Oʻzbekiston fuqarosi Yaponiyada yoʻlovchi ayolga shilqimlik qilishda gumonlanib hibsga olindi

15:31 12 Mart 2025 Jamiyat
193 0

Yaponiyada Oʻzbekiston fuqarosi yoʻlovchi ayolga hujum qilib, unga tajovuz qilishda gumonlanib, hibsga olindi, deb xabar bermoqda mahalliy “Fuji News Network” nashri.

Maʼlum boʻlishicha, mazkur hodisa joriy yilning 6-mart kuni tongda, Nagoya shahrining Naka Uord shaharchasida sodir boʻlgan.

“Oʻzbek millatiga mansub erkak ishga ketayotgan ayolni pullik avtoturargohga sudrab olib borgan va unga hujum qilgan”, — deyiladi nashr xabarida.

Yoʻlovchilardan biri avtomobil toʻxtash joyida bir ayolning yordam soʻrab baqirayotganini eshitgan hamda zudlik bilan politsiyaga xabar bergan.

Voqea joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari 28 yoshli ayolning yordamga muhtoj ekanligini aniqlashgan. Voqea joyida gumon qilinib, 31 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi hibsga olingan. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu shaxs mamlakatda hech bir ishda ishlamasligi aniqlangan hamda unga nisbatan tajovuz qilish aybi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, gumonlanuvchi shaxs unga qoʻyilayotgan ayblovlarni inkor etib, ayolni hech nimaga majburlamaganini taʼkidlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?