Toshkentda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari: yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanishga oʻtish” mavzuida davra suhbati tashkil etildi
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Joriy yilning 26-fevral kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Jahon banki va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdoʻstlik masalalari va xalqaro taraqqiyot boʻyicha vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari: yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanishga oʻtish” mavzusiga bagʻishlangan davra suhbatini tashkil etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Parlamenti, vazirlik va idoralar, shuningdek, tegishli xalqaro tashkilotlar, aql markazlari mutaxassislari, xalqaro va mahalliy ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirda “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti natijalari, shuningdek, bugunning dolzarb masalalari: yashil iqtisodiyotga oʻtish, ekologik barqarorlik, hududiy iqtisodiy rivojlanish, iqlim oʻzgarishi va oqibatlari kabi mavzularda ham xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokamalar olib borildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Boriy Alixanov oʻzining maʼruzasida yashil iqtisodiyotga oʻtish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xalqaro va milliy darajada qabul qilingan strategiyalar va qonunlarning oʻrni muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, tabiiy resurslarning cheklanganligini hisobga olib innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, qonun hujjatlarini ishlab chiqishda tabiiy resurslardan samarali foydalanish talablarini inobatga olish, atrof-muhitni ifloslantirish darajasini pasaytirishning muhimligi toʻgʻrisida aholini xabardorligini oshirish choralarini faollashtirish hamda atrof-muhit va tabiatdan samarali foydalanish hamda mazkur jarayonlarni tashkil etishda jamoatchilikni keng jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻzining kirish soʻzida Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” loyihasi 6-yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan loyiha ekanligi hamda bugungi kunda Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarning fuqarolar hayotida qanchalik aks etayotganini oʻrganib borayotgan tadqiqot loyihalaridan biri ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Loyihaning asosiy maqsadi –tadqiqot natijalari asosida sifatli va aniq manzilga yoʻnaltirilgan siyosiy qarorlar qabul qilinishini taʼminlashga koʻmaklashish va tegishli chora- tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratish hisoblanishini aytib oʻtdi.

Shuningdek, bugungi tadbir mavzularidan biri hisoblangan yashil iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolga moʻljallangan chora-tadbirlar xususida ham toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, “Oʻzbekiston-2030» strategiyasiga asosan mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 2030-yilga qadar 25 ming МВт.га hamda jami isteʼmoldagi ulushini 40 foizga yetkazish, issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan 2010-yildagi darajadan 30 foizga qisqartirish kabi choralar koʻzda tutilganligi toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi.
Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi katta iqtisodchisi Ikuko Uochi uchrashuv ishtirokchilarini “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqotining soʻnggi natijalari bilan tanishtirdi. U har oylik soʻrovnoma 2018-yildan beri oʻtkazilib kelinayotganligini hamda hozirda ushbu loyiha Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotganligini taʼkidladi. Tadqiqot doirasida aholi farovonligining turli ijtimoiy- iqtisodiy koʻrsatkichlari baholanishini, shuningdek, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va turli oʻzgarishlarning, jumladan COVID-19 pandemiyasi, mehnat migratsiyasi kabilarni aholiga taʼsiri yuzasidan jamoatchilik fikrini oʻrganib borilishini aytib oʻtdi.

Tadqiqot soʻrovnomasida mamlakat boʻylab qishloq va shaharlardagi 1500 ga yaqin uy xoʻjaliklari, 600 dan ortiq mahalla fuqarolar yigʻinlari yetakchilari ishtirok etadi. Tadqiqot davomida toʻplangan maʼlumotlardan hukumat tomonidan muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, kambagʻallikni qisqartirish va fuqarolar farovonligini oshirish yoʻlidagi tashabbuslar boʻyicha qarorlar qabul qilishda foydalaniladi.
Shuningdek, Ikuko Uochi oʻz taqdimotida 2024-yil yanvar oyida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston fuqarolarini tinglab” tadqiqoti maʼlumotlari bilan oʻrtoqlashdi. Unda aholining joriy iqtisodiy va mehnat bozori sharoitlari, narxlar oʻsishi va inflyatsiyaning respondentlar daromadlariga taʼsiri, xususan, uy xoʻjaliklarining moliyaviy ahvoli va ularning oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq masalalar aholi tomonidan qanday qabul qilinayotganligi tahlili taqdimot qilindi. Shu bilan birga, maʼruzachi mahalla fuqarolar yigʻinlari rahbarlarining uy xoʻjaliklarining moddiy ahvoli, ishga joylashish va tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish borasidagi fikr-mulohazalari haqida ham maʼlumot berdi.

Tadbirning ikkinchi qismidan oʻrin olgan yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanishga oʻtish mavzusidagi muhokamalar ham Oʻzbekiston uchun nafaqat dolzarb, balki strategik ahamiyatga ega boʻlgan masalalarni qamrab olgan boʻlib, tadbirda Jahon banki ekspertlari tomonidan iqlim oʻzgarishi va ekologik omillarning aholi farovonligi va salomatligiga taʼsiri boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot natijalari taqdim etildi.
Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli 2030-yilga borib mamlakatda kamida 8 million kishi iqlimi yuqori xavfdagi hududlarda istiqomat qilishini taʼkidladi. Iqlim oʻzgarishiga moslashish choralarisiz, 2050-yilga kelib milliy iqtisodiyot iqlim oʻzgarishi taʼsirisiz rivojlangandagi holatidan 10 foizga kichikroq boʻladi. Bu bandlik va uy xoʻjaliklari daromadining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi.

Jahon banki iqlim oʻzgarishiga moslashish va mamlakatning yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonini tezlashtirish boʻyicha siyosatni ishlab chiqish va aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishda hukumatga moliyaviy va tahliliy yordam koʻrsatadi. Bu chora-tadbirlar turli sohalarda suv va energiya resurslarini tejash, issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni oʻz ichiga oladi, dedi Marko Mantovanelli.
Davra suhbati davomida “Oʻzbekiston yashil iqtisodiyotga oʻtishni qanday tezlashtirishi mumkin?” degan savolga Jahon banki, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdoʻstlik masalalari va xalqaro taraqqiyot boʻyicha vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Global yashil oʻsish institutining ekspertlari va tajribali mutaxassislari oʻz fikr va mulohazalarini bildirishdi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring