Ortga qaytmas ishonchli islohotlar
Aksariyat xalqaro ekspertlar va xorijiy siyosatchilar fikriga koʻra, bugun Oʻzbekiston oʻzining misli koʻrilmagan ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turgan izchil, aniq hamda konstruktiv siyosatni olib bormoqda. Bu, ayniqsa, dunyoning yetakchi mamlakati — AQSH bilan munosabatlarda ham namoyon boʻlmoqda.
AQSH Prezidenti Donald Tramp Oʻzbekiston rahbarini Oq uyda Markaziy Osiyo va AQSH davlat rahbarlarining (S5+1) sammitiga taklif etgani ham bejiz emas. Chunki dunyoning eng qudratli mamlakati — AQSH Oʻzbekistonning shiddatli, ortga qaytmas islohotlariga ishonadi.
Diplomatlar fikricha...
Darhaqiqat, oʻtgan bir necha yil davomida ikki mamlakat savdo va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, mintaqaviy muammolarni hal etishda hamkorlik qilish kabi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi.
AQSH tomonidan Markaziy Osiyo — AQSH hamkorligiga oid “S5+1” formatining 2016-yilda tashkil etilishi va oʻsha yili Samarqandda AQSH Davlat kotibi Jon Kerri hamda Markaziy Osiyoning besh mamlakati tashqi ishlar vazirlari ishtirokida uchrashuv oʻtkazilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Bu platforma orqali AQSH oʻzining mintaqaga nisbatan siyosatini tushuntiradi, Markaziy Osiyo hukumatlari pozitsiyalari bilan tanishadi, oʻzaro fikr almashiladi. AQSH “C5+1” orqali Markaziy Osiyoning har bir davlati mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlab, ularni birdamlikka chorlab keladi. Ushbu platforma mintaqa hamda har bir respublika tinch, farovon va erkin yashashi uchun xizmat qiladi.
AQSH diplomatlari fikricha, Oʻzbekiston yildan-yilga rivojlanib bormoqda va katta yoʻlni bosib oʻtdi. U mustaqil va oʻz davlat tizimiga ega. Amerika bilan hamkorlik Oʻzbekistonni global moliya bozoriga olib chiqadi. Innovatsiyalar, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.
Negaki, bugungi zamonaviy dunyoda xomashyo, konchilik, neft va gazga tayanib yashash bilan iqtisodiyotni rivojlantirish qiyin. Hamma ham bu borada muvaffaqiyat qozongan emas. Tabiiy boyligiga tayangan ayrim davlatlar boy, ayrimlari esa qashshoq. Inson kapitaliga sarmoya yoʻllash haqida koʻproq oʻylash kerak. AQSH esa ilm-fan, texnologiya, taʼlim bobida ulkan yordam koʻrsata oladi.
AQSH serqirra hamkorlik qiladi, oʻz manfaatlari va maqsadlariga qarab ish tutadi. Oʻzaro manfaatlar nimada? Manfaatlar qay nuqtada uchrashadi? Albatta, har ikki tomon bir masalani birdek koʻrishi va baholay olishi juda qiyin. Hozir Oʻzbekiston xalqaro miqyosda ochiq va erkin jamiyat sifatida namoyon boʻlmoqda. Amerika inson huquqlariga rioya etgan, inson qadrini ulugʻlaydigan mamlakatlarga xayrixohlik bilan munosabatda boʻladi. Oʻzbekiston haqiqatan shunday jamiyatga aylanishi uchun Amerika har qanday yordamni koʻrsatmoqchi. Amerikaliklar nazarida Oʻzbekiston yetakchisi yanada koʻproq ishlarga, kattaroq qadamlarni qoʻyishga qodir.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning dunyoning yetakchi mamlakati bilan munosabatlari jadal va oʻzaro manfaatdorlik asosida rivojlanmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil may oyida Vashingtonga rasmiy tashrifi AQSH bilan oʻzaro munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Saʼy-harakatlar hamkorlikning oʻzaro manfaatli sohalarini rivojlantirishga yoʻnaltirildi. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy baholandi va qoʻllab-quvvatlandi. Bu Oʻzbekistonning reytingi va xalqaro imijiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Koʻp qirrali hamkorlik samaralari
Soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi ikki baravar oshdi. Amerikalik sayyohlarning Oʻzbekistonga oqimi esa 50 foizga koʻpaydi. AQSH Kongressida nufuzli “Oʻzbekiston boʻyicha kokus”, yaʼni respublikaning norasmiy doʻstlari guruhi tuzildi. Toshkentda keng qamrovli, jumladan, marketing va tadbirkorlik, kompyuter fanlari, mediaindustriya, sogʻliqni saqlash boshqaruvi kabi akademik dasturlarni oʻz ichiga olgan Vebster universitetining filiali ochildi.
Tabiiyki, AQSH Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan manfaatli munosabatlarni mustahkamlashdan manfaatdor. AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik rasman shu lavozimga kirishishdan oldin mamlakat Senatida soʻzlagan nutqida aytganidek, Oʻzbekiston — Markaziy Osiyoning yuragi va AQSHning kuchli sherigi.
Elchi Toshkent bilan hamkorlikning taʼsirini butun mintaqaga, shuningdek, Yevroosiyo va hatto Hind hamda Tinch okeanlari hududlaridagi mamlakatlar bilan ham bogʻlab, Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi dinamik mamlakat ekanini, 2016-yilda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar eʼlon qilinganidan beri AQSH ularni olqishlab kelayotganini taʼkidlaydi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlashini, inson huquqlari va demokratik boshqaruv yoʻlidagi islohotlarda va iqtisodiy taraqqiyotda Oʻzbekiston bilan sherikligini maʼlum qiladi. Almashinuv dasturlari, taʼlim va ilm-fan boʻyicha hamkorlik, fuqaro jamiyatini rivojlantirishni muhim yoʻnalishlar sirasiga kiritish mumkin.
AQSH xotin-qizlar, gender tengligi masalasida Oʻzbekiston bilan ishlashga tayyor. Toshkent hamda Vashington iqlimdagi salbiy oʻzgarishlarga qarshi choralar koʻrishda, muqobil energiya va “yashil” iqtisodiyotni yoʻlga qoʻyishda ham birga ishlamoqda. Ikki tomonlama hamda mintaqaviy xavfsizlik, jumladan, huquq-tartibot va kontrterrorizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish ham mamlakatlarimiz munosabatlarida muhim oʻrin tutadi.
Kuzatuvchilar fikricha, ayni damda AQSH va Oʻzbekiston qator muhim strategik muammolar bilan ayni pozitsiyada yuzlashmoqda. Xalqaro terrorizm haqida gapiradigan boʻlsak, bu tahdidga qarshi kurashda oʻxshash qarashlar mavjud.
2021-yili Afgʻonistonda sodir boʻlgan voqealardan keyin, yaʼni avgust oyida Amerika qoʻshinlarining Afgʻonistondan shoshilinch ravishda chiqib ketishidan keyin Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik muammolari qaysidir maʼnoda kuchaydi hamda AQSH va Oʻzbekiston bu muammolarga qarshi kurashda umumiy pozitsiyaga ega. “Umumiy pozitsiya” deganda, kuchaygan tahdidlarga qarshi kurashish taktikasi nazarda tutiladi, biroq davlatlar radikal unsurlarning Markaziy Osiyoga kirib kelishini yoki umuman radikalizmning dunyo boʻylab tarqalishini istamaydi. Shu maʼnoda, AQSH Oʻzbekistonga Markaziy Osiyodagi barqarorlik omili sifatida, yaʼni Afgʻonistondan radikal, terrorchi harakatlarning Markaziy Osiyoga tarqalishining oldini oluvchi qalqon sifatida qaraydi.
Uzviylikni bogʻlovchi hujjat
Eʼtibor berilsa, Oʻzbekiston — AQSH munosabatlari doirasidagi barcha yoʻnalishlarda sifat jihatdan yangi va oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyishni belgilab bergan asosiy hujjat, bu — ikki mamlakat oʻrtasida 2002-yil mart oyida imzolangan Strategik sherikchilik va hamkorlikning asoslari toʻgʻrisidagi Deklaratsiya hisoblanadi.
Ikki tomonlama hamkorlikni uzviylashtirish hamda qayd etilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida bajarish maqsadida AQSH bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli “Yoʻl xaritasi” amalga oshirib kelinmoqda. 2018-yil 16-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oq uyda Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti bilan uchrashdi. Uchrashuv chogʻida qabul qilingan “Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi” nomli Qoʻshma bayonot, haqiqatan ham, oʻz nomlanishi va mazmun-mohiyati bilan juda koʻp narsani anglatadi. 2025-yilning sentyabrida BMT Bosh Assambleyasi doirasida ham AQSH va Oʻzbekiston Prezidentlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Va koʻplab oʻzaro manfaatli bitimlar imzolandi. Bu har ikkala tomonning uzoq kelajakka moʻljallangan intilishlarini tasdiqlaydi.
Qayd etish kerakki, ikki davlat oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishda AQSH — Oʻzbekiston savdo palatasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, hozirgi paytda Oʻzbekistonda AQSHning yetakchi kompaniyalari faoliyat olib bormoqda. Xususan, “General Motors” korporatsiyasi ishtirokida yengil avtomobillar uchun dvigatellar ishlab chiqarishga moʻljallangan “General Motors Powertrain Uzbekistan” zavodi faoliyat koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, “Boing” kompaniyasi “Uzbekistan Airways” AJni zamonaviy avialaynerlar, xususan, “Boing-787-8 Dreamliner” rusumidagi yangi avlod samolyotlari bilan taʼminlovchi doimiy hamkoriga aylandi.
“General Electric” korporatsiyasi esa Oʻzbekistonning neft-gaz va aviatsiya sektorlarida, shuningdek, salomatlik va qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish sohasidagi muhim hamkori sifatida faollik koʻrsatmoqda. Shuningdek, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan AQSH kompaniyalari orasida “Exxon Mobil”, “CNH Industrial”, “Coca-Cola”, “Hyatt”, “Hilton”, “John Deere”, “Honeywell”, “Caterpillar” va boshqalar ham bor.
Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichidagi tashqi siyosatda AQSH alohida oʻrin tutadi. Oʻzaro hurmat hamda bir-birining milliy manfaatlarini inobatga olishga asoslangan hamkorlik bundan keyin ham mustahkamlanib boraveradi. Zotan, amerikaliklar Oʻzbekiston tanlagan islohotlar va istiqlol yoʻliga ishonishadi.
Bahodir HASANOV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,
iqtisodiyot fanlari doktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring