Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining majlisida bir qator qonunlar koʻrib chiqildi
Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”
Xususan, senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun mazmun-mohiyatiga alohida toʻxtaldi.
Taʼkidlanganidek, muhokama qilingan qonun bilan amaldagi qator normalar yangi tahrirdagi Bosh qomusimizga muvofiqlashtirilmoqda. Shuningdek, Qonun bilan tugatilgan, qayta tashkil etilgan va tashkiliy boʻysunuvi oʻzgargan davlat organlarining vakolatlari qaysi davlat organlariga oʻtkazilganligi aniqlashtirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq “Oʻztextreyd” DUK tuzilganligi sababli “Davlat boji toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Veterinariya toʻgʻrisida”gi va boshqa qator qonunlarga oʻzgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Qayd etilganidek, qonun agrar, suv hamda mudofaa sanoati sohalaridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarini aniqlashtirilishiga va yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, majlisda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi boshqaruvini takomillashtirish va suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Suv xoʻjaligi vaziri axborotini eshitildi.
Qayd etilganidek, Arnasoy suv omborini Janubiy Mirzachoʻl kanali orqali toʻyintiruvchi kanallarni rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 100,0 mlrd soʻm boʻlib, 2018-2023-yil 1-noyabr holatiga jami 81,4 mlrd soʻm (81.4 foiz) kapital mablagʻ oʻzlashtirilgan.
Mazkur loyiha doirasi 1 ta inshoot, 5 km toʻyintiruvchi kanal, 6 km kollektor drenajlari qurilgan va 8 ta gidrotexnik inshootda qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Loyiha toʻliq ishga tushirilgandan soʻng Aydarkoʻlga har yili noyabr-fevral oylarida 450-500 mln kub metr miqdorida qoʻshimcha suv berish imkoni yaratilishi belgilangan.
Yerlarni degradatsiyadan saqlash maqsadida jami 200 ga maydonda saksovul kabi butasimon oʻsimliklar ekilgan. Navoiy viloyati hududida 3 535 ga maydonda saksovulzorlarda tabiiy koʻpayish kuzatilgan.
Koʻllar tizimiga suv tashlovchi Markaziy Mirzachoʻl kollektorida “Aqlli suv” (Smart water) qurilmasi oʻrnatilib, suv hisobini yuritish avtomatlashtirilgan. Turizmni rivojlantirish boʻyicha jami 11 ta loyiha ishga tushirilib, ichki turizm obyektlari tomonidan 15,2 mlrd soʻmdan ziyod mablagʻ oʻzlashtirilgan.
“Aydarkoʻl”, “Tuzkon” va “Arnasoy” koʻllar tizimi va unga tutash hududlar Ramsar Konvensiyasining xalqaro suv-botqoq hududlari roʻyxatiga kiritilib, xalqaro ahamiyatga ega muhim ornitologik hudud (IBA) maqomi berilgan.
Taʼkidlanganidek, hududda 2023-yil davomida 503 ta reyd tadbiri oʻtkazilib, 244 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Huquqbuzarlarga nisbatan 373 mln soʻmdan ziyod jarima va 168 mln 300 ming soʻm tovon soʻmmalarini undirish choralari koʻrilgan.
Qayd etilganidek, amalga oshirilgan ijobiy ishlar qatorda kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan. 2023-yil noyabr holatiga koʻllar tizimidagi suv sathi 243,53 m absolyut balandlikni tashkil etib, bu – 2005-yildan 2023-yilgacha boʻlgan davrdagi eng past daraja hisoblanadi.
Bundan tashqari, 2022-yil oktyabrga nisbatan suv sathi 55 sm pasaygan. Tahlillarga koʻra Arnasoy suv omboridan pastki qismida suvning yillik oʻrtacha minerallashuvi 2023-yilda 12,1 g/l ni tashkil etgan.
Muhokamalar jarayonida koʻllar tizimining qisqa va uzoq muddatli istiqbolda suv hajmi va ekologik holatini modellashtirish, suvning yillik oʻrtacha tabiiy yoʻqotilishiga mos ravishda chuchuk suv bilan taʼminlash chorasini koʻrish, tutash hududlarida himoya oʻrmonzorlari barpo qilish, tabiiy va zamonaviy texnologiyalar asosida baliqlantirish choralarini koʻrish, daraxt va butalarni kesish, muhofaza zonalarini turli chiqindilar bilan ifloslantirish, noqonuniy baliq ovlash kabi holatlarga chek qoʻyish, hududni obodonlashtirish kabi masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
Majlis yakunida koʻrib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring