“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Foto: Arxiv surat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-158-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
1. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida quyidagi ustuvor yoʻnalishlar belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;
barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash;
suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;
“xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish.
2. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yoʻnalishi doirasida:
a) 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan toʻyintirilgan non mahsulotlari berilishi yoʻlga qoʻyilsin;
Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlangʻich sinf oʻquvchilari taʼlim planshetlari bilan taʼminlansin, kelgusida mazkur tajriba respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilsin;
banklarning nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 20 milliard soʻmgacha boʻlgan kreditlar boʻyicha, foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, lekin uning 1,5 baravaridan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
b) 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining kasb-hunar egasi boʻlish istagidagi 10-sinf oʻquvchilari uchun tegishli hududlarda talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻrgatish kurslari joriy etilsin.
Bunda, dastlabki bosqichda ushbu tartib zarur kadrlar salohiyati va moddiy-texnika bazasiga ega boʻlgan hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan belgilangan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida joriy etilsin;
v) 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun “tayanch maktab” etib belgilansin.
Bunda, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari “tayanch maktablar” tomonidan yangi taʼlim dasturlari, dars oʻtishning ilgʻor metodikalari va oʻquvchi bilimini baholashning zamonaviy usullariga oʻrgatiladi.
3. Belgilansinki, 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hamda Bolalar milliy tibbiyot markazida gemotopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etiladi;
virusli gepatitning “S” turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni toʻliq Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davolash yoʻlga qoʻyiladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan yoki tushish xavfi yuqori boʻlgan har bir oila boʻyicha alohida “ijtimoiy xizmat ishi”ni yuritish tartibi amaliyotga joriy etiladi. Bunda, ushbu oilalarda sharoitni yaxshilash, ularga davolash, dori vositalari bilan taʼminlash, farzandlarini maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlariga joylashtirish, moddiy yordam berish kabi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish nazarda tutiladi;
b) 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari roʻyxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan taʼminlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Bunda, nogironligi boʻlgan shaxslarga tovar va xizmatlarni oʻzlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratiladi va ularning xarajatlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
5. Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga oʻz salohiyatini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etilsin.
6. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining har bir insonga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yoʻnalishi boʻyicha:
2023-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;
2023-2024-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar 1a-ilovaga muvofiq;
2023-yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati 1b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishi doirasida:
a) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga miqdori 10 million soʻmdan yuqori boʻlgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik subyekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qoʻllash amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
b) 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sugʻurtalashda sugʻurta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish tartibi joriy etilsin;
“Izlanish va rivojlanish” (R&D) markazlari uchun ular tashkil etilgan kundan boshlab 3 yil muddatga mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha hisoblangan summa miqdorining 1 foizini toʻlash, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida hisoblash tartibi joriy etilsin;
davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar tomonidan har yili amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari qiymatining kamida 5 foizini obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirish tartibi joriy etilsin.
8. 2024-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻliq qaytarib berish tizimi quyidagilar hisobidan kengaytirilsin:
xorijiy turistlarga – Oʻzbekiston xalqaro aeroportlarida Oʻzbekiston hududida sotib olingan va “Tax free” tizimi boʻyicha rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun;
tur-operatorlarga – xorijiy kontragentlar bilan shartnomalar doirasida koʻrsatilgan eksport xizmatlari uchun.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari maʼqullansin:
Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamgʻarmasini tashkil etish va uning asosiy vazifalari sifatida energetika, kommunal xoʻjalik, transport, ekologiya, sogʻliqni saqlash, taʼlim va boshqa ustuvor sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalari hujjatlarini sifatli ishlab chiqishni belgilash;
davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan kelib chiquvchi davlatning toʻgʻridan-toʻgʻri va shartli majburiyatlarini monitoring qilish, boshqarish va tartibga solish tizimini amaliyotga tatbiq etish;
Davlat byudjeti loyihasini shakllantirish va ijrosi boʻyicha hisobotlarda byudjet xarajatlarining barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga muvofiqligi va iqlim oʻzgarishiga taʼsirini koʻrsatib borish (markirovkalash) mexanizmlarini joriy etish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (J.Qoʻchqorov):
a) ikki hafta muddatda:
xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda Oʻzbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamgʻarmasi faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalaridan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan davlatning majburiyatlarini boshqarish va tartibga solish mexanizmlarini belgilovchi Hukumat qarori loyihasi;
b) 2024-yil 1-yanvarga qadar Davlat byudjeti xarajatlarining barqaror rivojlanish milliy maqsadlariga muvofiqligi va iqlim oʻzgarishiga taʼsirini koʻrsatib borish (markirovkalash) mexanizmlarini joriy etish boʻyicha Hukumat qarori loyihasi kiritilishini taʼminlasin.
10. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining barqaror iqtisodiy oʻsish orqali aholi farovonligini taʼminlash yoʻnalishi boʻyicha:
2023-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;
2023-2024-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar 2a-ilovaga muvofiq;
2023-yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati 2b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishi doirasida:
a) 2023-yil 1-noyabrdan boshlab:
ijobiy ekologik ekspertiza xulosasini olmagan obyektlarga nisbatan moliyalashtirish, kreditlash va boshqa moliya operatsiyalarini toʻxtatib turish mexanizmi joriy etilsin;
ekologik huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan zararni qoplash bilan bir qatorda, zarar yetkazilgan tabiat obyektini tiklash va uning muayyan muddat davomida muhofaza qilinishini taʼminlash majburiyati yuklansin;
b) suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
respublikaning uzoq muddatli suv balansi prognozini yuritish, shu jumladan, uni har yili yangilash va suv resurslarini tejash dasturlarini qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining, keyinchalik esa, bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarining qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun kreditlar 10 foiz stavkada (foiz stavkalarini subsidiyalash hisobiga) ajratilishi taʼminlansin;
v) atmosferaga zararli tashlanmalar hajmini kamaytirish maqsadida xalqaro “karbon market” tizimi doirasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomonidan barpo etiladigan yashil maydonlarni tashkil qilish xarajatlarini qisman jalb qilingan grant mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
Bunda, barpo etilgan yashil maydonlar (yaylovlarni ozuqabop ekinlar bilan, qishloq xoʻjaligi yerlarini daraxtlar bilan qoplash) boʻyicha kompensatsiyalar issiqxona gazlarini zararsizlantirish darajasiga mutanosib ravishda ajratiladi.
12. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishi boʻyicha:
2023-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq;
2023-2024-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar 3a-ilovaga muvofiq;
2023-yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati 3b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yoʻnalishi doirasida:
a) davlat xizmatlarini koʻrsatishda aholiga yanada qulayliklar yaratish va ortiqcha sansalorliklarga barham berish maqsadida:
2024-yil 1-yanvardan boshlab aholiga yoʻl harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatishda, shu jumladan, avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlarni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin va ariza beruvchilardan mazkur hujjatlarni talab qilish taqiqlansin;
2024-yil 1-martdan boshlab notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan, chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bogʻliq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga oʻtkazishdan tashqari) elektron raqamli imzodan foydalanib, videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish tartibi yoʻlga qoʻyilsin;
b) 2024-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilsin.
Bunda, tuman va shahar byudjetlariga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish jamgʻarmalariga yoʻnaltirilishi belgilansin;
v) tashabbusli byudjet amaliyotini va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada kengaytirish maqsadida 2024-yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 10 trillion soʻm, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun kamida 4 trillion soʻm yoʻnaltirilsin;
g) 2024-yil yakuniga qadar qonunda belgilangan asoslarda tezkor-qidiruv va tergov harakatlariga sanksiya berish masalasini alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan koʻrib chiqish tartibi joriy etilsin;
d) tadbirkorlik sohasida javobgarlikni yanada liberallashtirish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsni, agar u sud maslahatxonaga kirguniga qadar soliqlar va yigʻimlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning oʻrnini toʻliq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilish;
tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qoʻzgʻatilgan har bir jinoyat ishi boʻyicha tergov hamda sud jarayonida tegishli mansabdor shaxs jinoyat ishi materiallarini ish yurituviga qabul qilgan vaqtdan boshlab tadbirkorni himoya qilishga Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, tadbirkorlik subyekti aʼzo hisoblangan boshqa tashkilotni jamoat himoyachisi sifatida jalb etishi (xabar qilish) tartibi joriy etilsin;
ye) 2024-yil 1-yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yoʻllarida piyodalar oʻtish yoʻlaklarini svetoforlar bilan toʻliq jihozlash majburiy etib belgilansin.
14. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yoʻnalishi boʻyicha:
2023-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;
2023-2024-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar 4a-ilovaga muvofiq;
2023-yilda ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati 4b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatini izchil davom ettirish yoʻnalishi doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining uchrashuvi yuqori saviyada oʻtkazilishini taʼminlasin.
16. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining “xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish yoʻnalishi boʻyicha:
2023-yilga moʻljallangan amaliy tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;
2023-2024-yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar 5a-ilovaga muvofiq;
2023-yilda ishlabchiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlarloyihalari roʻyxati 5b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
17. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A.Koʻchimov) ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish natijalarining ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻida va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning ijrosi va natijalari toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini taʼminlasin.
18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2023-yil 11-sentabr
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring