Osiyodagi eng chuqur gʻor joylashgan qishloq

12:33 03 Aprel 2025 Jamiyat
82 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Boysun tumaniga qarashli Choʻlbayir togʻ tizmasidagi “Boybuloq” gʻori Osiyoning eng chuqur gʻori sifatida tanilgan. “Boybuloq” gʻori dengiz sathidan uch ming metr balandlikdagi Dehibolo qishlogʻi atrofida joylashgan. Dehibolo — “eng baland qishloq” degan maʼnoni anglatadi, goʻyoki osmonga yaqin goʻsha. Tuman markazidan 70 kilometr olisdagi bu qishloqqa yetib borishning oʻzi bir sayohat. Yoʻltanlamas “UAZ” qishloqqa eltuvchi asosiy transport vositasi hisoblanadi. U bilan yetti soatlik yoʻl bosish davomida qoyalar osha har bir burilishda tabiatning betakror manzaralari koʻz oʻngingizda gavdalanadi. Har qadamda yangi bir afsona boshlanayotgandek.

Dehibololiklar asosan asalarichilik bilan shugʻullanadi, chorva boqadi, meva-sabzavot yetishtiradi, mavsum boʻyi qishlik gʻamlashadi. Bu goʻshada qish erta kelib, kech ketadi. Yoz fasli bahordek yoqimli.

— Bu afsonamas haqiqat, — deydi qishloq oqsoqoli Shokir Mahmanazarov. — Salkam 55-yil oldin Mustafoqul Zokirov sharifli hamqishlogʻimiz suv topish ilinjida qishloq tepasida joylashgan “Boybuloq” gʻoriga boradi. Shu yili qurgʻoqchilikdan aholi juda qiynalgandi. Qoyada katta boʻlmagan teshik bor. Atrofda havo harorati 30 daraja issiq boʻlsa ham, gʻor ogʻzidan sovuq yelvizak esib turadi. U shu gʻorga kirgani boʻyi qaytib chiqmagan. Odamlar Mustafoqulning shu gʻorga kirganini taxmin qilib, qoʻlda fonus bilan bir nechta kishi gʻorning 300 metrcha chuqurligigacha kirib borgan xolos. Topisha olmagan. Oʻsha paytda bu haqida masʼullarga xabar berildi, yordam soʻraldi. Oradan bir yil oʻtib, gʻor oʻrganuvchi olimlar katta guruh boʻlib kelishdi. Oʻshanda marhum tanasining qoldiqlarini qopga solib olib chiqishdi.

Mustafoqulning bedarak ketishi, vohadagi eng chuqur gʻorning sirli eshigini ochdi. Oʻsha kundan boshlab “Boybuloq” gʻori tadqiqotchilarni oʻziga jalb qiladi. Xuddi Mustafoqulning ruhi gʻor sinoatlarini oshkor etishga chorlayotgandek.

2018-yilda Rossiya, Fransiya va Shveysariyadan kelgan olimlarning qoʻshma ekspeditsiyasi “Boybuloq” gʻorini yanada chuqurroq oʻrgandi. Ekspeditsiya natijasida gʻorning chuqurligi 1430 metr, uzunligi 15,2 kilometr ekani aniqlandi. Bu kashfiyot “Boybuloq” gʻorini qitʼamizdagi eng chuqur va eng uzun gʻor ekanini isbotladi.

Ekspeditsiya aʼzosi, shveysariyalik Arnauld Mallard gʻor ichida yangi daryolar va koʻllar topilganini, dunyoning hech bir burchagida 3 ming metr balandlikdagi mana shunday gʻor uchramasligini hayrat bilan taʼkidlagan.

Ekspeditsiya Choʻlbayir togʻidagi ikkita chuqur gʻor — “Boybuloq” va “Vishnevskiy”ni bir-biriga ulaydigan sirli tunnellarni topishni maqsad qildi. Olimlarning taxminiga koʻra, bu ikki gʻor aslida bitta katta gʻorning bir qismi boʻlib, ular bir-biriga ulangan. Agar bu taxmin tasdiqlansa, dunyodagi eng chuqur gʻorlardan biri kashf etiladi. Ammo ekspeditsiyaning muddati tugagani bois bu sirli tunnellarni topishga ulgurilmadi.

2018-yildagi ekspeditsiya rahbari Vadim Loginov 2023-yilning 20-avgust kuni Rossiya, Chexiya va Tayvandan kelgan 33 nafar speleolog bilan “Boybuloq” gʻoriga navbatdagi xalqaro ekspeditsiyani tashkil etdi. Bu safargi ekspeditsiyada speleologlar yangi rekord darajasiga erishib, gʻorning chuqurligi 1517 metr, uzunligi 17 kilometr ekanini aniqlashdi.

Olimlar avvalgi ekspeditsiyada asosiy maqsadlariga erisha olmagan boʻlsada, “Boybuloq” gʻorining oʻtish joylari 1283 metr chuqurlikdagi “Vishnevskiy” gʻori tomon olib borishini taxmin qilishdi.

Mutaxassislarning fikricha, ikkita gʻorning potensial ulanishi 2033 metr chuqurlik va taxminan 30 kilometr uzunlikni tashkil qiladi. Agar bu maʼlumotlar tasdiqlansa, “Boybuloq” dunyodagi uchinchi eng chuqur gʻor boʻladi. Hozirda gʻor chuqurligi boʻyicha dunyoda 12-oʻrinda turadi.

“Boybuloq” hali oʻz sirlarini toʻliq oshkor etmagan. Uning chuqurligi va uzunligi borasidagi yangi kashfiyotlar, gʻor ichidagi sinoatlar speleologlarni yanada qiziqtirib, navbatdagi ekspeditsiyalarni kutishga majbur qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер