Oʻzbekiston delegatsiyasi qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi borasida Ispaniya tajribasini oʻrgandi

00:43 04 Dekabr 2022 Iqtisodiyot
665 0

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzagrosugʻurta” AJ vakillaridan iborat ishchi guruhning Ispaniyaga tashrifi tashkil etildi.

Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati xabarga koʻra, Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatimizning Ispaniyadagi elchixonasi koʻmagida ushbu davlatning rivojlangan qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha boy tajribasini oʻrganish maqsadida qator davlat va nodavlat tashkilotlarida uchrashuvlar oʻtkazdi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, ilgʻor xorijiy tajribani oʻzlashtirib, yurtimiz qishloq xoʻjaligi sohasida sugʻurtalash tizimini takomillashtirish, zamonaviy standartlarga javob bera oladigan va sohada faoliyat yurituvchi tadbirkor va fermerlarning yetishtirgan hosillarini turli xavf-xatarlardan himoyalashning yangicha mexanizmlarini yaratishdan iborat.

Shuni taʼkidlash muhimki, rivojlangan agrar davlatlar tajribalari oʻrganilganida, Ispaniya davlati qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasida 42 yillik boy tajribaga ega ekanligi, oʻЎзбекчаz oʻrnida ushbu davlatning sugʻurtalash tizimi dunyoning qishloq xoʻjaligi rivojlangan boshqa davlatlarida ham andoza sifatida tan olinganligi hamda yurtimiz bilan iqlimiy mutanosibligi jihatidan yaqinligi hisobga olindi.

Ilk rasmiy uchrashuv Ispaniya Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrar sugʻurta boʻyicha davlat agentligi (ENESA) rahbari Migel Peres va ijrochi direktor Karmen Sancheslar bilan boʻlib oʻtdi. Unda sugʻurtalash boʻyicha davlat va xususiy sektor birgalikda faoliyat olib borish mexanizmi borasida fikr almashildi.

Shuningdek, Iqtisodiyot va raqamli transformatsiya vazirligi huzuridagi Sugʻurta Kompensatsiyalari konsorsiumi (CCS) direktori oʻrinbosari Xose Antonio Puerto bilan uchrashib, qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi sohasida Konsorsiumning roli va uning faoliyati haqida maʼlumotlar olindi.

Shuni taʼkidlash oʻrinliki, yuqori xatarli sugʻurta risklarni qayta sugʻurtalash bilan shugʻullanadigan ushbu tashkilotning analogini Oʻzbekistonda ham tashkil etish orqali davlatning katta miqdordagi moliyaviy yoʻqotishlarini oldini olish mumkin.

Shuningdek, “Agroseguro” kompaniyasi boshqaruvi, “MAPFRE” sugʻurta kompaniyasi va Qishloq xoʻjaligi kooperativlari federatsiyasida ham oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama etildi.

— Oʻrganish natijalari shuni koʻrsatdiki, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yetarli miqdorda yetishtirilishi bevosita davlatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlaydi, — deydi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari Botir Usmonaliyev. — Shu bois qishloq xoʻjaligi sugʻurtasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi hamda davlat va xususiy sektorning birgalikda faoliyat olib borishi muhim ahamiyatga ega. Buning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimida qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi bilan bevosita aloqador tizimni hamda qishloq xoʻjaligi risklarini qayta sugʻurtalash boʻyicha davlat tomonidan kafolatlangan qayta sugʻurta tashkiloti faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali mamlakatda sugʻurtaning ushbu yoʻnalishini rivojlantirish mumkin.

Boʻlib oʻtgan muloqotlar natijasida ikki tomonlama manfaatli natijalarga erishildi hamda kelgusida agrosugʻurta sohasini rivojlantirish yuzasidan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi. Bu borada Ispaniya hukumati vakillari doimo yordamga tayyor ekanligini bildirdi.

Ishchi guruh oʻrganishlarni davom ettirgan holda, sohaga tegishli islohotlarni amalga oshirish va hukumat darajasida qonunchilikka takliflar berish uchun Turkiya davlatining qishloq xoʻjaligi sugʻurtasi boʻyicha toʻplangan tajribasini oʻrganishni rejalashtirgan.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonining 136-bandida qishloq xoʻjaligida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish va sugʻurtalashning yangi mexanizmlarini amalga oshirish belgilab qoʻyilgan. Unga koʻra, qishloq xoʻjaligida sugʻurtalash tizimini takomillashtirish, shu jumladan “Qishloq xoʻjaligi tavakkalchiliklarini sugʻurtalash toʻgʻrisida”gi qonunini qabul qilish vazifasi tegishli vazirlik masʼullariga yuklatilgan.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Ispaniyaga tashrifi mazkur Farmonning ijrosini taʼminlash doirasida amalga oshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?