Orzulari ushalgan boshrabotliklar

12:48 05 Noyabr 2025 Jamiyat
143 0

Surxondaryoning togʻ bagʻrida joylashgan Boysun tumanidagi Boshrabot mahallasi uzoq yillar davomida vaqt shamollariga qarshi turib keldi. Yoʻllar chang-tuproq, devorlar paxsa, infratuzilma esa oʻtgan asr soyasini eslatardi. Ammo bugun bu goʻshada yangi tarix yozilyapti — “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” loyihasi doirasida “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi bu joyni haqiqiy islohotlar markaziga aylantirmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan dastur asosida viloyat boʻyicha 30 ta ogʻir ahvoldagi mahalla qamrab olingan. Ular orasida Boshrabot ham bor. Dastur doirasida bu yerda 6 kilometrga yaqin ichki yoʻllar taʼmirlanmoqda. Ikki kilometr suv va kanalizatsiya tarmoqlari yangidan qurilmoqda. Ikki yuzdan ortiq xonadonda taʼmirlash ishlari olib borilib, mahallaning 4 ta ijtimoiy soha obyekti — maktab, bolalar bogʻchasi va tibbiyot punkti, mahalla idorasi rekonstruksiya qilinmoqda.

— Avval yoʻlimizda mashina yurishi qiyin edi, har yomgʻirda koʻchalar botqoqqa aylanardi, – deydi mahalla faollaridan biri Sattor bobo Boymamatov. – Endi esa har kuni texnika ishlayapti, koʻchalarimiz asfaltlanmoqda. Bu oʻzgarishlardan xursandmiz.

Bugungi kunda Boshrabotda nafaqat yoʻllar, balki odamlarning kayfiyati ham yangilanmoqda. Elektr va suv tarmoqlari butunlay almashtirilmoqda. Yangi gulzorlar, yashil maydonlar barpo etilmoqda. Piyodalar yoʻlaklari qurilib, mahallaning markaziy qismida “Birdamlik” nomli maydon tashkil etildi. Bu yerda aholi tadbirlar oʻtkazishi, bolalar esa dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Dasturning yana bir muhim jihati — ish oʻrinlari yaratish. Boshrabotda hozirgacha 65 ta yangi ish oʻrni tashkil etildi. Mahallaning yoshlari va xotin-qizlariga moʻljallangan kichik ustaxonalar, tikuvchilik sexi, issiqxonalar tashkil etildi. Ijtimoiy reyestrdagi oila xonadonlarida sharoitlar yaxshilandi, 20 nafar yoshga mikrogrant asosida biznes boshlash imkoni berildi.

— Eng katta oʻzgarish — odamlar ongida, — deydi Boshrabot MFY raisi Muhammadi Ermamatov. — Ilgari fuqarolar koʻnglida “bu yerda hech narsa oʻzgarmaydi”, degan fikr oʻrnashib qolgandi. Endi hamma harakatda, ertangi kunga umid bor, yaxshi yashashga intilmoqda.

Boshrabotdagi barcha ishlar mahalla faollari, nuroniylar va aholi bilan maslahatlashgan holda amalga oshirilmoqda. Har bir loyiha odamlarning real ehtiyojlariga asoslanmoqda: yoʻl, suv, elektr, ish oʻrni — bularning har biri yangi hayot sifatida aholi qalbiga quvonch ulashmoqda. Kechagi togʻ orasidagi oddiy qishloq bugun zamonaviy, imkoniyatlarga boy, farovon maskanga aylandi. Bu nafaqat qurilish yoki taʼmir, balki xalq qalbidagi ishonchning qayta jonlanishi, mehnat va mehr bilan qurilayotgan yangi hayotning ramzidir. Boshrabot aholisi bugun shod — chunki ularning mahallasiga nafaqat texnika, balki eʼtibor, mehr va umid keldi.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер