Oʻsmir qizlar oʻgʻil bolalarga nisbatan koʻproq tushkunlikka tushishi haqiqatmi?

14:22 27 Mart 2025 Ilm-fan
223 0

Yosh qizlar oʻgʻil bolalarga nisbatan depressiyaga koʻproq moyil boʻlishi sababini aniqlashga yordam berishi mumkin boʻlgan yangi tadqiqot natijalari eʼlon qilindi. Bunga koʻra, inson organizmidagi “kinurenin yoʻli” deb nomlangan metabolik jarayon orqali paydo boʻladigan kimyoviy moddalar miyaga turlicha taʼsir qiladi. Qiziqarlisi, ushbu jarayon yosh qizlar organizmida ogʻir oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.

Tadqiqot Britaniyadagi Kingʻs College London universiteti qoshidagi “NIHR Maudsley” Bio-meditsin markazi koʻmagida olib borildi va “Biological Psychiatry” jurnalida chop etildi. Tadqiqotga koʻra, triptofan aminokislotasi “kinurenin yoʻli” orqali yo miya hujayralarini muhofaza qiluvchi, yoki ularga zarar yetkazuvchi moddalarga aylanadi. Miya uchun foydali kimyoviy moddalar qatoriga kirayotgan kinuran kislotasi himoyachi hisoblansa, kvinolin kislotasi aksincha, zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Tadqiqot davomida Braziliyadan 150 nafar 14–16 yoshli oʻsmirning qonidagi kinuran va kvinolin kislotalari darajasi tahlil qilindi. Ular depressiya xavfi past, depressiya xavfi yuqori va depressiya tashxisi qoʻyilgan 3 guruhga ajratildi. Har bir guruhda 50 nafar oʻsmir boʻlib, jins boʻyicha teng taqsimlangan. Natijalarga koʻra, qizlarda miyani himoya qiluvchi kinuran kislotasi darajasi pasaygan boʻlib, bu ularda depressiya xavfini oshirayotganini koʻrsatdi.

Shuningdek, tadqiqot ishtirokchilari qonida yalligʻlanish belgisi sifatida maʼlum boʻlgan oqsillar ham aniqlandi. Ushbu yalligʻlanish holati organizmda infeksiya, stress yoki kasallik paytida yuzaga keladi. Olimlar ushbu yalligʻlanish belgilari yuqori boʻlgan oʻsmirlarda kinuran yoʻli zararli kimyoviy moddalarga aylanishini aniqlashdi. Bu jarayon asosan depressiya xavfi yuqori boʻlgan va depressiya tashxisi qoʻyilgan oʻsmirlarda kuzatildi.

Uchinchi yillik kuzatuv natijalariga koʻra, depressiyasi uzoq davom etgan qizlarda neyrotoksik moddalar miqdori yuqori boʻlib qolgan. Bu esa kinuran yoʻlining muvozanatsizligi depressiyadan tuzalishni qiyinlashtirishi mumkinligini anglatadi. Kingʻs IoPPN institutining ilmiy xodimi doktor Nagme Nikxeslatning taʼkidlashicha, kinuran yoʻlidagi moddalarni tahlil qilish orqali depressiya xavfi yuqori boʻlgan oʻsmirlar, ayniqsa qizlarni aniqlash mumkin boʻladi.

Olimlar bu kabi natijalar kelajakda oʻsmirlarda depressiyani erta aniqlash, shaxsiylashtirilgan davolash va turmush tarzini yaxshilash kabi yoʻllar orqali samarali choralar koʻrish imkonini yaratishini taʼkidlashmoqda. Shu bilan birga, ushbu tadqiqot yoshlar psixikasidagi biologik oʻzgarishlarni chuqurroq tushunishga turtki berishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер