“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi 5 ta ustuvor yoʻnalish hamda 100 ta maqsad: uni amalga oshirish uchun tajriba va imkoniyatlar
Illyustrativ foto
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi oʻz ichiga barqaror iqtisodiy oʻsish orqali daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoridan oʻrin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli taʼminlash kabi asosiy gʻoyalarni oʻz ichiga olgan.
Mazkur yoʻnalishlar doirasida 7-yil davomida iqtisodiyot hajmini ikki barobarga oshirish, xususan, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollar, aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy rivojlanishni zarur darajadagi energetika, suv va infratuzilma resurslari bilan taʼminlash, mamlakatda qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish maqsad qilingan.
Beshta ustuvor yoʻnalishdagi masalalarni qamrab olgan taraqqiyot strategiyasi, unda ilgari surilgan taklif-tashabbuslarning ahamiyati va mohiyati haqida uzoq fikr yuritish mumkin. Endi bu boradagi amalga oshiriladigan ishlarga keladigan boʻlsak, vazifalarning mazmun-mohiyatini xalqimizga, keng jamoatchilikka yetkazishimiz, uni roʻyobga chiqarishda har birimiz masʼul ekanimizni tushunishimiz zarur.
Asosiysi, ushbu strategiyani 2024-yilda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da mamlakatimizni rivojlantirishning 5 ta ustuvor yoʻnalishi doirasida qariyb 100 ta maqsadlarga erishish nazarda tutilmoqda.
Oddiy qilib aytganda, fuqarolarni oʻylantirayotgan ijtimoiy masalalar qay darajada samara va natija berayotgani mahallalarda yaqqol, aniq koʻrinadi. Qonunlar, qaror, dasturlar va boshqa muhim hujjatlar ijrosi, yaʼni roʻyobi oilalar, xonadonlarda sezilishi kerak.
Oʻtgan yili xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashida 197 marotaba mansabdor shaxslarni hisoboti eshitildi, eshituvlar va oʻrganishlar jarayonida 44 masala viloyat, tuman, shahar Kengashidagi sessiyalarda, 49 ta masala esa doimiy komissiyalarda kiritilib ijobiy natijalarga erishildi. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashidagi deputatlik guruhi aʼzolari tomonidan 1308 ta uchrashuvlar oʻtkazilib, 1702 ta murojaatlar kelib tushgan muammoli masalalardan 1665 tasi ijobiy hal etilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan taraqqiyot strategiyasida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish birinchi yoʻnalish sifatida bejiz belgilanmagan. Qaysiki, deputatlar faol boʻlsa, boshqa jamoat tuzilmalari ularga qarab andaza oladi. Jamiyat hayotida oʻz oʻrniga ega boʻlishga harakat qiladi. Natijada ijroda qaysidir masala eʼtibordan chetda qolishi yoki paysalga solinishi, balki qiyin boʻlishining oldi olinadi.
Endilikda mahalliy kengashlar va deputatlarning vakolatlari oshirilib, davlat hokimiyatini xalqqa yanada yaqinlashtirish, xalq hokimiyatchiligi asoslarini kuchaytirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasiga muvofiq hokimlar va mahalliy Kengashlarning vakolatlari bir-biridan ajratildi. Aholining joylardagi dolzarb muammolarini hal etish uchun mahalliy Kengashlarga keng vakolatlar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, endi mahalliy Kengashlarga hokimlar emas, balki deputatlar orqali saylanadigan rais rahbarlik qilishi belgilab qoʻyildi. Bu mahalliy darajada davlat hokimiyatini transformatsiya qilishga, xalqchil tizimni joriy etishga qaratilgan muhim siyosiy islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Farmon bilan Oʻzbekiston mahalliy boshqaruvi tarixida ilk bor mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yangi model, yaʼni “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida isloh qilishga qaratilgan qator qoidalar belgilab berilganiga eʼtibor qaratish lozim. Jamiyat va davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda aholining fikrini inobatga olish, mahalliy davlat hokimligi vakillik organlarining oʻrnini oshirish maqsadida, taʼlim, atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik, transport va hudud infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 33 ta vakolat Kengashlar ixtiyoriga oʻtkazilmoqda.
Joriy yil saylovlaridan boshlab, viloyat va Toshkent shahar Kengash raislari sifatida hokimlar faoliyat yuritishi bekor qilinib, Kengash aʼzolarining ichidan Kengash raisi saylanishi joriy etilmoqda. Tuman, shahar Kengashlarida 2026-yildan boshlab mazkur tartib joriy etilib, vakillik organi mustaqilligi yana ham mustahkamlanadi. Haqiqiy xalq Kengashlari xalq ovozi, xalq uyi maqomiga erishishi boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Kengash raisligidan hokimlarning olinishi, ijro organlarining xalq oldidagi hisobdorlik masʼuliyatini yanada oshiradi. Xalq dardini xalq vakillari tomonidan Kengash raisiga toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
Prezidentimiz butun davlat va jamiyat boshqaruvi tizimi imkoniyatlarini inson qadri uchun, degan ezgu maqsadga katta kuch hamda ishtiyoq bilan safarbar etmoqda. Bu tamoyil nafaqat joylardagi ijtimoiy muammolarni tizimli hal etishga, eng asosiysi, huquqlar va imkoniyatlar tengligiga real sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Zafar Karimov,
OʻzLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisi,
viloyat Kengashi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Maktablarda yangi o’quv yili boshlandi — Fotoreportaj
- Hotdogdan choʻchqa yogʻigacha: maktab oshxonasida qanday oziq-ovqatlarni sotish taqiqlangan?
- Soliq inspeksiyasi xodimi 2 sinf oʻquvchilaridan nimani xohlaydi (video)?
- Talabalar diqqatiga: ijara pulining bir qismini qoplab berish boʻyicha onlayn ariza berish boshlandi
- Eldor Shomurodov “Roma”ning mavsumdagi debyut golini urdi. Italiyaliklar futbolchini “Oʻzbek Messi”si deb atamoqda (+video)
- Asila Mirzayorova Paralimpiya oʻyinlari rekordini oʻrnatdi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring