“Oʻzbekgidroenergo” AJ va “Hydro4U” hamkorligida yangi GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining grant mablagʻlari jalb qilinadi

13:28 22 Iyun 2022 Jamiyat
207 0

“Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda “Hydro4U” hamkorlikda yangi GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining grant mablagʻlari jalb qilinishiga erishildi. Bu toʻgʻrisida bugun, poytaxtimizda joylashgan “Raddison Blu” mehmonxonasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Horizon 2020” dasturi doirasidagi “Hydro4U” – Markaziy Osiyoda barqaror kichik energetika” loyihasining yillik yigʻilishida maʼlum qilindi.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Yevropaning ilgʻor 12 ta akademik va oliy taʼlim muassasalari hamda 1 ta ishlab chiqaruvchi korxonasi ishtirokida “Hydro4U” konsorsiumi tashkil qilingan.

Taʼkidlash joizki, ikki kun davom etadigan mazkur yigʻilishda konsorsium aʼzolari tomonidan oʻtgan 2021-yilda loyiha doirasida amalga oshirilgan keng koʻlamli faoliyatning natijalari hamda kelajakdagi istiqbolli rejalar muhokama qilinadi.

Bu borada, “Oʻzbekgidroenergo” AJ va “Hydro4U” konsorsiumi tomonidan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida, Fargʻona viloyatining soʻlim Shohimardon qishlogʻiga quvvati 2,2 MVtlik, umumiy qiymati 2 mln yevroga teng GES qurilishiga texnologik uskunalar keltirish uchun Yevropa Ittifoqining 1,0 mln. yevrolik grant mablagʻlarining jalb qilinishiga erishildi.

Shuningdek, jahonda ushbu yoʻnalishda yetakchi boʻlgan Avstriyaning “Global Gidro” kompaniyasi bilan texnologik uskunalar keltirish uchun shartnoma imzolanadi. Hozirda mazkur kompaniya tomonidan texnologik uskunalarni ishlab chiqarishga kirishildi.

Loyihadagi qurilish-montaj ishlari, elektr energiyasini uzatish va mexanik uskunalarni keltirish uchun “Oʻzbekgidroenergo” AJning qariyb 12 mlrd soʻmlik oʻz mablagʻlari yoʻnaltiriladi.

Ushbu GESning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga qoʻshimcha oʻrtacha 12 800 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi taʼminlanishi kutilmoqda.

Bu esa, Shohimardonda yashovchi qariyb 7000 nafar aholi yoki 2100 ta xonadonning elektr energiyasiga boʻlgan talabini toʻligʻicha uzluksiz qondirish hamda ushbu hududda ishlab chiqarish va turizmni rivojlantirish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Shu sababli, mazkur loyiha, avvalambor, inson qadrini yuksaltirish va adolatli ijtimoiy siyosat yoʻlida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ulkan ishlarning Shohimardon qishlogʻidagi kichik bir amaliy koʻrinishi hisoblanadi.

Bundan tashqari, mazkur loyiha doirasida qoʻllanilayotgan blok-modulli mikroGES uskunalari qurilish xarajatlarini qariyb 500 ming yevroga iqtisod qilish imkonini yaratdi.

Alohida aytish joizki, Hamdoʻstlik mamlakatlari uchun yangi boʻlgan Yevropaning innovatsion blok-modul mikroGESlarini oʻrnatish tajribasi kelajakdagi gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Shartnoma grafigiga muvofiq, Shohimardon GESi 2023-yilning sentyabr oyida – davlatimiz mustaqilligining 32 yilligi bayramiga foydalanishga topshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?