilandi.

Tadqiqotlarda har bir koʻngilli ishtirokchi 28 kun oraligʻida uch dozada “vaksina/platsebo” sxemasida emlanishi koʻzda tutildi. Bugungi kunga qadar 6835 kishi birinchi, 4064 kishi ikkinchi va 254 nafar koʻngilli uchinchi doza bilan emlandi. Klinik sinovda qatnashuvchilar umumiy oʻn marotaba poliklinikaga kelib, koʻrikdan oʻtishi belgilangan. Sinov ishtirokchilarining birinchi emlashdan keyin yetti kun davomida, keyingi har bir emlashdan soʻng sakkizinchi kuni tibbiy koʻrikdan oʻtishi taʼminlanmoqda. Shuningdek, har uch kunda call center xodimlari telefon orqali bogʻlanib, koʻngillilarning ahvolidan muntazam xabardor boʻlmoqda.

Bizni xursand qilgan natija shuki, Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda Oʻzbekistonning hissasi va saʼy-harakatlarini inobatga olib, mamlakatimizni “ZF 2001» vaksinasini birga yaratgan hammuallif davlat sifatida eʼtirof etdi. Ushbu yangi vaksinani “ZF-UZ-Vac2001» nomi bilan birgalikda ishlab chiqarish va undan foydalanishga rozilik bildirildi.

Bugungi kunda vaksinaning mamlakatimizda uchinchi bosqich sinovlari muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani va Oʻzbekistonning ushbu vaksinani yaratish va ishlab chiqarishda hammuallif davlat etib belgilangani inobatga olinib, “ZF-UZ-Vac2001» vaksinasini favqulodda vaziyatlarda foydalanishga ruxsat berish masalasi koʻrib chiqilmoqda.

Vaksina hammuallifi sifatida tan olinish mamlakatimizga koʻplab yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Avvalo, emlash vositasi yurtimizda ishlab chiqariladi. Oʻzbekistonning brendi sifatida dunyoga taniladi. Mintaqa aholisiga vaksina yetkazib beruvchi davlat maqomiga erishamiz. Shunday boʻlgach, yurtdoshlarimizni koronavirusga qarshi emlash jahondagi vaksina ishlab chiqaruvchilar taklif etgan qiymatdan ancha arzonga tushadi. Bu — pandemiya hali-hamon insoniyatni tahlikada tutib turgan bir paytda dunyoning koʻplab davlatlari havas qilgulik muvaffaqiyat.

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni amalga oshirish bilan bogʻliq vazifalar belgilab olindi. Unga muvofiq xalqaro tajriba asosida xavf guruhiga kiruvchi shaxslar, yaʼni dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 4 milliondan ziyod aholini birinchi navbatda emlash rejalashtirilmoqda. Bu toifaga 65 yoshdan yuqori qariyalar, tibbiyot xodimlari, surunkali kasallikka chalinganlar, maktabgacha va umumtaʼlim muassasalari xodimlari, Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari kiritilgan», deya maʼlum qilgan Shahlo Turdiqulova.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер