“Oʻtkan kunlar” romanining koreys tiliga tarjimasi – madaniy aloqalarning yangi bosqichi

17:45 22 Iyul 2025 Jamiyat
92 0

Oʻzbekiston xalqining boy madaniy merosini asrab-avaylash va uni jahon sahnasida keng targʻib etish yoʻlida yana bir muhim qadam qoʻyildi. Oʻzbek adabiyotining durdona asari — Abdulla Qodiriyning mashhur “Oʻtkan kunlar” romani ilk bor koreys tiliga tarjima qilindi. Bu tashabbus Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Tarjimani Koreya Respublikasining nufuzli Komyong universiteti professori Kim Chung Sun amalga oshirdi. Professor Kim ikki yarim yil davomida izchil ilmiy va ijodiy izlanish olib bordi. U nafaqat asarning badiiy mohiyatini, balki uning ortidagi tarixiy, ijtimoiy va madaniy kontekstni ham chuqur oʻrganishga intilib, tarjimani yanada jonli, aniq va toʻlaqonli qilishga harakat qildi.

2025-yil mart oyida u Oʻzbekistonga tashrif buyurib, roman voqealari rivoj topadigan Toshkent, Margʻilon, Qoʻqon va Fargʻona shaharlariga sayohat qildi. Bu joylar asar ruhiyatini teran anglashda muhim manba boʻlib xizmat qildi. Shuningdek, u Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetining yetakchi professor va oʻqituvchilari bilan uchrashib, tarjima uslubi, leksik-semantik moslik va madaniy kontekstlarni aniq ifoda etish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Ushbu ulkan mehnat samarasi sifatida, 2025-yil 30-iyun kuni Seul shahrida “Oʻtkan kunlar” romanining koreys tilidagi nashri tantanali ravishda taqdim etildi. Taqdimot marosimida Koreya Respublikasi parlamenti va hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari, diplomatik korpus, jurnalistlar, madaniyat va sanʼat namoyondalari hamda faol vatandoshlar ishtirok etdilar. Bu voqea ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro hurmat ramziga aylandi.

Taqdimot davomida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov koreys kitobxonlariga murojaat qilib, quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Oʻzbek romanchiligining asoschisi, atoqli adib Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani koreys tilida nashr etilayotganidan behad mamnunmiz. Bu asar nafaqat oʻzbek adabiyotining yorqin namunasi, balki dunyo kitobxonlarini ilhomlantirayotgan haqiqiy madaniy qadriyatdir. Abdulla Qodiriy oʻzbek adabiyoti tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Uning asarlari bugungi kunda ham turli madaniyatlar va xalqlarni bir-biriga bogʻlovchi oʻziga xos koʻprikka aylangan. “Oʻtkan kunlar” orqali koreys kitobxoni oʻzbek xalqining yaqin tarixi, urf-odatlari, milliy xarakteri va madaniy olami bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻladi.”

Madaniyat vaziri professor Kim Chung Sunning fidokorona mehnatini yuksak qadrlab, unga chuqur minnatdorlik izhor etdi. Uning yuksak tarjimonlik mahorati tufayli asarning asl ruhi, mazmuni va milliy ohangi koreys tilida ham mukammal aks etdi. Bu esa, oʻz navbatida, koreys oʻquvchilari uchun Oʻzbekiston madaniyati va adabiyotini chin maʼnoda his etish imkonini yaratdi.

Tarjima jarayonida faqat matnni boshqa tilga koʻchirish emas, balki uning ortidagi madaniy qatlam, ijtimoiy voqelik va tarixiy haqiqatni yetkazish muhim vazifa edi. Professor Kim ushbu masʼuliyatli ishni yuksak mahorat bilan bajardi. Natijada roman oʻzining badiiy fazilatlarini saqlagan holda koreys kitobxonlariga yetkazildi.

“Oʻtkan kunlar” romanining koreys tiliga tarjima qilinishi oʻzbek adabiyotining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish bilan birga, ikki xalq oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv, madaniy yaqinlik va doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu tashabbus boshqa milliy adabiy asarlarning ham xorijiy tillarga tarjima qilinishiga, Oʻzbekistonning boy adabiy merosini dunyoga tanitishga zamin yaratadi.

Shubhasiz, “Oʻtkan kunlar” romani koreys kitobxonlari qalbidan ham munosib oʻrin oladi. Bu asar nafaqat kitob javonlarida, balki xalqlar oʻrtasida ham koʻprik vazifasini bajaradigan bebaho adabiy merosdir.

Mazkur tarjimaning amalga oshirilishi — Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi madaniy diplomatiyasi samarasi, deb baholanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq va faol tashqi siyosat, jumladan “Yangi Oʻzbekiston” tashabbuslari doirasida milliy madaniyat va adabiy boyliklarni dunyoga tanitish ustuvor yoʻnalishga aylangan. “Oʻtkan kunlar” romanining koreys tiliga tarjima qilinishi ana shu siyosatning amaliy samarasidir.

Bundan tashqari, ushbu loyiha Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklikning madaniy-maʼnaviy asoslarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Ikki davlat oʻrtasidagi tarixiy, iqtisodiy va gumanitar aloqalar izchil rivojlanayotgan bir paytda, shunday madaniy tashabbuslar xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro ishonch muhitini yanada mustahkamlaydi. Shu jihatdan, bunday loyihalar ikki tomonlama aloqalarning nafaqat rasmiy, balki xalqlar qalbida ham barqaror ildiz otishiga xizmat qiladi.

Eldor Shermonov,

Yunus Rajabiy nomidagi

oʻzbek milliy musiqa sanʼati

instituti rektori v.b., dotsent

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер