Oʻzbekiston delegatsiyasi xalqaro strategik kommunikatsiya forumi – Stratcom Summitʼ24da ishtirok etdi
Joriy yilning 13-14-dekabr kunlari Istanbul shahrida Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi tomonidan toʻrtinchi bor Xalqaro strategik kommunikatsiya forumi – Stratcom Summit24 oʻtkazildi. Turkiyaning eng katta aloqa sammiti boʻlgan mazkur nufuzli forumda Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish qismida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan ishtirokchilarga murojaat yoʻlladi. Shuningdek, sammitda Turkiya Vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz, Prezident huzuridagi Kommunikatsiya Boshqarmasi rahbari Faxretdin Altun ishtirok etdi.
Prezident huzuridagi Kommunikatsiya Boshqarmasi rahbari Faxretdin Altun oʻzining kirish soʻzida Stratcom Summit24 doirasida koʻrib chiqiladigan global masalalar ahamiyati va maqsadlari haqida gapirdi.
“Biz hammamiz koʻrib turibmizki, sunʼiy intellekt va yangi texnologiyalar kommunikatsiya sohasida inqilobiy imkoniyatlar yaratib bermoqda. Biroq, bu oʻzgarish faqat ijobiy jihatlari bilan kelmayapti. Ushbu oʻzgarishning, shuningdek, eʼtibor berilishi kerak boʻlgan juda muhim xavflari ham mavjud. Biz Stratcom Summit24 doirasida dunyoning turli davlatlaridan kelgan ishtirokchilar bilan birgalikda bu imkoniyatlar va xavflarni, sunʼiy intellekt texnologiyalarini insoniyatga foyda keltiradigan tarzda qanday shakllantirishimiz kerakligi kabi masalalarni muhokama qilamiz” – dedi Faxretdin Altun.
Darhaqiqat, “Kommunikatsiyada sunʼiy intellekt: tendensiyalar, tuzoqlar va oʻzgarishlar” mavzusiga bagʻishlangan sammit xalqaro aloqaning yetakchi shaxslarini sunʼiy intellekt bilan birgalikda kommunikatsiya sohasidagi oʻzgarishlarni muhokama qilish uchun yagona platformada jamladi.
Jumladan, xalqaro strategik kommunikatsiyalar forumida dunyoning 30 mamlakatidan yetakchi davlat va xususiy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari, ilmiy doiralar va tahlil markazlaridan 64 nafar mahalliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek, 8 ta panel, 4 ta maʼruza va 6 ta individual sessiyalarda 3 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy mehmonlar ishtirok etdi.
Stratcom Summit24 doirasida kommunikatsiya sohasidagi sunʼiy intellektning oʻzgartiruvchi taʼsiriga eʼtibor qaratilib, ommaviy kommunikatsiya, yangi aloqa strategiyalari, jurnalistika, raqamli media va diplomatiya, dezinformatsiyaga qarshi kurash va inqirozni boshqarish, raqamli axloq va kiberxavfsizlik kabi turli dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Xalqaro tadbirning birinchi kunida “Milliy strategiyada sunʼiy intellekt: raqamli transformatsiya va strategiya”, “Dezinformatsiyaga qarshi kurashda sunʼiy intellekt: davlat tashkilotlari uchun strategik vositalar”, “Sunʼiy intellekt davrida raqamli shaffoflik: maʼlumotlar xavfsizligi orqali jamoatchilik manfaatlarini taʼminlash”, “Xalqaro strategik aloqada sunʼiy intellekt: Global hamkorliklar va huquqiy tartibga solish” mavzularida panel sessiyalar tashkil etildi.
Jumladan, sammitning “Dezinformatsiyaga qarshi kurashda sunʼiy intellekt: davlat tashkilotlari uchun strategik vositalar” panel sessiyasiga “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorlik qildi.
Mazkur sessiyada, shuningdek, Turkiya prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasining dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi koordinatori Idris Kardash, Ozarbayjon ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish agentligi direktori Ahmet Ismaylov, BMT Jakarta ofisi axborot markazi direktori Miklos Gaspar, Serbiya Jamoatchilik axboroti davlat kotibi Milosh Garich va NE Global xalqaro axborot tashkilotining Yevropa Ittifoqi va Italiya siyosiy masalalari boʻyicha bosh muharriri Federiko Grandesso ishtirok etdi.
Ekspertlar sunʼiy intellekt yordamida yolgʻon axborotlarga qarshi kurashishning yangi usullari va dezinformatsiyadan himoyalanish boʻyicha dunyo tajribasini koʻrib chiqishdi, shuningdek, oʻz davlatlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berishdi.
Muhokamalar jarayonida taʼkidlanganidek, butun dunyo axborot isteʼmolchisiga aylangan bir paytda dezinformatsiyaning avj olishi davlatlarning obroʻsiga putur yetkazib, xalqaro munosabatlarda oʻsishga toʻsqinlik qilmoqda va jahonda turli darajadagi nizolarning kelib chiqishiga sabab boʻlyapti. Bugungi kunda sunʼiy intellektning rivojlanishi esa yolgʻon va haqiqat oʻrtasidagi farqni aniqlashni yanada qiyinlashtirmoqda.
Sessiyada dezinformatsiyaga qarshi kurashda muntazam ravishda davlat xizmatchilarining media savodxonligini, sunʼiy intellekt va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish mahoratini oshirib borish, milliy va xalqaro qonunchilikni takomillashtirish kerakligi va bu yoʻlda barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring