Oʻzbek paxtasining boshlangʻich narxi Nyu-York birjasi bilan belgilanadi

11:11 21 Yanvar 2025 Hujjatlar
432 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xomashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qoʻllashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Unga koʻra, paxta bozorida yangi bozor tamoyillari joriy etiladi.

Endilikda paxta xomashyosi narxi Nyu-York birjasidagi oxirgi 6 oylik oʻrtacha fyuchers kotirovkalari asosida belgilab boriladi. Bu narx har yili 1-noyabrda eʼlon qilinadi. 2025-yil hosili uchun esa 1-fevralda eʼlon qilinishi belgilandi.

Paxta xomashyosini savdosi Oʻzbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida tashkil etiladi. Savdo jarayonlarida barcha xoʻjaliklar va qayta ishlovchi korxonalar fyuchers, forvard va spot shartnomalari orqali ishtirok etadi. Savdolarda erkin tanlov asosida ishtirok etish, yaʼni xaridorni tanlash va yetkazib berish muddatlarini belgilash imkoniyati yaratiladi. Barcha shartnomalar “Agroplatforma” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.

Yangi farmon shartnomalar turlari va ularning muddatlarini ham aniq belgilab berdi. Fyuchers shartnomalari 1-noyabrdan 1-iyungacha tuziladi va boshlangʻich narxdan past boʻlmasligi kerak. Forvard shartnomalari 1-martgacha, spot shartnomalari esa real vaqt rejimida omborlardagi mavjud paxta xomashyosi uchun tuziladi. Saqlash omborlari mavjud boʻlmagan xoʻjaliklar paxta xomashyosini 1-martgacha forvard yoki 1-iyungacha fyuchers shartnomalari orqali sotishlari zarur.

Shuningdek, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar uchun qator subsidiyalar joriy qilinadi. Birjada sotilgan paxta xomashyosi qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya taqdim etiladi. Shuningdek, hosil yili yakuniga qadar imtiyozli kreditlarini qaytargan xoʻjaliklarga kredit foiz toʻlovlarining 4 foizlik punkti qaytarib beriladi. Bu chora-tadbirlar paxta yetishtiruvchilarning moliyaviy barqarorligini oshirish va ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Mazkur farmon qishloq xoʻjaligi sohasida bozor mexanizmlarini takomillashtirish, paxta xomashyosi savdosida shaffoflikni taʼminlash va qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirishda muhim qadam boʻladi. Shuningdek, eksportni kengaytirish va toʻqimachilik sanoatini rivojlantirishga turtki beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер