Oʻzbek zaminining hikmatli jozibasi

11:29 09 Aprel 2024 Madaniyat
345 0

Bismillahir Rohmanir Rohim!

Muqaddas islomning asrlar silsilasida zavol topmay kelishi uning haq din ekanini namoyon etadi. Uning muqaddas kitobi — Qurʼoni karim, shuningdek, hadisi sharifdagi oʻgitlar, eskirmas gʻoyalar banibasharni toʻgʻri yoʻlga boshlashi bilan Yer yuzida qadr topib kelmoqda. Jumladan, turli millat va elatlarning kelib chiqishi bir oʻzakdan ekani, nifoq va janjallarga yoʻl qoʻymay, oʻzaro inoqlikda tinch-osoyishta hayot kechirishga daʼvat bugungi davrda ham ibrat namunasi boʻlib qolmoqda.

Shunday ekan, muqaddas dinimizning rivoj topgan, gullab-yashnagan maskanlari hamisha eʼzozli sanaladi. Dunyoning jugʻrofiy xaritasidan ularni izlagudek boʻlsangiz, Oʻzbekiston zaminida nigohingiz toʻxtaydi. Nega? Bu savolning javobi uncha oddiy boʻlmagan tarixiy haqiqatlardan iborat. Yaʼni Sirdaryo va Amudaryo boʻylarida qadim-qadimdan dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik rivojlanib, ikki daryo oraligʻi — Movarounnahrda oʻziga xos oʻrniga, oʻz ovoziga ega boʻlgan oʻzbek xalqi halol mehnati bilan hayot bardavomligini taʼminlab kelgan. Muqaddas islom dini ushbu zaminda yoyila boshlaganidan keyin esa mazkur xalqdan yetishib chiqqan ulugʻ zotlar uning madaniyati, maʼnaviyati va maʼrifati yalovbardorlariga aylanishgan. Bu hodisa juda ulkan madaniy siljishga, ularning dunyo tamadduniga islom dini madaniyati orqali beqiyos ulush qoʻsha olish imkoniyati yuzaga kelishiga turtki bergan. Buni butun dunyo eʼtirof etadi. Shuning uchun Markaziy Osiyo, eng avvalo, hozirgi mustaqil Oʻzbekistonning oddiy boʻlmagan dolgʻali tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, unda bashariyatni ezgulikka, oliyjanoblikka, yaxshilikka, eng muhimi, jaholatdan uygʻonishga daʼvat etuvchi moziy sadolarini ilgʻash mushkul emas.

Islom madaniyati, maʼnaviyati bu oʻlkaga kirib kelganidan soʻng koʻp oʻtmay oʻzining serhosil mevalarini bera boshladi. Shu bois boʻlsa kerak, dunyoning aksariyat ulamolari islom dini, garchi Arabistonda qaror topgan boʻlsa-da, u oʻzbek zaminidan quvvat olganini yakdillik bilan eʼtirof etib, mana shu muqaddas zaminda paydo boʻlgan muslimiy tafakkur natijalaridan samarali ravishda foydalanib keladi. Islomiy qadriyatlar negizida shakllangan oilaviy muhit, oʻziga xos urf-udumlar bevosita bu yerdagi xalqlarning, xususan, oʻzbeklarning tabiatiga singib ketgan, desak, aslo yanglishmaymiz.

Mana shunday tarixiy oʻzanlardan kelib chiqib, oʻzbek xalqida “oqqan daryo oqaveradi”, deyilganidek, tinch-osoyishta muhitda barqaror rivojlanib, obodonlashib borayotgan jannatmonand ozod Oʻzbekistonning gullab-yashnashiga islom maʼnaviyati va maʼrifati bugungi kunda ham samarali taʼsir qiladi. Yangi Oʻzbekistonda kechayotgan jarayonlar asnosida biz oʻzbek birodarlarimiz, dindoshlarimiz, diniy idorada faoliyat yuritayotgan yelkadoshlarimiz bilan bu boradagi musohabalarimiz davomida ularning qiyofalaridagi faxr-iftixor ifodalarini, koʻzlarida yongan ishonch tuygʻularini koʻrib, bu yurtning oʻtmishi bilan hozirgi kuni oʻrtasida mustahkam bogʻliqlik, bardavomlik mavjudligiga yana bir bor amin boʻlamiz.

Darhaqiqat, tarix — buyuk darsxona. Sharq donishmandlari “Oʻtmishga tosh otsang, kelajakdan zambarak oʻqini qarshi olaver”, deb behuda aytishmagan. Ajdodlar va avlodlar oʻrtasida uzilmas rishtalar, anʼanaviylik, hurmat-eʼtibor, mehr-sadoqat har qanday yurtning kelajagini taʼminlashga qodir. Oʻzbekistonda bunday qadriyatlarga sodiqlik kishini quvontiradi. Koʻp millatli Rossiya Federatsiyasida ham aynan mana shu masalalarga jiddiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. Har bir xalq, har bir millat oʻtmishini unutmagan holda teng huquqlilik asosida taraqqiyot yoʻlini tutar ekan, u oʻzgalarning bosimidan oʻzini saqlagan holda, muqaddas qadriyatlarini koʻz qorachigʻidek asrashi lozimligi masalasida bugungi Oʻzbekiston ibrat-namuna boʻlib kelmoqda.

Endilikda, yangi Oʻzbekiston sharoitida uchinchi Renessansning madaniy-maʼrifiy poydevorini yaratishning yangi toʻlqinlarida bu hodisa dunyo miqyosida namoyon boʻla boshladi. Shu sababli yaxshilik, ezgulik aʼmoliga aylangan musulmonlar qayerda boʻlmasin, islom maʼrifati borasida soʻz ketsa, bugungi Oʻzbekiston hududida joylashgan muqaddas shaharlarni eslashlari ham bejiz emas. Negaki, muqaddas islom dinida soʻz va amal birligi yuksak qadriyat hisoblanadi. Soʻzda aytib, amalda teskarisini qiladiganlarga munofiq deyiladi. Oʻzbek xalqi maʼlum bir davrlarda muqaddas dinimizning bosh kitobidan, hadisi shariflardan mosuvo qilib qoʻyilgan esa-da, oʻz hayot tarzi, amali, toʻgʻrisoʻzligi, adolatliligi bilan haqiqiy muslim ekanliklarini koʻrsatib keldilar. Bugungi Oʻzbekistonning yildan-yilga obodonlashib, zamonaviy sayyohlik markazlariga aylanib borayotgan muqaddas shaharlarini, aqalli, bir marta borib koʻrgan kishi bunga amin boʻladi.

Qadimda ulamolar “Yer yuzining barcha joyiga koʻkdan nur insa, yerdan koʻkka nur chiqadigan joy”, deb taʼriflagan birgina Buxoro shahrining asil oʻzanlariga qaytib, islom maʼrifatiga aloqador soʻz va amal birligini obodonlashgan qadimiy yodgorliklar orqali namoyon etib turishi ibratlidir. “Xojagon” tariqati asoschisi Abduxoliq Gʻijduvoniyning Buxoro moʻjizakor zamin ekani toʻgʻrisidagi misralarini uning Gʻijduvondagi maqbarasiga qadami yetgan ziyoratchilar koʻp eslashadi.

Tuproqlari anbar ifor, fayzi esa moʻjizakor —

Xusrav, Doro, Kayxusravning oʻlkalari emas aslo.

Yer yuzini uch martaba kezib chiqib, sezdim takror —

Ham latifu, ham shariflik egasidir bir Buxoro!

Darvoqe, bu muqaddas maskanda Abduxoliq Gʻijduvoniydan boshlanib Bahouddin Naqshbandga qadar davom etgan yetti pir yodgorliklari dunyo musulmonlarini oʻziga jalb qilgan ziyoratgohlar ekanida jozibali hikmat mavjudki, uni dunyoning boshqa hech bir yerida, qolaversa, bunday muhtasham va muntazam shaklda koʻrib boʻlmaydi. Koʻpchilikka maʼlum boʻlgani uchun ularning barchasiga bir-bir toʻxtalib oʻtirmay, bu jozibali hikmatning maʼno-mazmuniga eʼtibor qaratish dunyoni halokatdan qutqarishga qodir, deya olaman.

“Dunyoni goʻzallik qutqaradi” deyishadi. Toʻgʻri, Momo Havvo husnda yagona. Zulayhoning qalbini zabt etgan Yusuf ham goʻzallik timsoli. Ammo ular afsonalarda qoldi. Shafqatsiz dunyo afsonalarni, garchi ularda haqiqat belgilari boʻlsa-da, inkor qilib yashashga koʻnikkan. Ular dunyoni qutqaradigan fazilat muvaqqatlikni tan olmasligini yaxshi bilishadi. Hech qachon zavol bilmaydigan, eskirmaydigan, qaysi davr va qaysi makonda boʻlmasin, ahamiyat kasb etadigan mangulikni koʻrmoqchi boʻladilar. Shunday mahallarda, undaylarga qanday qilib biri kulollik, yana biri bogʻdorchilik, boshqasi baxmal toʻqish bilan tirikchilik qilgan Buxorodagi yetti pirning muqaddas islom aqidalaridan kelib chiqib, yaratgan gʻoyalari yordam bera oladi? Bunday joylar dunyoning boshqa goʻshalarida yoʻqmi? Albatta, yoʻq! Nega deganda, Abduxoliq Gʻijduvoniydan boshlanib, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fagʻnaviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va oxirgi Bahouddin Naqshband taʼlimotlarigacha “soʻz va amal birligi” bosh gʻoya sifatida turadi. Oralaridagi masofa oʻnlab kilometrlarga choʻzilgan bu zotlar yashagan joylarda bugungi kunda ham ularning avlodlari moʻminlarning moʻmini, qalbi Alloh nuri bilan yorishgan kishilardir. Ular Allohning inʼom etgan rizqu roʻzi barokatidan baham koʻrishadi. Shu sababli dunyoning turli mamlakatlaridan shunchaki sayohat uchun keladigan turli dindagilar ham bu yerlardagi soʻz va amal birligiga tan berib, hayratdan yoqa ushlagan holda islom diniga xayrixohliklari oshib boradi.

Ha, dunyoni soʻz va amal birligi qutqaradi. Aynan, Buxorodagi yetti pir ziyoratgohi shundan bizga xabar beradi, barchaga saboq ulashadi. Yolgʻon gapirmang. Aytdingizmi, bajaring. Qoʻl mehnatda, qalb ibodatda boʻlishi kerak. Tarki dunyo qilib, faqat toat-ibodatda, nazr-niyozlar asosida umr kechirishni din ahli ishi deb bilganlar uchun Abduxoliq Gʻijduvoniy “Qalbing Yaratganda, qoʻling ishda boʻlsin”, degan muhim oʻgitni oʻrtaga tashladi. Keyinchalik bu naqshbandiya tariqatining eng muhim shiori sifatida dunyoga keng yoyildi. Buxoroning “Oltin silsila” deb nom olgan yetti piri saʼy-harakatlari tufayli amalga oshgan diniy islohotlarning oqibat natijasi oʻlaroq, bugungi kunda Oʻzbekiston islom maʼrifati borasida oʻzining muhim soʻzini aytishga haqli edi. Shunday boʻldi ham.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari BMT Bosh Assambleyasining Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida islom dinining dunyo miqyosidagi oʻrniga yuksak baho berdi. Islom olamida Oʻzbekiston rahbariyatining saʼy-harakati bilan shu tariqa ulugʻvor gʻoya ilgari surildi. 2018-yil 12-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Mazkur rezolyutsiya loyihasi Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqildi. Bugungi global dunyoda muqaddas dinimizning ahamiyati, obroʻ-eʼtibori va istiqbolini oʻzida mujassam etgan bu rezolyutsiyani dunyo afkor ommasi huzuriga Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari olib chiqib, tashabbus koʻrsatdi. Mazkur rezolyutsiya Shimoliy Amerika va Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika va boshqa qitʼalarning 50 dan ziyod mamlakatlari bilan hammualliflikda qabul qilindi. Ular qatorida Ozarbayjon, Jazoir, Bahrayn, Belarus, Gana, Misr, Hindiston, Kanada, Qatar, Qirgʻiziston, Livan, Marokash, BAA, Oʻmon, Pokiston, Koreya Respublikasi, Qozogʻiston, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sudan, Tojikiston, Tailand, Tunis, Turkmaniston, Filippin, Yaponiya va boshqa davlatlar bor edi. Bu oʻrinda Rossiya Federatsiyasining ham alohida oʻrni boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etishni istardik.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda mazkur yoʻnalishda aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi. Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan, ilmning hamma uchun ochiqligini taʼminlash, din masalasidagi jaholatga barham berishni koʻzda tutuvchi “Jaholatga qarshi maʼrifat” yondashuvi bu zaminda uchinchi Renessans poydevoriga qoʻyilgan asoslardan biridir.

Oʻzbekiston va Rossiya musulmonlari oʻrtasidagi aloqalar bardavom ekani bizni mamnun etadi. Bunday hamjihatlik har jihatdan muhim boʻlib, mintaqalardagi ekstremizm va terrorizm kabi tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi. Terror va zoʻravonlik millat tanlamaydi. Ammo uning yuzini shuvut qiladi. Shu maʼnoda, bunday balolarga qarshi birgalikda kurash olib borish lozimligi kun tartibidan tushmaydi. Bunday vaziyatda xalq orasida tushuntirish ishlari olib boradigan diniy ulamolarning ittifoqligi zarurligini unutmaslik lozim. Endilikda diniy taʼlim dasturlarini muvofiqlashtirish, ziyorat turizmini yoʻlga qoʻyish, mehnat migrantlari bilan ishlashda hamkorlik oʻrnatish juda zarur. Oʻzbekiston va Rossiya diniy ulamolari islomning haq din ekanini toʻgʻri tushuntira olish vazifasi bugungi kunda har qachongidan ham dolzarbligini teran his etib turishibdi.

Muqaddas islom dinining maʼrifati va maʼnaviyatini Oʻzbekiston misolida dunyoga tushuntirish bugun har qachongidan ham muhim. Nega deganda, hozirgi kunda dunyo boʻylab kechayotgan jarayonlar shuni taqozo etmoqda. Qisqacha aytganda, insoniyat taqdirida muhim burilishlar kutilayotgan gʻoyat nozik davrda yashamoqdamiz. Bunday choqda soʻz va amal birligi buzilishi, jaholat, manfaatparastlik, soʻqirlik asrlar davomida amal qilib kelgan doʻst-birodarlik, ogʻa-inilik tuygʻulariga jiddiy zarar yetkazib qoʻyishi mumkinligidan ehtiyot boʻlmogʻimiz lozim.

Uzoqqa bormay, shu yil 22-mart kuni Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Xoll”da yuz bergan, koʻz koʻrib, quloq eshitmagan vahshiyona qotillikni eslasak, ahli muslim orasida taʼlim-tarbiya, odob-axloq masalalari nechogʻli dolzarb ravishda kun tartibiga chiqqanini anglaymiz. Bu terrorchilik hujumi oqibatida qurbon boʻlgan, jarohat olgan yuzlab begunoh odamlar, ayollar, bolalar, goʻdaklar aybi nima edi? Axir bu Xudoning gʻazabini keltiradigan holat-ku! Eng achinarlisi, qoʻlga olingan oʻnlab tojikistonlik terrorchilar orasida bir oiladan uch nafari ham bor ekan. Koʻrinadiki, diniy marosimlar oʻtkazib oʻzlarini ahli ummat hisoblashsa-da, nafaqat soʻz va amal birligi, balki insoniy tuygʻulardan mahrum bu maxluqlar butun millat yuzini shuvut qilishlari mumkinligini oʻylab koʻrishga qodirmidi? Yer yuzi hayoti muntazamligi va mutanosiblik uchun nainki inson qonini toʻkish, balki eng mayda hasharotlarga ham ozor yetkazmaslik haqidagi islomiy taʼlimotlardan bu manqurtlar, albatta, bexabarligi islom diniga amal qilayotgan oʻlkalarda taʼlim-tarbiya, maorifni yanada kuchaytirish lozimligini koʻrsatadi.

Mana shu ogʻir kunlarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Rossiyaning Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida sodir boʻlgan fojia oqibatida oʻnlab begunoh insonlar qurbon boʻlgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Janobi Oliylariga taʼziya yoʻlladi. Oʻzbekiston tinch aholiga qarshi qaratilgan bu terrorchilik harakatini qatʼiy qoralashini bildirdi. Oʻzbekiston rahbari vafot etganlarning yaqinlariga bardamlik, barcha jarohat olganlar tez fursatda sogʻayib ketishini tilagani ogʻir kunlarda hamkor va doʻst mamlakatlarning bir-biriga yelkadosh turishiga yaqqol misoldir.

Tarixdan maʼlumki, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashist bosqinchilari qoʻqqisdan kirib kelgan Rossiyaning turli oʻlkalaridan Oʻzbekistonga koʻchirilgan bolalarni xalq oʻz oila aʼzolaridan kam koʻrmagan holda bagʻriga olgani, yuvib-taragani, tarbiyalagani ikki doʻst davlat tarixining mushtarakligidan dalolat bergani holda islomiy qadriyatlarning oʻzbeklar ruhiga azal-azaldan singib ketganini ifoda etadi. Yaratganga eʼtiqod insonga mehr bilan mana shu muqaddas oʻzbek zaminida oʻzini olamga namoyon etgan edi. Oʻshanda Oʻzbekistonda oddiy mehnatkashlardan boshlab ilm va sanʼat ahli, maorif va madaniyat xodimlari ham yakdil boʻlib, Vatanni dushmandan xalos etmoqqa bel bogʻlagan edilar. Xalq ruhidagi muqaddas islomiy qadriyatlar vatanparvarlikka yoʻgʻrilib ketgandi. Bu savobli ishlardan diniy idoralar ham chetda turmaganini alohida mamnuniyat bilan qayd etmoq joiz.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda din ahliga, ilm ahliga yuksak eʼtibor koʻrsatilmoqda. Birinchi va ikkinchi Sharq Renessansi davrida uygʻongan islom maʼrifati, maʼnaviyati, qadriyatlari Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari rahbarligi ostida yuksalish bosqichiga koʻtarilib, iqtisodiy va ijtimoiy, maʼnaviy hayotning barcha sohasini qamrab olmoqda.

Oʻzbekistonda keyingi yillarda sodir boʻlgan oʻzgarishlar qatorida islom diniga eʼtibor kishini quvontiradi. Insoniyat oʻz hayotida eng buyuk burilishlar sifatida yuz bergan ikki Sharq Renessansidan har qancha minnatdor boʻlsa arziydi. Bu buyuk oʻzgarishlar jaholat toʻsiqlari osha unga madaniy-maʼnaviy muhitni hadya etdi. Dunyoning qaysi nuqtasida boʻlmasin, bugungi taraqqiyot va yuksalishni, ilm-fan rivojlanishini, iymon-eʼtiqod mustahkamligini oʻzbek zaminida yuz bergan ana shu beqiyos hodisalar bilan bogʻliq holda inkishof etishga harakat qilishadi.

Aslida, eng toʻgʻri yoʻl ham shudir. Qadimdan Samarqandu Buxoro shaharlaridagi madrasalarda diniy hamda dunyoviy fanlardan birdek saboq berilgani bois bu yerga kelib oʻqishni islom olami yoshlari orzu qilishgan. Toshkent, Termiz, Nasaf kabi shaharlarda ham ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifat, adabiyot, sanʼat ilohiyotshunoslikka yoʻgʻrilgan holda gurkurab rivojlangani haqida tarixiy maʼlumotlar guvohlik beradi.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda barcha sohada olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorliklar, shitob taraqqiyot uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan. Dastlabki ikki Sharq Renessansining asoslarida ham xuddi yangi Oʻzbekistondagi kabi islom dinining madaniy-maʼrifiy muhiti, ochiq dunyoviy qarashlari, ilm-fanga daʼvati turar edi. Oʻzbek zaminida paydo boʻlib dunyoga tarqagan dastlabki ikki Sharq Renessansi mahsuli boʻlgan kitoblarni oʻzbek xalqi oʻz ona tilida mutolaa etish imkonini qoʻlga kiritgani unga azaliy oʻzanlarga qaytib ish koʻrish imkonini berdi.

Alloh taolo “Tahrim” surasida shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Oʻzingizni va ahlu ayolingizni yoqilgʻisi odamlaru toshlardan boʻlgan oʻtdan saqlang. Uning tepasida qoʻpol, dargʻazab farishtalar boʻlib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qiladilar” (6‑oyat). Bu oyati karimaning maʼnosi haqida soʻrashganda, hazrati Ali roziyallohu anhu: “Ularga taʼlim beringlar va ularga odob beringlar, degani”, deb aytgan.

Bu muqaddas kalom oʻzbek zaminida asrlar davomida shakllangan jozibali hikmat — soʻz va amal birligi, ilm-fan, taʼlim-tarbiya, maʼrifat-maʼnaviyat, madaniyat bugungi Oʻzbekistonda ham bardavom ekanini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Bu hayot jozibali, tinchlik-osoyishtalik, xotirjamlikka daʼvat etadi, insha Alloh!

Albir KRGANOV,

Rossiya musulmonlari diniy jamoasi rahbari,

Moskva muftiysi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер