Oʻzbekiston xalq rassomi Roʻzi Choriyevning 90 yilligi nishonlandi

19:02 27 Noyabr 2021 Madaniyat
1532 0

Foto: "Xalq so'zi"

Taniqli musavvir, betakror asarlari bilan dunyo tasviriy sanʼat ixlosmandlari eʼtirofiga sazovor boʻlgan, Oʻzbekiston xalq rassomi Roʻzi Choriyev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar koʻmagida qator madaniy tadbirlar tashkil etildi.

Dastlab Roʻzi Choriyev nomidagi Surxondaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatida haykaltarosh Botir Hakimov tomonidan ishlangan rassom haykalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, Oʻzbekiston xalq rassomi, professor Rustam Xudoyberganov va boshqalar Roʻzi Choriyevning hayot va sermahsul ijod yoʻli, yuksak mahorat maktabi va uning tasviriy sanʼat rivojiga qoʻshgan hissasi haqida soʻz yuritdilar.

Qayd etilganidek, Roʻzi Choriyev 1931-yilda Surxondaryo viloyatining togʻli qishlogʻi Poshxurdda tugʻilgan. Ota-onasidan yosh yetim qolib bolalar uyida tarbiyalangan. Soʻng Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtida G. Akbalyan, V.Petrov va boshqa mohir ustalar qoʻlida tahsil oldi.

Tadbir ishtirokchilari rassom asarlari jamlangan muzey faoliyati hamda “Roʻzi Choriyev izdoshlari” rasmlar tanlovi ishtirokchilarining ijod namunalarini bilan tanishdilar.

Termiz davlat universitetida “Oʻzbek tasviriy sanʼati rivojida Roʻzi Choriyev ijodining oʻrni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya hamda Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining “Termiz ART” galereyasida rassom hamda uning izdoshlari asarlaridan tashkil topgan “Surxon kuychisi” nomli koʻrgazma namoyish qilindi.

Taʼkidlash joizki, yuksak isteʼdod sohibi  Roʻzi Choriyevning tasviriy sanʼat rivoji yoʻlidagi xizmatlari munosib taqdirlanib,  Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston xalq rassomi unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.

Ilhom  RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?