Oʻzbekiston klublari xorijdan futbolchi olib kelish uchun qancha pul sarfladi?

13:35 05 Avgust 2025 Sport
248 0

Foto: AI

Superliganing 2025-yilgi mavsum yozgi transferlar oynasida 16 ta jamoa 20 nafar yangi legioner futbolchini roʻyxatdan oʻtkazdi. Bu uchun klublar musobaqa reglamentiga muvofiq yaxshigina toʻlovni amalga oshirdi. Quyida shu toʻlov nima asosida qilingani va umumiy summa qancha boʻlganini oʻrganib chiqamiz.

Avvalo reglamentdan oʻrganib chiqishimiz kerak boʻlgan baʼzi narsalarga toʻxtalsak.

“Superliga va Proliga 2025” reglamentining 13.2 bandida legioner futbolchilarni toifalarga ajratish haqida gap boradi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Superligaciga kelgan futbolchilar 4 ta: Oliy, birinchi, ikkinchi va uchinchi toifalarga ajratiladi.

• Soʻnggi mavsumda Yevropa TOP-7 chempionati klubida oʻynagan va kamida 10 ta oʻyinda maydonga tushgan futbolchi, yoki Jahon va Yevropa chempionatining final bosqichida toʻp surgan futbolchi oliy toifadagi legioner hisoblanadi. Oliy toifadagi legionerni roʻyxatdan oʻtkazish uchun oldindan belgilangan toʻlov miqdorining teng yarmi toʻlanadi.

• 2005-yildan keyin tugʻilgan va soʻnggi 2-yilda oʻz terma jamoasida kamida 2 ta oʻyin oʻtkazgan futbolchi birinchi toifadagi legioner hisoblanadi. Birinchi toifadagi legionerlar uchun PFLga toʻlov qilinmaydi. Ehtiyoj tugʻilsa, birinchi toifadagi legionerlarni limitdan tashqarida roʻyxatdan oʻtkazishga ham ruxsat beriladi.

• FIFA reytingida dastlabki 20 ta oʻrinda turgan terma jamoa safida kamida 1 ta oʻyin oʻtkazgan 31 yoshdan kichik futbolchi yoki istalgan terma jamoada soʻnggi 2-yil davomida kamida 2 ta rasmiy oʻyin oʻtkazgan futbolchi ikkinchi toifadagi legionerdir. Uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun oldindan belgilangan tayanch toʻlov miqdori toʻliq toʻlanadi.

• Yuqoridagi bandlarga mos kelmagan futbolchi uchinchi toifadagi legioner boʻladi. Uchinchi toifadagi legioner futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun oldindan belgilangan toʻlov miqdorining 2 baravari toʻlanadi.

Shuningdek, reglamentning 13.6 bandida quyidagilar qoʻshimcha qilingan:

• Agar legioner uzluksiz ketma-ket toʻrt mavsumni Oʻzbekiston klublarida oʻtkazgan boʻlsa va 2025-yilgi mavsum tartib boʻyicha uning ketma-ket beshinchi mavsumi boʻlsa, mazkur legioner uchun toʻlov amalga oshirilmaydi.

• Agar legioner bir klub safida ketma-ket ikkinchi yoki undan ortiq mavsum davomida roʻyxatdan oʻtayotgan boʻlsa, mazkur futbolchi uchun belgilangan toʻlov 50 foizga qisqartiriladi.

Ochiq manbalarda reglamentda aytilgan tayanch toʻlov miqdori haqida aniq maʼlumotlar yoʻq. Ammo, futbol kishilaridan bu summa 40 million soʻm ekanini aniqladik.

Endi shular asosida Superliga klublari legionerlari uchun qanchadan toʻlaganini koʻrib chiqamiz:

“Andijon” jamoasi 3 nafar legioner futbolchini Liga roʻyxatidan oʻtkazdi. Har uchala futbolchi uchinchi toifada. Shu sabab 240 million soʻm toʻlagan.

“Nasaf” klubida ham xuddi shunday holat, Qarshi klubi ham 240 million soʻm toʻlagan.

“Mashʼal” va “Soʻgʻdiyona” jamoalari 2 nafardan legioner futbolchini roʻyxatdan oʻtkazdi. Demak har ikkala klub 160 million soʻmdan toʻlov qilgan.

“Neftchi” jamoasi 3 nafar futbolchini Liga roʻyxatidan oʻtkazdi. Ularning 2 nafari uchinchi, biri esa birinchi toifadagi legionerlardir. Shu sabab, jamoa 160 million soʻm toʻlagan.

“Buxoro”, “Xorazm”, “Dinamo” va “Qoʻqon-1912” jamoalari bir nafardan legioner futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Ushbu toʻrt klub bilan bitim tuzgan futbolchilar uchinchi toifali boʻlsalar-da, ular Oʻzbekiston chempionatida bir necha yil oʻynashgani sabab klublar har bir futbolchi uchun 40 million soʻmdan toʻlagan.

“Paxtakor” bilan shartnoma imzolagan himoyachi ikkinchi toifadagi legioner hisoblanadi. Shu sabab u uchun 40 million soʻm toʻlov qilingan.

“Bunyodkor” va “Navbahor” jamoalari 1 nafardan uchinchi toifadagi legioner futbolchini Superligaga olib keldi. Klublar ushbu transferlar uchun 80 million soʻmdan toʻlaydi.

Demak, umumiy summa 1 milliard 320 million soʻmni tashkil etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер