Oʻzbekiston armiyasi “Global Firepower” reytingida 7 pogʻona koʻtarildi. Ahamiyatlisi hali ham Markaziy Osiyoda birinchisi emasmiz

13:46 11 Yanvar 2025 Siyosat
407 0

“Global Firepower” nashri dunyo mamlakatlarining armiyalarini baholash boʻyicha yangi reytingini eʼlon qildi. Reyting 60 dan ortiq mezonlarga asoslanib tuzilgan boʻlib, qurolli kuchlarning moliyaviy taʼminoti, logistika imkoniyatlari va geografik xususiyatlari hisobga olingan. Ushbu baholash natijalarida Oʻzbekiston armiyasi katta yutuqqa erishdi.

Oʻzbekiston armiyasi mazkur reytingda 145 davlat ichida 58-oʻrinni egallab, avvalgi natijasidan 7 pogʻona yuqoriladi. Bu oʻzgarish mamlakat qurolli kuchlarining salohiyatini kuchaytirish yoʻlidagi islohotlar va saʼy-harakatlarning samarasini koʻrsatadi. Reytingdagi Oʻzbekistonning yuqori pogʻonalarga koʻtarilishi xalqaro miqyosda eʼtirofga sazovor boʻldi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozogʻiston 57-oʻrinda boʻlib, Oʻzbekistondan bir pogʻona yuqori joylashgan. Tojikiston bir pogʻona pastlab 108-oʻringa tushib ketgan boʻlsa, Qirgʻiziston besh pogʻona pastlab 105-oʻrinda qayd etilgan. Turkmaniston esa olti pogʻona yuqorilab, 77-oʻrinni egalladi.

Dunyodagi eng kuchli oʻnta armiya reytingida AQSH yetakchilikni saqlab qolgan. Undan keyingi oʻrinlarda Rossiya va Xitoy joylashgan. Hindiston, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, Turkiya va Italiya esa kuchli oʻnlikni toʻldirgan.

“Global Firepower” reytingi harbiy sohadagi kuch va imkoniyatlarni baholashda muhim hisoblanadi. Oʻzbekiston armiyasining reytingdagi mavqeyi oʻsishi mamlakatning mudofaa salohiyati kuchayib borayotganini va qoʻshinlarning xalqaro miqyosda ham ahamiyatli ekanligini koʻrsatadi. Bu esa mamlakat xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?