«Oʻt balosidan jabr chekdim...»

14:58 27 Fevral 2026 Jamiyat
561 0

Joriy yilning 10-yanvari Buxoro shahridagi Shaxon mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Sayyora Sattorova xonadoni aʼzolari uchun ogʻir kechdi. Kutilmaganda yongʻin roʻy berdi. Yogʻochdan qurilgan, toʻqqizta xonadan iborat, koʻrsa havas qilgulik butun boshli uy oʻn daqiqa ichida yonib kulga aylandi.

– Oʻt balosidan jabr chekdim. Xayriyatki, jonimiz omon qoldi, nevaralarimga ziyon yetmadi, – deydi shusiz ham sogʻligi sabab tez-tez davolanishga majbur boʻlib yurgan onaxon. – Yongʻin oʻchiruvchilarga rahmat. Ular zudlik bilan kelib, olovni oʻchirishdi, aks holda qoʻshnilarning uyini ham alanga olishi mumkin edi. Bor-yoʻgʻimizdan ayrildik. Hamon oʻzimga kelolmayman. Oʻt balosidan asrasin ekan.

Sayyora ayaning ahvolini tushunish mumkin. Kutilmaganda toʻsatdan yuz bergan bu falokat oqibatida oila nafaqat boshpanasidan, balki kundalik roʻzgʻor uchun zarur buyumlaridan, yaxshi-yomon kunga, deya jamgʻarib qoʻyilgan sarmoyasidan, shaxsiy hujjatlaridan va hattoki yegulikdan ham ajralib qoldi. Oʻqib-oʻrganishga ishtiyoqi baland nevaralarini aytmaysizmi? Ular suyub qoʻlga oladigan darsliklar, badiiy kitoblarni ham alanga oʻz domiga tortib ketdi. Darsdan soʻng pulli oʻquv markazlariga qatnayotgan bolalar mungʻayib qolishdi. Endi buyogʻi “repetitor” deganlarining insofiga bogʻliq.

– Bu oilamiz uchun qattiq zarba boʻldi, – deydi Sayyora ayaning farzandi Pahlavon Ahmedov. – Xonadonimizda keksa ota-onamdan tashqari yana besh kishi yashaydi. Tadbirkorlik bilan shugʻullanish, tikuv sexi ochish niyatida biznesni rivojlantirish banki orqali 200 million soʻm miqdorida kredit olgandik. Afsuski, shu mablagʻ evaziga xarid qilingan dastgohlar ham olov ichida qoldi. Bilasiz, har oy kredit foizini toʻlash kerak. Bu qarzni qanday uzaman, deb kechalari oʻylab oʻyimga yetolmayapman...

Oila boshiga tushgan tashvishni koʻrib mahalla, qoʻni-qoʻshnilar imkon qadar yordam qoʻlini choʻzishdi. Kimdir koʻrpa-toʻshak, kimdir yegulik olib keldi. Vaqtinchalik turish uchun boshpana hozirlandi. Ammo “Qoʻldan berganga qush toʻymas”, deyishadi. Qolaversa, endi qorin gʻamidan boʻlak yashash uchun uy ham tiklash kerak. Bu esa oʻz-oʻzidan boʻlmaydi.

Shaxon koʻchasi 116 – uyda (raqami boru oʻzi yoʻq) yashovchi bu oilaga viloyat, shahar hokimligi, korxonalar, savobtalab tadbirkorlar, mehr-oqibatli insonlar yordam qoʻlini choʻzsa, xonadon ogʻirini yengil qilmoqqa hissa qoʻshsa ayni muddao boʻlur edi.

Zero, Muqaddas Ramazon oyida bu kabi ezgu amallar rizqimizni yanada ulugʻ, koʻnglimizni yorugʻ, qadamimizni qutlugʻ qiladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер