Orzularning oydin yoʻlida
Mamlakatimizda mahallalarni rivojlantirish doirasida aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Andijon viloyatidagi 887 ta mahallaning har birida bu borada maqtasa arzigulik ishlar olib borilmoqda. Ular orasida Andijon tumanidagi “Doʻngqishloq” mahallasi erishgan natijalar ayni paytda boshqalarga ham namuna. Bu mahallada 1051 ta xonadon boʻlib, 6 ming 700 nafar aholi istiqomat qiladi. Hudud aholisining 40 foizi tomorqadan daromad topadi. Bu esa yer mehnatiga boʻlgan ehtirom va masʼuliyatning jonli namunasidir.

— Yil boshida har bir xonadonga kirib, fuqarolarning ijtimoiy ahvolini chuqur oʻrgandik, — deydi mahalladagi hokim yordamchisi Ilyosbek Badalov. — Oʻrganish natijasida 48 nafar ishsiz fuqaro borligi aniqlandi. Ularning har biri bilan alohida suhbatlar oʻtkazdik, qiziqishi, malakasi va imkoniyatini hisobga oldik. Shu asosda tadbirkorlar, bandlik boʻlimi va tijorat banklari bilan hamkorlikda ularni ishga joylashtirdik. Bugunga kelib “Doʻngqishloq”da ishsiz fuqaro qolmadi.
Bunday yutuqlar ortida, albatta, inson taqdiri, mehnat va iroda mujassam. Masalan, mahalla ayollaridan biri Mubina Hamdamovaga 100 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratilishida amaliy yordam berildi. U shu mablagʻ hisobidan mahallaning oʻzida tikuvchilik sexi tashkil etdi.
— Ilgari uyda bekor oʻtirardim, — deydi Mubina Hamdamova. — Endi esa oʻz ishim, ustaxonam bor. Hozir 4 nafar ayolni ish bilan taʼminlaganman. Ular bilan birgalikda choyshablar, bolalar kiyimlari va uy anjomlarini tikamiz. Bir oyda oʻrtacha 6-7 million soʻm atrofida daromad qilaman. Bu ish orqali nafaqat oilamni taʼminlayapman, balki boshqalarga ham ish oʻrni yaratayotganimdan mamnunman.

Ibrohimjon Shavkatjonov jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgach, hayoti tubdan oʻzgardi.
— Ozodlikka chiqqanimda, hayotni qaydan boshlashni bilmasdim, — deydi samimiyat bilan Ibrohimjon. — Mahalla faollari yordami bilan farmatsevtika korxonasiga ishga joylashdim. Mebelsozlik boʻyicha koʻnikmalarim bor edi. Shuni inobatga olib, ustaxona uchun dastgoh olishda yordam berishdi. Hozirda uyimda ishdan boʻsh paytim buyurtma asosida jihozlar yasayman. Har oyda 5-6 million soʻm atrofida daromad topaman. Yaqinda ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish orqali kamida ikkita yangi ish oʻrni yaratmoqchiman.
Bugun “Doʻngqishloq”da mehnatga layoqatli har bir insonning oʻz mashgʻuloti bor. Ayollar tikuvchilik, yoshlar xizmat koʻrsatish va ustachilik bilan shugʻullanmoqda. Tomorqadan foydalanish keng yoʻlga qoʻyilgan.

— Mahallamizda “ishsizlik” degan soʻz yoʻq, — deydi Ilyosbek Badalov. — Bu fuqarolarning faolligi, oʻzaro yordam va tadbirkorlik ruhining natijasi. Har bir xonadonda mehnatga munosib inson bor. Shuning uchun ham mahallamiz tinch, farovon va faol. “Doʻngqishloq” mahallasida amalga oshirilgan ishlar nafaqat iqtisodiy barqarorlikni taʼminladi, balki odamlarning hayotga boʻlgan ishonchini ham mustahkamladi.
Ishsizlikdan xoli mahalla bu faqat iqtisodiy koʻrsatkich emas, balki inson qadri, mehnatning sharafi va jamoat birdamligining yorqin ifodasi hamdir.
Saminjon HUSANOV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Toshkentda diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida XІX xalqaro mini-futbol turniri tashkil etildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring