Oʻtgan yili tarqalishiga chek qoʻyilgan qalbaki dori mahsulotlari miqdori ochiqlandi

15:24 16 Yanvar 2022 Jamiyat
1563 0

Har qanday sifatsiz dori vositasi inson salomatligi uchun jiddiy xavf tugʻdirishi hech kimga sir emas. Hatto bunday mahsulotning nojoʻya taʼsiri oʻlimga sabab boʻlishi mumkin.

Shu tufayli Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish markazi tomonidan sifatsiz, kontrafakt, yaroqlilik muddati tugagan farmatsevtik mahsulotlarni aniqlash va ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oʻtgan 2021-yil ushbu markazga kelib murojaatlarga koʻra, 7490 turdagi 1 578 500 oʻram dori vositalari va tibbiy buyum ekspertizadan oʻtkazildi. Natijada:

– 1618 turdagi 72 774 oʻram yorliqlash boʻyicha meʼyoriy hujjatlar talablariga mos kelmasligi (kontrafakt);

– 24 turdagi 13 785 oʻram qalbakilashtirilgan dori vositalari (Tebantin, Aktemra, Somnol®, Zardeks, Diprospan®, Ursosan, Serebrolizin®, Reduksin, Spirt, Menovazin, Layboten, Neoton, Tiotsetam, L-Lizina Essinat®, Mildronat, Aktovegin, Retabolil Remdesevir (covifor), Aktovegin, Spirt, Layfon, Tropikamid, Tridoks, Zardeks) bir necha marotaba takrorlanganligi;

– 396 turdagi 2794 oʻram dori vositalari va tibbiy buyumlar yaroqlilik muddati tugagani (sifatsiz);

– 2578 turdagi 709 347 oʻram dori vositalari va tibbiy buyumlar davlat roʻyxatidan oʻtmaganligi;

– 2874 turdagi 779 800 oʻram dori vositalari va tibbiy buyumlarning muvofiqlik sertifikatlari mavjud emasligi aniqlandi va qonuniy chora koʻrilishi uchun huquqni muhofaza qilish organlariga maʼlumotlar taqdim qilindi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 20-moddasiga muvofiq, cifatsiz, qalbakilashtirilgan, mamlakatimizda roʻyxatdan oʻtkazilmagan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazilgan dori vositalarining gʻayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?