Oʻzbekiston energetika sohasida Saudiyadagi yirik investor bilan umumiy qiymati 2 milliard dollarlik uchta bitim imzoladi. Bu qanday samara beradi?

10:17 06 Mart 2020 Iqtisodiyot
1595 0

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Saudiya Arabistonining yirik investori ― ACWA Power kompaniyasi bilan umumiy qiymati 2 milliard AQSH dollariga teng uchta bitim imzoladi. Ushbu kelishuv va bitimlarda Oʻzbekiston energetika sohasining taraqqiyoti hamda barqarorligini yana-da takomillashtirishga xizmat qilishi koʻzda tutilgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Imzolangan 3 ta hujjatlar tarkibiga quyidagilar kiradi:

— 1,2 milliard dollarlik investitsiya shartnomasi elektr energiyasini sotib olish boʻyicha 25 yillik shartnoma (PPA) hamda 1500 MVt quvvatli bugʻ-gaz turbinali elektr stansiyasini (BGQ) qurish va ekspluatatsiya qilish ishlariga sarflanadi;

— 0,55–1,1 milliard AQSH dollar qiymatidagi navbatdagi loyiha quvvati 500–1000 MVt ga teng shamol elektr stansiyasini barpo etish toʻgʻrisidagi bitimni oʻz ichiga oladi;

— Mutaxassislarning texnik koʻnikmalarini oshirish yuzasidan oʻquv markazini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro anglashinuv memorandumi (AM).

Mazkur investitsion loyihalar qanday amaliy natijalar beradi?

Birinchidan, Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida 1500 MVt. quvvatga ega yangi bugʻ-gaz qurilmasi (BGQ)ni qurish rejalashtirilgan. Ushbu elektr energiyasi ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan investitsion loyihada ham kelishuvga muvofiq “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati yagona xaridor sifatida ishtirok etadi.

Loyihaga muvofiq quriladigan yangi bugʻ-gaz qurilmasining samaradorligi 60 foizdan ziyod boʻlib, odatda u elektr energiya ishlab chiqarishga sarflanadigan tabiiy gaz miqdorini qariyb ikki marta koʻp tejash imkonini beradi.

Energetika vazirligi bilan qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish boʻyicha imzolangan shartnomaga binoan ACWA Power kompaniyasi Oʻzbekistonda 500–1000 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini quradi va foydalanishga topshiradi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bilan imzolanadigan uchinchi kelishuvga muvofiq ACWA Power kompaniyasi AQSHning Air Products & Chemicals kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda energetika va kimyo texnologiyasi sohalarida mutaxassislar tayyorlash yuzasidan Shirin shahridagi kollejda texnik koʻnikmalarini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarini taqdim etadi.

Yuqoridagi kelishuv bitimlari Oʻzbekistonning global energiya bozorida tobora ortib borayotgan rolini, uning energiya xavfsizligi va eng zamonaviy texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini aks ettiradi. Bu, shuningdek, Oʻzbekiston chet el investorlari uchun jozibador maskanga aylanayotganining yana bir koʻrinishini ifoda etadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov aynan ushbu masalalar xususida toʻxtalib, jumladan, shunday deydi:

— Infratuzilmani rivojlantirish iqtisodiy taraqqiyotimizning garovidir, bunga shubha yoʻq. Biz energetika sohasiga oid oʻz oldimizga qoʻygan maqsadlarimizga erishish uchun eng yaxshi xalqaro tajribalarni oʻrganish, ularni qoʻllashdan manfaatdormiz. Boshqacha aytganda, sinovdan oʻtgan xalqaro tajribalardan andoza olib, ish yuritamiz. Biz ACWA Power kompaniyasini Oʻzbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish maqsadida xalqaro strategik hamkor sifatida tanladik, chunki ular sohada samarador faoliyat koʻrsatkichlari boʻyicha katta tajribaga ega. Bizning Saudiya Arabistoni energetiklari bilan hamkorligimiz mamlakatimizga Oʻzbekistonda davom etayotgan ijobiy oʻzgarish va yuksalishda muhim deb hisoblanadigan xususiy sektorning faol ishtirokini moliyalashtirish imkonini beradi. Biz kelgusida ACWA Power bilan ishlashni va ushbu xalqaro sheriklikni yana-da kuchaytirishni rejalashtirganmiz. 

Yaqinda kelishilgan energetika sohasiga oid loyihalar Oʻzbekiston uchun tarixiy bosqich boʻlib, muqobil energiya manbalari orqali energiya xavfsizligini mustahkamlash boʻyicha amaliyotlarimizni qoʻllab-quvvatlaydi. ACWA Powerʼning aqlli, energiya tejaydigan texnologiyalari mamlakatimiz elektr energetika sohasiga 2000 MVt dan ortiq qoʻshimcha quvvatni taqdim etadi hamda mamlakatimiz uchun yana-da barqaror, xavfsiz va arzon energiya ekotizimini yaratishga imkon beradi”.

Oʻz navbatida ACWA Power raisi Muhammad Abunayyan ham oʻzaro hamkorlik haqida quyidagilarni taʼkidlab oʻtdi:

— ACWA Power kompaniyasi faoliyati dinamik oʻsishga olib boradigan yoʻl boʻlib, bizning ustuvor vazifamiz Markaziy Osiyoda hududiy kengayish borasidagi mavqeimizni yana bir bor oshirishga xizmat qiladi. Kompaniyamiz isteʼmol bozorida xususiy investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlaydigan va energetika sektorini mustahkamlaydigan hududda oʻziga xos iqtisodiy yuksalishni taʼminlaydigan darajadagi sarmoyalar kiritadi. Bir soʻz bilan aytganda, ACWA Power rivojlanayotgan bozor va hamjamiyatlarga arzon elektr energiyasidan foydalanishni taʼminlash orqali olgʻa siljishga yordam berish boʻyicha katta tajribaga ega. Energiya sohasidagi tajribamizdan amaliyotda foydalangan holda Oʻzbekistonda energetika sohasining rivojiga munosib hissa qoʻshish — biz uchun katta sharaf. Bizning hamkorligimiz milliy va ijtimoiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi va ushbu buyuk davlatning barcha aholisi uchun barqaror kelajakni yaratishga yordam beradi, degan umiddamiz”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер