Oʻrta Chirchiqda tumanning yangi markaziga asos solindi

20:30 26 Noyabr 2020 Jamiyat
1860 0

Toshkent viloyatining “Uygʻur” MFY hududida Oʻrta Chirchiq tuman hokimligi, Davlat xizmatlari markazi, Bosh vazir qabulxonasi, Xalq qabulxonasi, Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi, amfiteatr, axborot kutubxona markazi binolari va Xotira maydoni foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, mahalliy kengash deputatlari, tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Zamonaviy arxitektura uslubidagi inshootlar majmualari qurshovidagi tuman markaziga aylangan bu hududdagi maʼmuriy binolar Oʻrta Chirchiqdagi 65 ta fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 158 ming nafardan ziyod aholiga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan. Barcha qulayliklarga ega boʻlgan yangi hokimlik maʼmuriy binosida hokimlik apparatidan tashqari Yer tuzish va kadastr xizmati, tuman Qishloq xoʻjaligi majmuasi, “Mahalla” jamoat fondi, Yoshlar ittifoqi, Savdo-sanoat palatasining tuman boʻlimi kabi muhim ijtimoiy xizmat muassasalari joylashgan.

Xotira maydoni roʻparasida qurib bitkazilayotgan koʻp qavatli turar-joy binolari birinchi navbatda yashash sharoiti ogʻir va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, yoshlarga berilishi rejalashtirilmoqda. Bu yerda qad rostlayotgan tuman prokuraturasi va ichki ishlar idorasining yangi binolari ham tuman markaziga salobat tashlab turibdi.

Kech kuzning izgʻirinli, yoqimsiz sovugʻiga qaramasdan, tumanning yangi markazi ochilishiga bagʻishlangan tantanaga chor-atrofdan keluvchi odamlar safi uzilmaydi. Hammaning yuzida tabassum, ertangi kunga umid va ishonch kayfiyati mujassam. Tantanali marosim oldidan muqaddas dinimiz anʼanalariga koʻra, Qurʼon tilovat qilinib, faxriylar va keksalar fotihasi olindi. Shundan soʻng, kishilar qoʻlini koʻksiga qoʻyishib, jonajon Vatanimiz faxri boʻlgan Davlat gimni ijrosiga joʻr boʻlishdi.

—Muhtaram Prezidentimiz tomonidan keyingi ikki yilda Toshkent viloyatiga berilgan eʼtibor natijasida aholi turmush farovonligini yuksaltirish doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda, — deydi tantanali yigʻilishda soʻzga chiqqan, Toshkent viloyati hokimi, Xalq deputatlari viloyat kengashining rahbari Rustam Xolmatov. — Viloyat markazining Nurafshon shahriga koʻchirilishi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga xizmat koʻrsatuvchi muassasalarning yangi, zamonaviy binolari qurib foydalanishga topshirilishi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bevosita natijasidir. Chunki, bir paytlar poytaxtda boʻlgan viloyatning maʼmuriy-maishiy idoralari bevosita xalqqa yaqinlashtirildi, Viloyatimizning 3,5 millionlik aholisi bilan yonma-yon hududga koʻchirildi. Endi, odamlar turli soʻrovlar, talablar bilan Toshkentga qatnash mashaqqatidan qutildilar. Bu qulaylik, ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida juda-juda yaqqol sezilmoqda.

Oʻrta Chirchiq tuman markaziga asos solinishining bugungi tantanasi ham xalqqa xizmat qilishning naqadar ulugʻvorligining yana bir ifodasidir. Qarang, tuman markazi XXI-asrning naqadar koʻrkam shahriga aylanmoqda. Bularning barchasi kim uchun, albatta tuman aholisi — oddiy kishilar uchun bunyod etilmoqda.

—Viloyatning Quyi Chirchiq, Oqqoʻrgʻon, Yuqori Chirchiq, Boʻstonliq, Ohangaron, Yangiyoʻl kabi tuman va shaharlaridagi keyingi ikki yilda amalga oshirilgan bu kabi bunyodkorliklar zamirida inson omiliga eʼtibor, odamlar roziligiga erishishdek ezgu maqsadlar mujassamligi bilan ahamiyatlidir,-deydi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev. — Davlat xizmatlari sohasini mukammallashtirish, elektron xizmat koʻrsatishni rivojlantirish jarayonlarini chekka bir qishloqdagi bunday koʻrkam binoda mujassamlashgani kishini mamnun etadi.

Tuman hokimligining yangi binosi roʻparasida Davlat xizmatlari markazi, Bosh vazir qabulxonasi, Xalq qabulxonasi, tuman FHDYOsi, Xalq taʼlimi hamda Maktabgacha taʼlim boʻlimlarining joylashishi turli xil murojaatlar bilan kelgan kishilarni idorama-idora bosh suqish tashvishidan qutqazganligi bilan ahamiyatlidir.

—Yangi binomizda bir yoʻla 500 nafargacha fuqarolarga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga egamiz, — deydi tumani Davlat xizmatlari markazi direktori Sevara Hoshimova. — Joriy yilning oʻtgan 9 oyida aholiga 26 mingga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, shundan 23 858 tasi bevosita markazimiz orqali amalga oshirildi, Ikki ming nafarga yaqin fuqarolar davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali foydalandi. Ayniqsa, aholi tomonidan koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar-joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish, tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilishga) ruxsat berish, elektron raqamli imzo kalitini roʻyxatga olish va elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish, manzil-maʼlumot axborotlarini taqdim etish, elektr, gaz, suv tarmoqlariga ulanish kabi davlat xizmatlari boʻyicha murojaatlar koʻp boʻlmoqda. Albatta, yangi binoda bunday xizmatlar koʻrsatish koʻlami va madaniyati yana-da ortadi.

— Markaz binosining zamonaviyligi menga juda yoqdi, — deydi “Qorasuv” MFYda istiqomat qiluvchi Davron Otaqulov. — Mebel seximiz bor, oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanamiz. Biznesimizni kengaytirish maqsadida yangi bino qurilishiga ruxsat olish uchun kelgandim. Bu yerdagi sharoitlar taʼrifiga soʻz ojiz. Masʼul xodimlarning muomila madaniyati kishini mamnun etadi. Ayniqsa, koʻrsatilayotgan servis xizmatlari yuqori saviyada tashkil etilgan.

Darvoqe shunday, zamonaviy binoga ilk qadam qoʻygan kishi bunga ishonch hosil qiladi. Bu yerdagi elektron navbat olish xizmati mahalliy aholi uchun kutilmagan yangilik boʻldi.. Bulardan tashqari 31ta qabul oynasi, kutish zallari, tashrif buyuruvchilar vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun tashkil qilingan moʻjazgina kutubxona, yosh goʻdagi bilan kelgan onalarga xizmat koʻrsatuvchi bolalar maydonchasi, tamaddixona, adliya, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish tuman boʻlimi, faollar zali, investorlar uchun alohida xona, notarial xizmat va bank shoxobchasi, bularning barchasi xalqning roziligini olish uchun puxta oʻylab qilingan rejalar samarasidir.

Shodiyor MUTAHAROV,
(Xalq soʻzi)
Nozim ABDULLOH olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?